Tadbirlar

"Xumo"ning "Mustaqillik kubogi"

on .

Mamlakatimiz davlat mustaqilligining 25 yilligiga bag'ishlangan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati korxona va sexlari hamda shahar tashkilot va muassasalari rahbar xodimlariaro o'tkazilgan mini-futbol turniri o'z yakuniga yetdi.

Dastlab, uchinchi o'rin sohibini aniqlab berish uchun Avtomobil transporti boshqarmasining "Avtomobilist" va shahrimiz kimyogarlarining" Ammofos" jamoalari  maydonga tushishdi. Doimo sovrindorlar qatorida turib maydonga tushadigan kimyogarlar bu gal jiddiy raqibga duch kelishdi.

Dastlab hisobda oldinga chiqib olishgan kombinat avtotransportchilariga muhim o'yinlarda tajribaga ega emasliklari pand berdi. Ushbu uchrashuvda 3:1 hisobida mag'lubiyatga uchrashgan bo'lishsada, "Avtomobilist" jamoasi muxlislarda  yaxshi taassurot qoldirdi. Bu jamoa  yaqin yillarda o'z so'zini aytishi shubhasiz.

Bu yilgi final ishtirokchisi Chodak kon boshqarmasi "Xumo" jamoasining havaskor charm to'p ustalari o'tgan yili 3-o'rin bilan kifoyalanib, kelgusida faqat chempionlik uchun kurashishlarini ma'lum qilishgandi. Intilganga esa doim tole' yor!

"Ta'minotchi" jamoasini ham bu yilgi turnirning kashfiyoti sifatida ko'rsatish mumkin. Ta'minotchilar chorak final sobiq chempioni "Metallurg" jamoasini musobaqadan chiqarib yuborishni uddaladi. Yarim finalda esa tartibli va hujumkor o'yin ko'rsatuvchi "Ammofos" jamoasi ustidan irodali g'alabani qo'lga kiritishdi. Final uchrashuvida esa "Ta'minotchi"dan biroz omad yuz o'girdi, xolos. Hisobda oldinda borayotgan ta'minotchilar uchrashuv yakunlanishiga sanoqli daqiqalar qolganida o'z darvozalaridan to'p o'tkazib yuborishdi. Penaltilar seriyasida esa "Ta'minotchi" tomonidan yo'llangan kuchli va aniq zarbalarga darvoza to'sini nishon bo'ldi. Penaltilar seriyasi lotoreyasida omadli bo'lgan "Xumo" "Mustaqillik kubogi" turnirining g'olibiga aylandi.

Tadbir yakunida turnir tashkilotchilari OKMK rahbariyati va Kasaba uyushmasi kengashi tomonidan tantanali ravishda taqdirlanishdi. Shuningdek, joriy yilgi bahslarda "Eng yaxshi himoyachi" nominasiyasida Chodak KB jamoasi a'zosi Xolmirza Sultonmurodov g'olib deb topilgan bo'lsa, "Eng yaxshi hujumchi" sifatida "Ta'minot" jamoasining iqtidorli hujumchisi Nosir Abdurahmanov e'tirof etildi. "Eng yaxshi darvozabon" nominasiyasi uchun ta'sis etilgan sovringa "Ammofos" jamoasi posboni  Abduvahob Halilov munosib ko'rildi. "Avtomobilist" jamoasining bu yilgi o'yinlariga yangicha joziba olib kira olgan ATB boshlig'i o'rinbosari Ismoil Saidqodirov tomoshabinlar olqishiga sazovor bo'lgan o'yinchi, deb topildi. Kombinat mundiali  o'z jozibasi bo'yicha Yevro-2016 bahslaridan ham serjilolik kasb etdi. Jahonning gran terma jamoalariga xos futbol formalarida jamoalarning maydonga tushishi, ayniqsa aynan sovrinli o'rinlar uchun maydonga tushgan jamoalarning O'zbekiston milliy terma jamoasi futbol liboslarida maydonga tushishlari muxlislarda iftixor tuyg'usini uyg'otdi.

Davlatimiz gerbi timsoli bo'lgan afsonaviy xumo qushining nomi bilan ataluvchi jamoamizning mustaqillik kubogini boshi uzra ko'tarishida bir olam ma'no mujassam. O'tkazilgan 44 ta uchrashuvlarning ishtirokchilari bo'lgan jamoa a'zolari millionlar o'yiniga yana ham yaqin oshno bo'lish bilan birga, sog'lom turmush-tarzining targ'ibotchilariga aylanishdi.

Hayajonli va zavqli onlarga guvoh bo'lgan muxlislar esa istiqlolimizning muborak shodiyonasini tinchlik va xotirjamlikda kutib olayotgan fusunkor yurtimizga va bag'ri keng elimizga futbol bayramlari kabi mana shunday zavqli ayyomlar yarashishiga yana bir bor iymon keltirdilar.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech