http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Tadbirlar

Chempionlar yoshlar bilan uchrashdi

on .

Xalqaro nogironlarni himoya qilish kuni munosabati bilan shahrimizdagi 80-son ixtisoslashtirilgan maktab-internatida xayriya madaniy-ma’rifiy tadbiri o’tkazildi.

Tadbirda “Olmaliq KMK” AJ rahbariyati, Kasaba uyushmasi Kengashi, Yoshlar ittifoqi faollari, shahar Yoshlar ittifoqi hamda “AGMK” futbol klubining bir guruh charm to’p ustalari ishtirok etishdi.

Tadbirni ochar ekan kombinat boshqaruvi raisining ijtimoiy masalalar bo’yicha o’rinbosari Ulug’bek Fayazov, mamlakatimizda nogironligi bo’lgan shaxslarga jamiyatning teng huquqli vakili sifatida munosabat bilan yondoshilayotgani, buning natijasida paraolimpiada musobaqalari, xalqaro tadbirlarda nogironlar  olamshumul natijalarni qo’lga kiritib kelayotganini mamnuniyat bilan bildirdi.  Maktab-internati o’quvchilaridan iborat mini-futbol jamoasi bir necha yillardan beri mamlakat birinchiligida munosib ishtirok etib keladi. O’tgan yili jamoa bronza medali bilan kifoyalangan bo’lsa, bu yilgi birinchilikda Komiljon Qo’ziev shogirdlari O’zbekiston chempionligini qo’lga kiritdi. Professional futbolchilar, maktab-internati tarbiyalanuvchilari va mehmonlarning gulduros olqishlari ostida g’oliblarga  chempionlik medallari va Faxriy yorliqlar topshirildi. “Metallurg” madaniyat saroyi ijodiy jamoalari tomonidan taqdim etilgan rango-rang konsert dasturi ham tadbirga o’zgacha fayz kiritdi. “AGMK” futbol klubi matbuot kotibi Baxtiyor Shirinov, jamoa himoyachisi Vladislav Kasminin va yarim himoyachi Zohir Pirimovlar o’quvchilarning qiziqtirgan savollariga javob berib o’tishdi. Maktab-internati sport bazasini mustahkamlash yuzasidan bildirilgan takliflar tadbir mehmonlari tomonidan ma’qullandi. So’ngra, maktab-internatining mo’jaz sport zalida “AGMK” va O’zbekiston chempioni 80-maktab o’quvchilari o’rtasida mini-futbol bo’yicha uchrashuv o’tkazildi. Qizg’in o’tgan bellashuvda ixtisoslashgan maktab-internati jamoasi g’alaba qozondi. Uchrashuv so’nggida tadbir mehmonlari o’quvchi yoshlarga sport anjomlarini tuhfa etishdi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech