http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Tadbirlar

Ayyom tantanalari barchaga xushnudlik ulashdi

on .

“Olmaliq KMK” AJ - O’zbekiston hamda Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik og’ir sanoat korxonalaridan bir bo’lib, ochiq usulda kon maydonlarini o’zlashtirish, yer osti konchiligi, boyitish va oltin saralash fabrikalari, metallurgiya zavodlari, yirik energetika, avtomobil va temir yo’l transport tizimlari, qishloq xo’jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va bir qator ijtimoiy ob’ektlarni o’zida mujassam etgan o’ziga xos sanoat majmuasidir.

O’tgan shanba kuni mazkur ko’p tarmoqli sanoat gigantida O’zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni keng nishonlandi. “Metallurg” madaniyat saroyi va unga chegaradosh bo’lgan bog’lar, xiyobon va ko’ngilochar maskanlarni shu kuni bayram shukuhi qamrab oldi. Erta tongdan boshlangan konsert dasturi bayramni rasmiy ochilishi bilan ulanib ketdi. “Bolajon” parki oldiga o’rnatilgan ulkan monitorda xalqimiz baxti, erku saodati timsoli muqaddas bayrog’imiz hilpiradi.

Bayram tantanalarini ochar ekan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boshqaruv raisi A.Xursanov, barcha konchi-metallurglarni, mehnat faxriylari, olmaliqliklar va shahrimiz mehmonlarini bayram shodiyonalari bilan samimiy muborakbod etib, OKMKning mamlakatimiz iqtisodiyotidagi o’rni va ahamiyatiga, erishilgan natijalarga alohida to’xtaldi. Tadbir davomida kombinat mehnatkashlarining iqtidor, tafakkur va salohiyatlari mahsuli bo’lgan ko’rgazma g’oliblari munosib taqdirlandi. Unga ko’ra, Ixtisoslashgan ta’mir ishlari, Ijtimoiy ob’ektlar boshqarmalari, Markaziy analitik laboratoriya, Issiqlik energiya markazi, Kovuldi koni kabi bir qator kon va korxonalar nominatsiyalar g’olibi bo’lishgan bo’lsa, Shaxtaqurilish boshqarmasi, Angren kon va Avtomobil transporti boshqarmalari hamda Angren quvur zavodi unitar korxonasi mehnat ahli tomonidan tayyorlangan stendlar faxrli birinchi o’ringa munosib ko’rildi.

Shu kuni “Zafar” tantanalar saroyida bayram dasturxoni yozildi. Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti ishtirokchilari, mehnat faxriylari va OKMKning faol ishchi-xodimlari ishtirokida bo’lib o’tgan shodiyonalarda samarali va fidoyi mehnatlari uchun bir guruh konchi-metallurglarga turli darajadagi “Konchilik sharafi” ko’krak nishoni, shuningdek, bir guruh mehnatkashlarga Faxriy yorliqlar va esdalik sovg’alari topshirildi. Bayram shodiyonalari “Yoshlar bog’i”da, “Bolajon” parki hamda “Delfin” akvaparkida tashkillashtirilgan turli ko’ngilochar tadbirlar bilan davom etdi. Bog’da yoshlar, sport ishqibozlari va nuroniylar ishtirokida bo’lib o’tgan futbol, shaxmat-shashka, boks, kurash, arqon tortish, stol tennisi, armrestling kabi sport bahslari o’ziga xoslik kasb etdi. Jajji iqtidorlar tomonidan tayyorlangan turli tomoshalar, ayniqsa, “Masxaraboz shou” oilaviy ko’ngilochar dasturi, ko’zboylag’ich va dorbozlar shousi hamda “Syurprizlar yarmarkasi” barchaga xushkayfiyat ulashdi. Ertak qahramonlari qiyofasidagi animatorlarning raqslari, bolajonlar bilan turli o’yin-tomoshalardagi ishtiroki hammadan ham sayilning jajji qatnashchilariga, “Delfin” akvabog’ida o’tkazilgan ertak tomoshalari esa bolajonlar bilan birga kattalarga ham birdek manzur bo’ldi.

“Forland” LED monitor avtoulovi yordamida bayram tadbirlari shahar ko’chalari bo’ylab  namoyish etilishi ham diqqatga molik bo’ldi.

Bir so’z bilan aytganda, har yilgidan fayzli va har yilgidan o’zgacha tarovat ila o’tgan konchi-metallurglarning kasb bayrami o’zining betakror taassurotlari bilan barchaning yodida uzoq yillar saqlanib qolishi shubhasiz.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech