Sport hayotidan

“AGMK” restartni omadli boshladi

on . Posted in Sport hayotidan

Koronavirus pandemiyasi sababli vaqtincha to’xtatilgan futbol bo’yicha O’zbekiston birinchiligi oliy liga jamoalari o’tgan haftada restartni boshlab berishdi.

To’rtinchi tur doirasida Navoiyga safar qilgan hamshaharlarimiz noxush an’anaga barham berishni uddalashdi. “AGMK” jamoasi 11 yildan beri “Qizilqum” maydonida g’alaba qozona olmagan. Navoiyliklar boshqaruviga yangi murabbiy kelishi ham jamoani qutqara olmadi. Uchrashuvning 62-daqiqasida “AGMK” yarim himoyachisi Elguja Grigorashivili chiroyli tarzda gol kiritishga muvaffaq bo’ldi. Ushbu gol uchrashuvdagi yagona gol bo’lib qoldi. Mirjalol Qosimov shogirdlari o’tkazilgan to’rt turdan so’ng 2 ta g’alaba va shuncha durangga erishgan holda 8 ochko bilan turnir jadvalida to’rtinchi o’rinni egallab turibdi. Musobaqa karvonboshchiligini qo’lga olgan “Nasaf”da hozircha 10 ochko bor.  Jizzaxdagi alamli mag’lubiyat “Paxtakor”ni ikkinchi o’ringa tushirib yubordi. Sherlar hisobida to’qqiz ochko bor. Barchani hayratga solishda davom etayotgan yosh “Bunyodkor”chilar  “Qo’qon-1912” jamoasi ustidan qo’lga kiritilgan qiyin g’alabadan so’ng ochkolari sonini to’qqiztaga yetkazib oldi. Hamshaharlarimiz 20 iyun kuni o’z maydonida “Surxon” jamoasini qabul qiladi. 19 iyun kuni esa “Qo’qon-1912”-“Qizilqum” va “Paxtakor”-“Bunyodkor” uchrashuvlari bilan 5-turga start beriladi. Shu kuni omadsizliklar seriyasini boshdan o’tkazayotgan “Lokomotiv” “So’g’diyona”ni qabul qiladi. 21 iyun kuni bo’lib o’tadigan “Mash’al”-“Nasaf” uchrashuvi ham qizg’in kurashlar ostida o’tishi kutilmoqda.

Hasan ABDULLAYEV,

muxbir

 

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech