http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Tadbirlar

Ozarbayjon kinosi haftaligi

on .

Avval xabar berganimizdek, 23 sentyabrdan 26 sentyabrga qadar Ozarbayjon Madaniyat vazirligi hamda «O’zbekkino» milliy agentligi va Toshkent shahrida joylashgan Gaydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi bilan hamkorlikda O’zbekistonda Ozarbayjon kinosi haftaligi o’tkazilmoqda. Ushbu haftalik doirasida qardosh xalq delegatlari Toshkent, Samarqand, hamda Olmaliq shaharlarida bo’lishadi.

Kino haftaligining tantanali ochilish marosimi 23 sentyabr kuni poytaxtimizning Zarafshon konsert zalida bo’lib o’tdi. Tadbirda yurtimizning madaniyat va adabiyot sohasi namoyondalari, kinematografiya sohasi mutaxassislari, diplomatlar, Toshkent shahridagi Oliy ta’lim muassasalari talabalari, OAV vakillari ishtirok etishdi.

24 sentyabr kuni “Metallurg” MSga Ozarbayjonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi, kinoshunos va mashhur rejissyor Ayaz Salayev, rejissyor va ssenarist Mirbala Salimli, rejissyor Shamil Aliyev hamda aktyor Maqsud Mamedovlardan iborat qardosh yurt delegatsiyasi tashrif buyurishdi. Shu kuni shahrimiz kinomuxlislari e’tiboriga “Metallurg” MSda Shamil Aliyevning «Cho’l kishisi» kinokartinasi hamda Valentina Gurkalenkoning «Huseynxon Naxichevoniy. Qaytish» kabi hujjatli filmlari havola etildi.

Olmos Sultonzoda Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vazirligi kinematografiya bo’limi katta konsultanti: - Mana, mamlakatingizda ikkinchi bor Ozarbayjon kinosi haftaligini o’tkazmoqdamiz. Biz ushbu tadbirni tashkillashtirishda yaqindan yordam bergan «O’zbekkino» Milliy agentligiga alohida minnatdorchilik bildiramiz. Biz o’zbekistonlik kino ixlosmandlariga 4 ta badiiy va 5 ta hujjatli filmlarni olib kelganmiz.

Bugun biz olmaliqlik kinosevarlarga 50 dan ortiq xalqaro kinofestivallarda ishtirok etgan va e’tirof etilgan «Cho’l kishisi» deb nomlangan badiiy filmimizni taqdim etyapmiz.

Kelajakda «O’zbekkino» Milliy agentligi bilan hamkorlikda Ozarbayjon va O’zbekiston televideniyelarida bizning kinemotografiyachilarimizning yangi filmlari namoyish etilishi ko’zda tutilgan. Shu bilan birga, yaqin kelajakda O’zbekistonlik kino sohasi vakillari bilan hamkorlikda yangi badiiy va hujjatli filmlarni ham suratga olishni rejalashtirganmiz.

Ozarbayjon kinosi haftaligi doirasida rejissyor Mirbala Salimlining «Qizil bog’», Ilgar Nadjafning «Anor bog’i», Shamil Aliyevning «Cho’l kishisi», Rafik Aliyev va Javid Tevekkyulning «Dars» kabi badiiy filmlari hamda Natalya Zavoznenkoning «Boku asrlar ko’zgusida», Adilya Azayning «Sir bo’lib qolgan donishmand», Valentina Gurkalenkoning «Huseynxon Naxichevoniy.Qaytish» kabi hujjatli filmlari tomoshabinlar e’tiboriga havola etiladi.

Shuni qayd etish joizki, Ozarbayjon kinematografiyasida so’nggi vaqtlarda xalqaro kinofestivallarda yuqori o’rinlarni egallab kelayotgan filmlar o’zbekistonlik kino ixlosmandlarida ham katta qiziqish o’yg’otmoqda.

Jumladan, rejessyor Shamil Aliyevning Ozarbayjon madaniyat vazirligi va sayyohligi buyurtmasiga binoan suratga olingan hamda 59 ta xalqaro kinofestivallarda 30 dan ortiq sovrinlarni qo’lga kiritgan «Cho’l kishisi» filmi 2012 yilda «Ozarbayjonfilm» ekranlarida namoyish qilingan edi. Ushbu film ibtidoiy jamiyatda yashayotgan cho’l kishisi hamda zamonaviy qiz hayoti haqida hikoya qiladi. Rejissyorning ta’kidlashicha, bu kino orqali tomoshabinlar bugungi dunyoda asl ajdodlar tarixdan uzoqlashib, o’ta zamonaviylashib ketgan ayrim odamlar o’zligini ham yo’qotishini, oqibatda boshqarish oson bo’lib qoladigan biomassaga aylanishini va natijada bu antrapologik fojiaga olib kelishini anglashlari mumkin bo’ladi.

Ushbu film 2014 yilda Xalqaro «Oskar» mukofotining nomzodlar ro’yxatiga ham kiritilgan edi.

Ozarbayjon kinosi haftaligi doirasida «O’zbekkino» Milliy agentligida ijodiy uchrashuvlar, matbuot anjumanlari, taqdimot va master-klasslar o’tkaziladi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech