http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Tadbirlar

Minnatdorchilik bildiramiz

on .

Biz quyida 25-26 may kunlari shahri azim Buxoroda sayyoh sifatida dam olgan kombinat ishchi-xodimlari ushbu sayohatni uyushtirgan tashkilotchilarga minnatdorchilik bildiramiz.

O’zbekiston go’zal va betakror yurt. Vatanimizning maftunkor tabiati, to’rt fasli tugalligi, insonlarining xushmuomala, mehmondo’st, bag’ri keng, odamshavanda, ochiq ko’ngil, mehribon, bolajon, mehnatkashligi bilan dunyoga dong’i ketgan. Yurtimizdan chiqqan buyuk allomalar, fozil kishilar ilm-fan va din rivojiga ulkan hissa qo’shishgan. Bunday ta’riflarni har birimiz juda ko’p eshitganmiz. Ammo bir oddiy fuqaro sifatida mana shu go’zallik va qadriyatlarni o’z ko’zimiz bilan ko’rib, shu yurt farzandi ekanligimizdan faxr tuyg’usini tuyish o’zgacha g’urur kasb etarkan.

Yurtimiz keng, qalbimizda tarixiy maskanlarni ko’rish istagi bilan o’z shaxsiy mashinangizda yo’lga chiqdingiz deylik. Yo’l olis, tanimagan-bilmagan makonlar. Har-har zamon to’xtab, yo’nalish bo’yicha to’g’ri ketayotganingizni aniqlashtirib borasiz. 7-8 soatlik masofa bosib, ko’zlangan manzilga yetib keldingiz. Ovqatga nima yeyish kerak. Qaerga kirib ovqatlansa bo’lar ekan, deb u-bu joyni surishtirasiz. Kun ham peshinga yetib qolibdi. Tarixiy obida tomon yaqinlashdingiz. Aylandingiz. U binoga, keyingisiga... Tarix fanidan ul-bul narsa o’qiganlarimiz yodimizga tushadi. Shu tobda yakinlarimiz uchun sovg’a-salom xarid kilgimiz keladi. Qo’limizda ancha yuk. Shu tarzda kunni kech qilamiz. Endi uyga qaytish kerak. Uyga yetib kelganimizda vaqt allamahal. Charchoq bizni mahv etadi.

Endi sizga o’zgacha tashkillashtirilgan sayohatni taklif qilishdi, xuddi biz kabi uni qabul qildingiz. Avtobusda Toshkent temir yo’l vokzaligacha yetib olasiz. Poezdda tun bo’yi mazza qilib uxlab, dam olib, tongda Buxorodasiz. Tanangiz tetik, kayfiyatlar a’lo, chunki siz bilgan-tanigan insonlar, hamkasb, hamshaharlaringiz bilan bir guruh bo’lib ajoyib suhbatlar qurib, uzoq masofani yaqin qildingiz.

Poezdan tushishingiz bilan sizni sayyohlar uchun mo’ljallangan, zamonaviy shamollatish uskunalari, televizor bilan jihozlangan, yumshoq o’rindiqli avtobus kutib turibdi. Sizni nonushtaga olib borishdi. Buxoroning milliy taomi shirguruch va qaymoqli issiq non bilan sizni ovqatlantirishdi. Shu tobda sizga ikki yo’lboshlovchi(gid) hamroxlik qiladi. Biri rus tilida ravon so’zlab, tarixiy voqeliklar va buyuk ajdodlarimiz haqida rivoyatlar bilan qiziqarli tarzda hikoya qiladi. Ulardan biri - oliygohni 2 kursini ham tugatmagan yosh qizning buxorocha shevasi sizni maftun etadi. Uning ta’rifidagi har qanday kichik detal siz uchun juda ahamiyatli narsaga aylanadi. Masalan u ta’rif etgan Buxoro amirlarining kiyimlari. Uning aytishicha, amir xalq qoshiga chiqqanida bahaybat va basavlat ko’rinishi uchun 20 qavat chopon kiyib, ustidan zar tun kiygan ekan. Bu bilan xalqqa o’z salobati bilan hukm o’tkazarkan. Poshnali etigi esa, uni ot ustidan tushib ketmasligi, mahkam oyoq tirab turishini ta’minlar ekan. Belidagi oltin suvi yuritilgan og’ir kamar, uning muvozanatini saqlarkan. Shunday gavdaga yarashadigan katta salla. Mana mahobat, mana salobat, o’zingizni xuddi amirning qarshisidagidek his etasiz. Bilasizmi, Buxoro ayollarining sochi uchiga taqadigan temir taqinchoqlari, ularning sochini orqaga tortib, ayollarni qomatini tik tutishga o’rgatar ekan.

Yo’lboshchi qiz bizga bir minora tarixini aytib berdi. Aytishlaricha, minora bir necha marotaba qurilgan, lekin har safar qulab tushar ekan. Qulagan minorani qayta tiklashga hech kim jur’at qila olmabdi. Shunda bir yosh me’mor uning asosini ko’ribdida ikki yilga mamlakatdan chiqib ketibdi. Odamlar yosh me’morni qochib ketganlikda ayblab, bu minoraga qarg’ish tekkan, degan gap tarqatibdi. Oradan bir qancha vaqt o’tgach yosh me’mor kelib ishni qayta boshlabdi. Shunda odamlar undan nima uchun qaytib kelganini so’rabdilar. Yosh me’mor men bu yerni atay tark etdim. Minora asosi ikki yozu ikki qishni ko’rdi, endi bemalol ishni davom ettirsa bo’ladi, deb xalqidan ko’p miqdorda bedana tuxumi, tuya juni va sut so’rabdi. Shu uch unsurni qo’shib g’isht tayyorlab, minora ko’taribdi. Mana necha yuz yildirki minora hech ham o’z ko’rinishini o’zgartirmay saqlanib kelinmoqda ekan. Minoralarning vazifasi xalqni namozga chorlab azon aytiladigan, imom ovozini uzoq-uzoqlarga yetkazadigan joy ekan. Birgina Buxoroda qadimda 126 ta masjid bo’lgan ekan. Xalkimiz chin iymon keltirgan, solih bandalardan ekanlar.

Sayohat davomida yetti pirlarimizni ziyorat qilib, kichik xaj amalini bajardik. Har birlari bir-birlari bilan ustoz-shogird ko’rinishida bog’langan ekanlar. Har bir shogird pir insonlarga “Meni ziyorat qilmoqchi bo’lsangiz, birinchi bo’lib ustozimning oldiga boring”, deb ko’rsatma bergan ekanlar. Shuning uchun ziyorat ketma-ket ustozdan shogirdlari tomon bo’lar ekan. Pirlarimizning har biri buyuk karomatlar egasi bo’lishgan ekan. Birlari bir vaqtda bir necha joyda paydo bo’la olar ekanlar, birlari nafaslari o’tkir tabib bo’lib, birlari kelajakni ko’ra bilar ekanlar. Ularning eng kichigi Bahovuddin Naqshbandiy bo’lib, ulardan naqshbandiya tariqati qolgan. Tariqatning asosi “Qo’ling mehnatda, qalbing Ollohda bo’lishi”. Xalqimizning azal-azaldan bunyodkor xalqligi uning qurgan imorat va qoldirgan buyuk merosida ko’rinadi.

Men o’zbek bo’lganimdan, shu ona yer farzandi bo’lganimdan faxrlanaman.

Charchadingizmi, sizni salqin va shinam “Buxoro Grand” mehmonxonasi kutmoqda. Mehmonxonada dam olib, tungi Buxoroni ko’rishingiz mumkin. Sanoqsiz chiroqlar bilan shahar tunda ham qizg’in hayot kechiradi. Mehmonlar “Labi Xovuz” ansambili atrofida qahva ichib, yoqimli konsert dasturini tomosha qilishlari mumkin. Do’konlar ochik, yaqinlaringiz uchun sovg’a xarid qiling, marhamat.

Sayohatning ikkinchi kuni. Eski “Ark qal’a” bo’ylab sayohat. Amirning muhtasham saroylari, karvon saroylar, masjidu madrasalari, barchalari islom dini asoslarida qurilgan.

Buxorodagi eski zindon e’tiborimizni tortdi. Zindon uch xonadan iborat. Birinchisi rahbar va xizmatchilar uchun. Ikkinchisi qarzdorlar uchun. Qarzdor zindonga o’z dastgohlari bilan keltirilgan ekan. Shu yerda ishlab, mehnat qilgan. Yaratgan mahsulotlarini bozorda sotib, o’z qarzini to’lagan ekan. Taomlarni yaqinlari keltirgan. Uchinchi xona chuqurligi 6 metr, kengligi 5 metr bo’lgan zindondan iborat ekan. Bu yerga o’lim hukmi o’qilgan mahbuslar keltirilgan. Hukmni faqat amir chiqargan. Bu xalqni nobob qozilar zulmidan himoyalagan. Tepadan suv quyib turilgan. Zax yerda kana ko’payib, jinoyatchilarni azoblagan. Holdan toygan jinoyatchi xalq gavjum joylarda qatl qilingan. Buni ko’rgan xalq jinoyatdan tiyilgan. Yurt tinch va totuv yashagan ekan.

Hukmronlik qilgan har bir sulola o’zidan tarixiy chizgi qoldirgan. Ashtarxoniylar, qoraxoniylar, temuriylar sulolasi madrasalar va xonaqolar bunyodkorlari, Chingiziylardan kultepa va vayronalar qolgan. Bu maskanlarni aylanar ekansiz, har birimizda o’zimizdan bir yaxshilik, bir ezgulik, ravon yo’l, maktab, bunyodkorlik paydo etib, yaxshi nom va ezgulik qoldirish umidi paydo bo’ladi. Ajdodlarga munosib avlod bo’laylik.

Bu ikki kunlik sayohat qalbimizda o’chmas iz qoldirdi. O’zimizni qalban yuksaklarga ko’tarilgandek, ma’naviy ozuqa bilan rag’bat topgandek his etdik. Shunday ajoyib imkoniyatlarni yaratib bergan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyatiga, Kasaba uyushmasi Kengashi va sayyohlik tashkilotiga ulkan minnatdorchilik bildiramiz. Alohida minnatdorchiligimizni bizga yo’lboshchilik qilgan gidlarimizga bildirib qolamiz. Ularning bilimlari, ravon nutqlari, xushmuomala va astoydil ko’rsatgan e’tiborlari uchun katta rahmat.

Dilrabo Baxtiyorova,

OKMK Ijro apparati Rejalashtirish bo’limining

etakchi iqtisodchisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech