http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Tadbirlar

Ekologik partiya ozon qatlamini asrash yo’lida

on .

Mamlakatimiz siyosiy maydoniga dastlab harakat sifatida kirib kelgan O’zbekiston Ekologik harakati keyinchalik O’zbekiston Ekologik siyosiy partiyasi sifatida qayta ro’yxatdan o’tib, hozirda o’z faoliyatini davom ettirmoqda.

Bugun Ekologik partiyaning bosh shiori “Biz kelajak uchun javobgarmiz!” deya nomlangan bo’lib, aynan mana  shu  shior  ostida  partiya atrof-muhitni  muhofaza  qilish va uni  asrab-avaylash, barqaror rivojlanish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, davlatning ekologik siyosatini amalga oshirishga ko’maklashish, kelajak avlod uchun qulay va ozoda ekologik muhitni yaratish, tabiat ne’matlarini asrab-avaylashdan iborat vazifalarni amalga oshirishni o’z oldiga maqsad qilgan.

Darhaqiqat, bugun butun dunyoda ekologiya global muammoga aylandi. Bu - yurtimizdagi Orol dengizining yo’qolishidan tortib to juda tezlikda erib borayotgan Arktika muzliklariga qadar daxldor. Ekologiya buzilishining oqibatida yer yuzida ko’payib borayotgan turli xastaliklar, chiqindilar bilan to’layotgan okean, dengiz-u daryolar, bahordayoq so’lib qolayotgan dov-daraxtlar, hosilga kirib, ammo pishmay xazon bo’layotgan mevalar... Mana shularning barchasi atrfo-muhitning ifloslanishidan, havo va suv tozaligining “yo’qolib” borayotganidan...

Mamlakatimiz siyosiy maydoniga dadil kirib borayotgan Ekologik partiya yuqoridagi kabi muammolarning oldini olish, ularni bartaraf etish uchun kurash boshladi. Bu xayrli kurash, bu ezgu kurash va kelajak avlod oldidagi burch – ya’ni, bobolarimizdan meros, bugun sizu bizga daxldor bo’lgan yurtimiz flora va faunasini o’z holicha, but-butun ertangi avlod qo’liga topshirish.

O’zbekiston Ekologik partiyasi ana shu maqsad yo’lida mamlakatimiz yoshlarini birlashtirish harakatini boshladi.

Bugun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining “OKMK” sport majmuasida O’zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan 16 sentyabr -  Xalqaro ozon qatlamini himoya qilish kuniga bag’ishlangan tadbir bo’lib o’tdi. Tadbirga Olmaliq kon-metallurgiya  kombinati rahbariyati, Yoshlar Ittifoqi faollari, talaba va yoshlar tashrif buyurishdi.

Sport majmuasining bir yonida atrof-muhit tozaligini targ’ib etuvchi fotosuratlar bilan bezatilgan ulkan havo shari e’tiborni tortsa, bir yonda karnay-surnay sadolari yangradi. “Metallurg” MS ijodiy jamoalari tomonidan yangragan kuy-qo’shiqlar raqslarga ulandi.

Shundan so’ng Qonunchilik palatasi deputati,  O’zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi Sergey Samoylov yurtimizdagi eng yosh partiya – O’zbekiston Ekologik partiyasining maqsad va vazifalari haqida batafsil ma’lumot berib o’tdi. Shuningdek, tadbirda so’z olgan kombinat boshqaruvi raisining Xodimlar masalalari bo’yicha o’rinbosari Azim Mirzajonov barchani partiya atrofida jipslashishga chorlab qoldi.

Partiyaning Toshkent viloyati ijroiya qo’mitasi raisi Furqatjon Ahmedjonov kombinatning bir guruh yosh mutaxassislariga, Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali hamda MTTU MISiS Olmaliq filiali talabalariga partiyaga a’zolik guvohnomalarini tantanali ravishda topshirdi. Partiyaga a’zo bo’lgan yoshlar bir ovozdan uning atrofida birlashishni maqsad etdilar.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech