A- A A+

Tadbirlar

Tasavvurlar bolalar rang tasvirlarida

on .

Har bir insonning muqaddas vazifasi, aytish mumkinki, hayotining ma'nosi qobil farzandlar o’stirish, ularni ham jismoniy, ham ma'naviy jihatdan mukammal qilib tarbiyalash, ota-onasiga, Vataniga sadoqatli insonlar qilib voyaga yetkazishdan iborat.

Sog’lom avlod tarbiyasi mustaqilligimizning ilk yillaridanoq davlatimiz olib borayotgan siyosatining ustuvor yo’nalishi sifatida belgilanib, Davlat dasturlari tamoyili asosida bu ishlar yanada takomillashib borayotganini bugun har jabhada kuzatish mumkin. Jumladan, "Olmaliq KMK" AJ tasarrufidagi Maktabgacha ta'lim muassasalarida bu yo’lda amalga oshirilayotgan barcha ishlarning zamirida barkamol avlod orzusi mustahkam o’rin egallaydi.

Kuni-kecha kombinatning Chodak kon boshqarmasida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan boshqarma konchilari farzandlari o’rtasida "Sog’lom ona va bola" mavzusida rasmlar ko’rik-tanlovi keng tashkilotchilikda o’tkazildi. O’g’il-qizlarning ma'naviy dunyoqarashini o’stirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, sog’lom ona va bola tushunchalarini ular qalbiga chuqurroq singdirish va tasavvurlarini kengaytirish, o’z ota-onasiga bo’lgan hurmat-ehtirom, e'tibor, mehrni rasmlar orqali ifodalash maqsadida o’tkazilgan tanlovda 7 yoshdan 14 yoshgacha bo’lgan o’g’il-qizlar ishtirok etishdi. O’z tasavvurlarini rang tasvirlarda aks ettirgan bolajonlar iste'dodlari hakamlar hay'ati tomonidan baholab borilib, tadbir so’nggida uning g’oliblari aniqlandi. Barcha tengdoshlaridan o’zining mazmunan boy rasmlari bilan ajralib turgan Diyorjon Yoqubjonov birinchi o’ringa loyiq topilgan bo’lsa, Xushnura Abduvalieva ikkinchi o’rin, Tohirjon Yoqubjonov uchinchi o’rin g’olibligiga sazovor bo’lishdi. Tanlov g’oliblari kombinat Kasaba uyushmalari Kengashining Faxriy yorliqlari va esdalik sovg’alari bilan taqdirlanishdi.

A.KENJAEV,

Chodak KB kasaba uyushmasi qo’mitasi raisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech