Tadbirlar

“Shu aziz Vatan barchamizniki!”

on .

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialida O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligiga bag’ishlangan “Shu aziz Vatan barchamizniki” deb nomlangan bayram tadbiri bo’lib o’tdi. Shu munosabat bilan filial hovlisiga professor-o’qituvchilar, talaba-yoshlar, jamoatchilik vakillari jam bo’ldi.

O’zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Tantanali marosimni filial direktori Alisher Samadov ochdi.

- Dunyoda turli tajovuzkor, yovuz kuchlarning tinchlikka, barqarorlikka tahdid solib turgan bugungi tahlikali davrda mamlakatimiz o’z sarhadlarini har qanday qora niyatli kuchlardan himoya qila oladigan qudratli harbiy mudofaa qobiliyatiga egadir. O’z Ona Vatanimizga, xalqimizga sodiq bo’lib, yurtimiz tinchligi va obodligi yo’lida amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirok etaylik. Zero, Vatan va tinchlik hayotimizning haqiqiy mazmuni, gultoji ekanligini unutmasligimiz darkor. Bu kabi tadbirlar esa talaba-yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, sadoqat tuyg’ularini yanada yuksaltirib boradi, - deydi oliygoh direktori Alisher Samadov.

Tadbirning badiiy qismidagi Tursunali Ermatovning Vatanparvarlik ruhi, tinchlik va ezgulik tarannum etilgan kuy-qo’shiqlari yoshlarda katta taassurot qoldirgan bo’lsa, tinchlikning bebaho ne’mat ekanligi hamda ogohlikni o’zida aks ettirgan sahna ko’rinishi yig’ilganlar diqqatini tortdi.

Tantanali marosim mobaynida yosh avlodni vatanparvar, fidoyi va yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashda sidqidildan mehnat qilib kelayotgan bir guruh professor-o’qituvchilardan - o’quv va ilmiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari Doniyor Xoliqulov, Energetika va mashinasozlik fakulteti o’quv ishlari bo’yicha dekan o’rinbosari Murat Shamayev, umumkasbiy va iqtisodiy fanlar kafedrasi mudiri To’lqin Odilov, kimyoviy texnologiya kafedrasi mudiri Ne’matullo Mamatqulov, elektrotexnika va elektromexanika kafedrasi katta o’qituvchisi G’ulomjon Muratov, umumkasbiy va iqtisodiy fanlar kafedrasi katta o’qituvchisi Madraim Sariqulovlar filial rahbariyati hamda kasaba uyushmasining qimmatbaho esdalik sovg’alari bilan taqdirlanishdi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech