A- A A+

Tadbirlar

"Biz 25 yoshdamiz"

on .

"Olmaliq KMK" AJda mahalliylashtirish dasturining asosiy ijrochisi hisoblangan Markaziy ta'mirlash mexanika zavodi mustaqilligimizning 25 yilligini ishlab chiqarishdagi yuqori ko’rsatkichlari hamda o’ziga xos mehnat yutuqlari bilan kutib olmoqda.

Ma'lumki mazkur korxona tashkil topgan ilk kundan boshlab kombinat korxonalari uchun butlovchi va ehtiyot qismlarni tayyorlab, uskuna va jihozlarning rejali-ogohlantiruv ta'mirlash ishlarini bajarib keladi. So’nggi yillarda MTMZ mutaxassislarining yangi texnologiyalarni tadbiq etish, ta'mir ishlarining yangicha usullarini qo’llash va eng muhimi, ishlab chiqarishda sifat ko’rsatkichlarini yuksaltirish borasida amalga oshirayotgan ishlari o’z mevasini berayotgani quvonarli holdir. Ayniqsa, zavod yosh mutaxassislari ishtirokida rasionalizatorlik va ixtirochilik, progressiv texnologiyalar hamda jihozlardan mukammal tarzda foydalanish uslublarini joriy etish masalalariga alohida e'tibor qaratilayotgani va bu o’z navbatida butun kombinatning umumyutuqlariga ijobiy ta'sirini ko’rsatayotgani diqqatga molik voqeylik bo’lmoqda. Mahalliy xom-ashyolardan korxonalar zaruriy ehtiyot va butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni yo’lga qo’yib, o’ziga xos iste'dod maktabini yaratib kelayotgan iqtidorli, izlanuvchan zavod yoshlarining yangidan-yangi maqsadli loyhalarni hayotga tadbiq etishda davom etib kelayotgani korxonaning ertangi istiqbolidan dalolatdir. Bu haqda zavodda mustaqilligimizning 25 yilligiga bag’ishlab 28 iyun kuni o’tkazilgan davra suhbatida ham alohida to’xtalib o’tildi. Tadbirda korxona ravnaqi yo’lida chorak asrdan ziyod xizmat qilib kelayotgan malakali mutaxassislar hamda mustaqillik tengdoshlari bo’lgan yosh ishchi-xodimlar ishtirok etib, videorolik namoyishi bilan boshlangan "Go’zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O’zbekistonim!" shiori ostidagi "Biz 25 yoshdamiz" deya nomlangan davra suhbatida zavodning ishlab chiqarish ilg’orlari korxona kelajagi bo’lgan yosh mutaxassislarga hayotiy tajribalaridan kelib chiqqan holda maslahat va tavsiyalarini bildirib o’tishdi.

Bir so’z bilan aytganda, kombinatning iqtisodiy jihatdan rivojlanishi, shuningdek O’zbekistonimizning gullab-yashnashiga o’zining ulkan hissasini qo’shib kelayotgan MTMZda istiqlolimizning 25 yillik shodiyonalarini ko’tarinki kayfiyatda kutib olishga qaratilgan harakatlar: ma'naviyat soatlari, uchrashuvlar, konsert dasturlari, turli xil sport musobaqalari, mehnatdagi yutuqlar estafetasi kabi madaniy-ma'rifiy tadbirlar bilan davom etmoqda.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech