http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Tadbirlar

 “Oltin olma” kubogi “Layk”da

on .

7 sentyabr kuni “Metallurg” MSda Olmaliq kon- metallurgiya kombinatining 70 yilligiga bag’ishlangan, O’zbekiston Respublikasi Oliy liga KVN jamoalarining musiqiy festivali bo’lib o’tdi.

Festivalda kombinatning “SMAK” terma jamoasi, “Ammofos-Maksam” AJning “Alximiki” jamoasi, Olmaliq shahar yoshlarining “BulьdOzer” jamoalari ishtirok etishdi. Shuningdek, mehmon sifatida taklif etilgan Bekobodning “Kombek” hamda Respublika Oliy liga KVN jamoalaridan “18+”, “Bitts”, “Sanrayz”, “Layk”, “Krupniy kalibr” jamoalari ham kulgu maydonida nimalarga qodir ekanliklarini namoyon etishdi.

Tadbir avvalida so’z olgan O’zbekiston Respublikasi KVN oliy ligasi bosh muharriri Igor Kuchmar, O’zbekiston KVNning 24 yillik tarixida ilk bor musiqiy festival o’tkazilayotganini ta’kidlab, bu an’anaga aylanib qolishini tiladi. Bundan tashqari, ushbu KVN musiqiy festival ZorTVda efirga uzatilishi uchun ham suratga olingani ahamiyatli. Mamlakatimiz bosh KVNchisi musiqiy KVN festivalini yuqori saviyada tashkil etgan kombinat rahbariyati hamda kombinat xodimlari Kasaba uyushmasi Kengashi va Yoshlar ittifoqiga o’z minnatdorchiligini bildirdi.

OKMK rahbariyati va “SFI Management Group” boshqaruv kompaniyasi nomidan kombinat boshqaruv raisi Abdulla Xursanov barcha KVN muxlislarini kelayotgan qutlug’ ayyom bilan tabriklab, Olmaliq nafaqat viloyatda, balki Respublikada madaniyat va sport markaziga aylanib borayotganini bildirdi. Va buning yorqin isboti sifatida ushbu musiqiy KVN festivali hamda OKMK sport kompleksi o’yingohida o’tkazilgan O’zbekiston va Eron olimpiya terma jamoalarining o’rtoqlik uchrashuvini misol keltirdi. Shuningdek, Abdulla Xolmurodovich kombinat 70 yilligi arafasida mana shunday ajoyib tadbir tashkil etilganini ta’kidlab, barchani bayram tantanalariga taklif etdi.

Shu kuni O’zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan partiya safiga qabul qilingan Mis boyitish fabrikasi hamda Mis eritish zavodi Yoshlar ittifoqi boshlang’ich tashkilotlari raislariga a’zolik guvohnomalari ham topshirildi.

O’tkir yumor, hazil-mutoyibaga boy bo’lgan musiqiy festivalda har bir jamoa har qanday vaziyatdan ustalik bilan chiqib keta olish, hozirjavoblik, jamiyat muammolarini o’ziga xos yo’l bilan ko’rsata olish, eng muhimi tomoshabinga quvnoq kayfiyat ulasha olish kabi vazifalarni qoyilmaqom ijro etishdi.

Musiqiy festival yakuniga ko’ra, hakamlar hay’atining qarori bilan Respublika oliy ligasidan “Bits” jamoasi uchinchi o’ringa loyiq deb topilib, jamoaga musiqiy festivalning o’ziga xos ramziy sovg’asi sifatida MTMZda tayyorlangan “Bronza olma” kubogi topshirildi. “18+” jamoasi esa ikkinchi o’ringa sazovor bo’ldi va “Kumush olma” kubogi sohibiga aylanishdi. Betakror va antiqa chiqishlari bilan tomoshabinlar olqishini olgan Oliy liganing “Layk” jamoasi nozik qochirimli hazillari bilan ustun kelib, hakamlar hay’atining e’tirofiga sazovor bo’ldi. Va birinchi o’rinni qo’lga kiritib, “Oltin olma” kubogiga ega chiqdi. E’tiborlisi, KVN o’yinlarining homiysi sifatida Infinbank g’olib jamoani 4 mln. so’m pul mukofoti bilan taqdirladi. “KomBek” jamoasiga esa kombinat rahbariyati tomonidan kubog taqdim etildi. “SMAK” jamoasi “Tomoshabin yoqimtoyi” nominatsiyasi g’olibi bo’lib, “Oltin olma” pansionatiga yo’llanma bilan taqdirlandi.

Tadbir davomida tomoshabinlar o’rt asida O’zbekiston KVN oliy ligasining yarim final o’yiniga ikkita chipta hamda KVN homiysi “Pepsi” savdo belgisi sovrini o’ynaldi.

Rustam RASULOV,

OKMK va Olmaliq shahar KVN loyihasi rahbari

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech