A- A A+

Tadbirlar

Maqsadlari mushtarak yoshlar festivali

on .

Kuni  kecha shahrimiz Olmaliqda Vatanimiz mustaqilligining 25 yilligiga bag’ishlab "Biz buyuk yurt farzandlarimiz!" shiori ostida Toshkent viloyati yoshlari festivali o’tkazildi.

O’zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari, Oliy va o’rta maxsus ta'lim, Xalq ta'limi vazirliklari, "Kamolot" YoIH va viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda taniqli adiblar, olimlar, san'at namoyandalari, sportchilar, yoshlar ishtirok etdi.

Yoshlar festivali avvalida so’zga chiqqan Toshkent viloyati hokimi Sodiq Abdullaev hamda "Kamolot" YoIH viloyat kengashi raisi M.Rajabboevlar Prezidentimiz rahnamoligida navqiron avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish, iste'dodini namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratishga alohida e'tibor qaratilayotganini va  Prezidentimizning 2014 yil 6 fevraldagi "O’zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida"gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim dasturilamal bo’layotganini ta'kidladi.

Ushbu qarorda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etilgan festivalning nufuzi yildan-yilga oshib borayotgani, uch kun davom etgan bayramona shukuh ishtirokchilar kayfiyati hamda viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi ta'lim muassasalari, mahallalar, madaniyat va istirohat bog’lari, aholi dam olish maskanlarida hukmron bo’lgani hamda festival doirasida "Bu - mening Vatanim!", "Hokim va yoshlar", "Zamonamiz qahramonlari", "Deputat va yoshlar", "Odam savdosi - davr muammosi", "Biz – sog’lom turmush tarzi tarafdorimiz!", "Hech kim mehr va e'tibordan chetda qolmasin!", "Vatan taraqqiyotiga mening hissam" kabi 20 ga yaqin loyiha amalga oshirilganini aytib o’tishdi.

Xususan, har bir loyiha o’zgacha tantanaga aylanib ketgani ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. "Nuroniylar e'zozimizda" hamda "Hech kim mehr va e'tibordan chetda qolmasin!" loyihalari doirasida urush va mehnat fronti faxriylari, yolg’iz keksalar xonadonlariga, Mehribonlik uylariga bayram shukuhi kirib bordi. Bugungi dorilomon kunlar, istiqlol bergan imkoniyatlar haq ida dildan suhbatlar bo’ldi.

O’zbekiston qahramonlari, deputatlar, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari, turli sohalarda xalqaro miqyosda yuqori natijalarga erishgan yoshlar bilan uchrashuvlar "Deputat va yoshlar", "Zamonamiz qahramonlari" loyihalarida amalga oshirildi.

Ta'lim muassasalari va madaniyat saroylarida "Ommaviy madaniyat va yoshlar ma'naviyati", "Biz - terrorizm va diniy ekstremizmga qarshimiz" loyihalari doirasida yoshlarning bu illatlar xususidagi teran fikrlari tinglandi. Mavzuga doir savollarga mutaxassislar javob qaytardi.

"Ajal jodusi", "Baron" filmlari namo-yish etilgani yoshlarni giyohvandlik, odam savdosi va diniy ekstremizmning ayanchli oqibatlari haqida yana bir bor mulohaza yuritishga undadi.

Shu kun Festival yakunlariga bag’ishlab tashkillashtirilgan "Mustaqillik farzandlari" deb nom olgan gala-konsert osuda yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va farovonlikning yana bir namoyishi bo’lib, barchaga xushkayfiyat ulashdi.

Yurtimiz bo’ylab keng miqyosda o’tkazilgan festival chin ma'noda yoshlarni Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligiga xizmat qilishdek mushtarak maqsad yo’lida yanada jipslashtirdi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech