http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Tadbirlar

Kombinatdan minnatdormiz

on .

Yirik sanoat korxonasi bo’lgan “Olmaliq KMK” AJda mehnat qilayotgan har bir ishchi-xodimning manfaatlari har doim birinchi galdagi vazifa sifatida qaralib kelingan.

Ayniqsa, ishchilarni ijtimoiy qo’llab-quvvatlash maqsadida kartoshka, piyoz kabi qishloq xo’jaligi mahsulotlari ham kombinat mehnatkashlariga muntazam ravishda  tarqatib kelinmoqda. Kuni-kecha kombinat rahbariyati tashabbusi bilan yana bir muhim oziq-ovqat mahsuloti bo’lgan tuxum arzon narxlarda ishchi-xodimlarga tarqatilishi bo’yicha sa’yi-harakatlar  boshlab yuborildi. Iste’mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasi tasarrufida o’z faoliyatini boshlagan parrandachilik fermasida yetishtirilayotgan tuxumlar endilikda kombinat ishchi-xodimlariga bozordagidan arzon narxlarda taklif etilmoqda. Bu haqda IMICHB savdo byurosi boshlig’i Abdumannon Fayziyev batafsil ma’lumot beradi.

- “Olmaliq KMK” AJ rahbariyati tashabbusi bilan kombinatda mehnat qilayotgan har bir ishchi-xodimning talab va ehtiyojidan kelib chiqqan holda o’zimizning parrandachilik fermamizda yetishtirilgan tuxum fevral oyining boshidan kombinat korxonalari ishchilariga ro’yxat asosida tarqatilmoqda. Ishchi-xodimlarga bir qator qulayliklar yaratish maqsadida har bir korxonaning qancha tuxum olishi bo’yicha talabnomasiga ko’ra har bir korxonaga tuxumni o’zimiz yetkazib berayapmiz. Marhamat, agar tuxum olish niyatida bo’lganlar, bizga murojaat qilishsin, yetkazib berishga tayyormiz. Shuningdek, ushbu tuxumlar ishchi-xodimning xohishiga ko’ra, oylik maoshidan ushlab qolinishi evaziga sotilayotganini ham alohida ta’kidlash joiz. Yaqinda internet tarmoqlarida sun’iy tuxumlar paydo bo’lgani, hatto ushbu tuxumlar yurtimizga ham kirib kelgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Biz yetishtirib berayotgan tuxum esa ekologik toza va tabiiy. Ishchi-xodimlarni moddiy qo’llab-quvvatlash maqsadida kombinat boshqaruvi raisining buyrug’i asosida yana piyoz ham tarqatayapmiz. Har bir ishchi-xodimga o’zimizning saqlash omborimizda saqlangan sifatli piyoz tarqatilmoqda. 26 fevral holatiga kombinatning 50% korxonalariga ushbu qishloq xo’jaligi mahsuloti yetkazib berildi. Yana bir yangilik. Yaqin kunlarda “Oydin” dehqon bozorida 4ta savdo do’konini ishga tushiramiz. Mazur savdo do’konlarida IMICHBda yetishtirilayotgan barcha turdagi oziq-ovqat mahsulotlari iste’molchilarga yetkazib beriladi.

Darhaqiqat, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyati va kasaba uyushmasi qo’mitasi tomonidan qaratilayotgan e’tibor va g’amxo’rlikdan mamnun bo’lgan kombinat ishchi-xodimlarining fikrlariga quloq tutamiz.

Natalya Yusupova, “Qalmoqqir” Kon boshqarmasi uchastka geologi: - Qayerdaki ishchilarning mehnati ulug’lansa, u yerda ish unumdorligi yuqori bo’lishi shubhasiz. Ko’p ming kishilik mehnat jamoasi bo’lgan kombinatimizda ham har bir ishchining qadri balandligi sir emas. Har yili ajratiladigan qishloq xo’jaligi mahsulotlari ham rahbariyatning ishchi-xodimlarga bo’lgan e’tibor va g’amxo’rligidan dalolat. Yaqinda esa kundalik turmushimizda ko’p ishlatiladigan oziq-ovqat mahsuloti bo’lgan tuxumning bozordan arzon narxda kombinat tomonidan biz ishchilarga tarqatilayotgani bizni quvontirdi. Ayniqsa, biz kabi oshxona bekalari uchun bu ayni muddao bo’ldi. Fursatdan foydalanib, biz ishchilarga bir qator imtiyoz yaratayotgan, e’tibor va g’amxo’rlik ko’rsatayotgan kombinat rahbariyatiga o’z minnatdorchiligimni bildirib qolaman.

Zanif Gumerov, Sanoat temiryo’l transporti boshqarmasi, 3-temiryo’l sexi chilangari: - Munosib ish sharoiti, mehnatingga yarasha ish haqi, bir qator imtiyozlar, ahil jamoa, e’tibor va g’amxo’rlik. Bularning barchasi 31 yildan buyon mehnat qilib kelayotgan, deyarli o’z oilamdek bo’lib qolgan kombinatimizda mujassam. To’g’rida, men kabi oddiy ishchiga bundan ortiq yana nima kerak? Birgina har yili kombinat rahbariyati tomonidan ajratib kelinayotgan qishloq-xo’jaligi mahsulotlarini olaylik. O’tgan yili kombinat rahbariyati  tomonidan ajratilgan piyoz, kartoshka kabi poliz ekinlari hamda olma mevasining tarqatilishi dasturxonimiz to’kinligini ta’minladi. Fursatdan foydalangan holda biz ishchilarni manfaatini ko’zlab ish olib borayotgan kombinatimiz rahbariyatiga o’z tashakkurimni bildirib qolaman.

Bekpo’lat Toshpo’latov, Mis boyitish fabrikasi ishchisi: - Menimcha, respublikamizdagi hech bir ishlab chiqarish korxonasida mehnatkash mehnatini qadrlash, uning ijtimoiy himoyasiga e’tibor qaratish bizning kombinatimizdagichalik yuqori sur’atda tashkil etilgan bo’lmasa kerak. Yangi yil oldidan dasturxonimizni sifatli, sarxil kartoshka, piyoz va olma bilan ta’minlagan kombinatimiz rahbariyati kuni-kecha yana bir bor biz mehnatkashlarga 30 kg.dan piyoz tarqatdi. Bugungi kunda bir dona tuxumni 500 so’mdan kombinat mehnatkashlariga yetkazib berayotgan kombinat rahbariyatiga o’zim va barcha hamkasblarim nomidan minnatdorchilik bildiraman. Kuni-kecha kombinatda ishlayotgan har bir ishchi-xodim bir okladdan mukofot puli oldik. Men bu pulni onamga olib borib berdim. To’g’risi, onam hayratdan odamlarga bunday g’amxo’r davlat, bunday e’tiborli kombinat hech qayerda bo’lmasa kerak, deb Prezidentimizni, hukumatimiz rahbariyatini, kombinat rahbarlarini uzoq duo qildi. Kombinat bizning hayotimiz, taqdirimiz! U doim bor bo’lsin, gullab-yashnasin!

Bu kabi iliq, samimiy fikrlarni kombinatda mehnat qilayotgan ko’plab konchi-metallurglar ta’kidlab o’tishdi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech