A- A A+

Tadbirlar

Intellektual g'oyalar ishlab chiqarishga

on .

O'zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federasiyasi, "Kamolot" YoIH, O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O'zbekiston Fanlar Akademiyasi, Oliy va o'rta maxsus kasb-hunar ta'limi vazirligi va O'zbekiston fermerlar kengashining qo'shma qarori asosida o'tkazilayotgan "Yosh mutaxassislar" respublika forumi doirasida tashkil etilgan "Yilning eng faol yosh mutaxassisi" tanlovining kombinat miqyosidagi final bosqichi 2 avgust kuni "Metallurg" MSda bo'lib o'tdi.

Kombinat korxona va sexlarida mehnat qilib kelayotgan sakkiz nafar yosh mutaxassislar bir-biridan mukammal va qat'iy mezonlarga asoslangan loyihalarini nufuzli hakamlar hay'atiga taqdim etishdi.

"MISiS" milliy tadqiqot texnologiya universitetini yakunlab, Rux zavodida elektrolizchi sifatida mehnat faoliyatini boshlagan Baxtiyor Tojimurodovning ish stajiga hali to'liq ikki yil to'lmagan bo'lsada, u o'z faoliyatidan kelib chiqqan holda "Toza tarkibli katodli rux olish" loyihasini sharhlar ekan, mazkur yo'nalishda to'plangan tajriba, loyihaning samaradorligi, afzalliklari, qo'llanilishi taklif etilayotgan qo'rg'oshin-kumushli anodning ustunliklariga alohida baho berib o'tdi.

MTMZ Texnik bo'limi texnik konstruktori Otabek G'ulomov ham Moskvadagi "MISiS" milliy tadqiqot texnologik universitetida tahsil olgan. Otabek energiya manbalarini iqtisod qilish yo'nalishida dastlabki izlanishlarni olib borgan holda Markaziy ta'mirlash mexanika zavodida Fotoelektr stansiyasi ishini yo'lga qo'yish va uning natijasida qo'lga kiritiladigan tejamkorlik ko'rsatkichlarini aniq raqamlarga tayanib asoslab berdi.

Kombinat bosh ta'mir korxonasining yana bir iqtidorli yosh mutaxassisi Rustamjon Parpiev "Motor-o'zak podshipnigini tayyorlash texnologiyasi" loyihasi bilan qatnashar ekan, ushbu ehtiyot qismni tayyorlashdagi avvalgi texnologiyalar va taklif etilayotgan takomillashtirilgan texnologiya o'rtasidagi tafovutlar va yakunida qo'lga kiritiladigan iqtisodiy samaraga keng to'xtaldi. Uning hisoblarida barcha iqtisodiy ko'rsatkichlar inobatga olingani diqqatga molikdir.

Quyish sexi qoliplovchisi Sardor Jo'raevning "Xlorli kuydirish bilan sulfidli mis konsentratini qayta ishlash imkoniyatlarini tatbiq etish" loyihasida taklif etilayotgan kuydirish uchun optimal o'lchovlar, yangi tayyor mahsulot olish texnologiyasining g'oyasi ham o'zining sermazmunligi va asosli jihatlari bilan ajralib turdi.

Mis eritish zavodi Havo taqsimlash sexi apparatchisi Mirzamurod Jo'raev kombinat bosh metallurgiya korxonasining eng faol va iste'dodli yosh mutaxassislaridan biri. Korxona  Mehnat muhofazasining yetakchi jamoatchi vakili sifatida ham u,  uskunalar ish samaradorligini oshirish ishlarini xavfsiz amalga oshirish borasida qimmatli takliflarni kiritib keladi. Yosh metallurg tomonidan K15 №3 havo taqsimlash bloki uchun yangi xom-ashyoni qo'llash borasidagi loyihasi ayniqsa, qizg'in muhokamalar ostida o'tdi.

Temiryo'lchilar sulolasining davomchisi bo'lgan Akmal Abdurashidov 3-temiryo'l sexining teplovozlar ta'miri bo'yicha eng umidli yosh muhandis-texnik xodimlaridan. Toshkent temiryo'l muhandislari institutida tahsil olgan bu yosh mutaxassis "Qishki mavsumda  teplovozlar  dizel yonilg'ilarini isitish inshootini bunyod etish" deb nomlanuvchi loyihasini taqdim etdi. Ma'lumki, teplovozlarni ekspluatasiya qilish yo'riqnomasiga asosan, yilning sovuq mavsumida havo harorati  +5° S gacha tushib ketganida, tizimlarda suv muzlashiga yo'l qo'ymaslik maqsadida teplovozlar dizellari qo'shimcha ravishda isitilib berilishi kerak. Bu vazifa ayni kunlarda "Svinsovaya" stansiyasining 2- va 11-yo'llarida amalga oshirilib, bu ishlar uchun ko'p miqdorda energiya manbalari sarflanmoqda. So'nggi besh yil ichida bu maqsadlar uchun sarflangan mablag'larni umumlashtirgan holda yangi loyihani asoslar ekan Akmal Abdurashidov, yil davomida o'rtacha 54400 litrga yaqin dizel yonilg'isi tejalishi va lokomotiv brigadalar uchun bir qator afzalliklar yaratilishini asoslab bera oldi.

 Kombinatning serg'ayrat yosh mutaxassislaridan biri bo'lgan Sarvar  Abdujalilov ayni kunlarda Kovuldi koni  Mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo'limining muhandisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. S.Abdujalilov "Tozalash kon lahmi shipi va poyini qazib olishning afzalliklari va kamchiliklari" loyihasida kon lahmining shipini qazib olishdagi ijobiy ko'rsatkichlarni yanada yaxshilash va keng joriy etish, yonilg'i-moylash materiallari, portlatish vositalari, elektr energiyasi va ishchi kuchini iqtisod qilish masalalarini alohida tadqiqot qilishga muvaffaq bo'ldi.

MTMZ Avtomobillar va maxsus texnikalarni ta'mirlash sexi ustasi Akmal To'laganovning kombinat karerlaridagi asosiy texnologik transport vositasi hisoblangan BelAZ 75131 o'zi ag'daruvchi avtotransport vositalari ort ko'prigi karteriga o'rnatiluvchi proushina ehtiyot qismi ta'miri, uni o'rnatish va ekspluatasion muddatlarini oshirishni o'z ichiga olgan loyihasi ham qizg'in muhokama qilindi. Kombinatning yosh mutaxassislari  o'z ishlarini bir-biridan sermazmun slaydlar orqali namoyish etibgina qolmay, o'z loyihalariga ilmiy-texnologik nuqtai nazardan yondoshishganini ko'rsatib berishdi.

"Yilning eng faol yosh mutaxassisi" respublika tanlovini o'tkazish to'g'risidagi nizomga asosan, tanlov g'oliblarini aniqlashda nufuzli hakamlar hay'ati bir qator mezonlarga tayangan holda, g'olib va sovrindorlarni belgilab olishdi. MTMZ zavodining yosh mutaxassisi Rustam Parpiev tanlovning uchinchi o'rin sohibi sifatida e'tirof etildi. Kovuldi koni MM va XT bo'limi muhandisi Sarvar Abdujalilov tomonidan kiritilgan konchilik ishiga doir loyiha ikkinchi o'ringa munosib ko'rildi. Kombinat bosh metallurgiya korxonasi sharafini himoya qilgan Mirzamurod Jo'raev "Yilning eng faol yosh mutaxassisi" deb topildi. Tanlov g'oliblari kombinat Kasaba uyushmasi Kengashining faxriy yorliqlari va pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.

Mirzamurod Jo'raev sentyabr oyida o'tkaziladigan respublika yosh mutaxassislar forumida kombinat sharafini himoya qiladi. Unga omad yor bo'lsin!

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech