http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Tadbirlar

Kombinatning eng yaxshi kran mashinisti

on .

Zamonaviy sanoat korxonalari, ishlab chiqarishlarni yuk ko’tarish kran va mexanizmlarisiz tasavvur qilish qiyin. Ko’prikli, yoyli, minorali, portal, temir yo’l kranlarining qo’llanishi keng ommalashgan.

Qo’sh ko’prikda harakatlanuvchi aravaga yuk ko’tarish qismi biriktirilgan ko’prikli va minorali kranlarni “Olmaliq KMK” AJ korxonalarida ko’plab uchratish mumkin. Yuk ko’tarish quvvati 1 tonnadan yuzlab tonnalargacha bo’lgan kranlar ishlab chiqarish jarayonlarida beminnat dastyor hisoblanadi. Mamlakatimizdagi eng yuqori quvvatli kranlardan biri, asosiy ilgagi 250,  qo’shimcha ilgagi 30 tonnani tashkil etgan ko’prikli elektrlashtirilgan kran 1959 yilda Mis boyitish fabrikasining Maydalash va flotatsiyalash sexida  foydalanishga topshirilgan. Mazkur murakkab texnikalarni boshqarish topshirilgan kran  mashinistlari kranning barcha mexanizmlari, alohida elementlarini va barcha apparatlarning tuzilishi hamda mo’ljallanishini bilishi, kran mexanizmlarini boshqarish va ularga xizmat ko’rsatish bilan bog’liq ko’nikmalarga ega bo’lishi, yuklovchilar bilan o’zaro signallar almashinish tartiblarini o’zlashtirgan bo’lishi, kanat, ilgak, ortish moslamalari va idishlarining yaroqliligini aniqlashni, yuklarni ortish va xavfsiz harakatlantirish usullarini, po’lat arqonlarni yaroqsizlikka chiqarish normalarini bilishi shart. Bir so’z bilan aytganda, kran mashinisti yuk ko’tarish kranlari, ularning mo’ljallanishi, ekspluatatsiya qilinishi qoidalarini bajarib borish bilan birga yuklar, yuklovchilar va yaqin atrofda ishlovchilar, ish radiusida faoliyat yuritayotgan inshootlar, uskuna va jihozlarning xavfsizligi uchun mas’ul javobgar shaxs hamdir.

Yuqoridagi muhim jihatlar e’tiborga olingan holda hamda ilg’or ish tajriba va ko’nikmalarini ommalashtirish maqsadida “OKMKning eng yaxshi kran mashinisti” ko’rik-tanlovi o’tkazildi. Tanlovning “Amaliy ishlar” deb nomlanuvchi birinchi bosqichida kran mashinistlarining mahoratlari Avtomobil transporti boshqarmasi texnik bazasida imtihon qilindi. Har bir ishtirokchining ishlarni boshlashdan oldingi talablarni, berilgan topshiriqlarni bajarishi, yuk ko’tarish mashinalarini boshqarish mahoratlari, kranlarga texnik, ta’mir va ekspluatatsion xizmatlar ko’rsatish uslublarini qanchalik puxta o’zlashtirishgani qat’iy shartlar asosida tekshirildi. OKMK boshqaruv apparati Bosh mexanik bo’limi YuKM yetakchi muhandisi Fayzulla Hatamov, Sanoat xavfsizligi va mehnat muhofazasi bo’limining YuKM nazorat qilib borish bo’yicha muhandisi Abdujalil O’rinqulov va Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi Kran xo’jaligi mexanigi Fayzulla Abduqodirovlardan iborat hakamlar hay’ati har bir kran mashinistining hatti-harakatlarini baholab borishdi.

MBF sharafini himoya qilgan Shahzod Azizov, STTB xodimasi Salima Jo’raeva, ATBning kran mashinistlari Gulnora Abdurasulova va Nigora Almatovalar tanlovning birinchi bosqichida yuqori natijalarni qayd etishga muvaffaq bo’lishdi.  Tanlovning nazariy bilimlar bosqichi axborot kommunikatsiya vositalarida dasturlashtirilgan test sinovlarini yechish va sohaga doir savollarga javob berish asosida o’tkazildi. Kombinat bosh metallurgiya korxonasi - MEZ kran mashinistlari Dilnoza Nazarova va Shohista Topilovalar bu bosqichga jiddiy tayyorlanishganini ko’rsata olishdi. 2-MBF xodimasi Svetlana Plyush, IEM vakilasi Mahfuza Jo’raeva, STTB ishchisi Go’zal Eshboevalar hamkasb dugonalar o’rtasida yetarlicha nazariy bilimlar sohibi ekanliklarini amalda isbotlay oldilar. Har ikki bosqichda jamlangan ballar umumlashtirilgan holda ko’rik-tanlov g’oliblari aniqlandi. MTMZ kran mashinisti Yulduz Do’smatova uchinchi o’rin sohibasi sifatida e’tirof etildi. Sanoat temir yo’l transporti boshqarmasi kran-mashinisti Salima Jo’raeva ikkinchi o’ringa munosib ko’rildi. Texnologik va xo’jalik yuklarini tashish, temir yo’l transporti vositalari va mexanizmlarini ta’mirlash ishlarida ko’p yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan STTBning kran mashinisti Tatyana Chichevich “Kombinatning eng yaxshi kran mashinisti” tanlovi g’olibligini qo’lga kiritdi. Tanlov g’olib va sovrindorlari kombinat Kasaba uyushmasi Kengashining esdalik sovg’alari va diplomlari bilan taqdirlanishdi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech