A- A A+

Tadbirlar

Haqiqiy yetakchi qanday bo’lishi kerak

on .

“Olmaliq KMK” AJ Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo’yicha Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida “Zamonaviy rahbar” va “Yosh oilalardagi ajrimlarni oldini olishda jamoatchilikning o’rni” mavzusida davra suhbati o’tkazildi.

Tadbirda kombinat xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi psixologi Viloyat Davletova, korxona xodimlar bilan ishlash bo’limi boshlig’i Qobiljon To’laganov va kasaba uyushmasi qo’mitasi raisi Zokirjon Salimovlar ishtirok etishdi.

Viloyat Sobitovna bugungi kunda zamonaviy rahbarning shaxsiy hislatlari, ko’pchilikning ortidan ergashtira olish, haqiqiy yetakchiga xos bo’lgan xususiyatlar to’g’risida qiziqarli tavsiyalar berdi.

Ishga sodiqlik, oddiylik, shaxsiy nazorat, serharakatlik va ishtiyoq, mas’uliyatni o’z bo’yniga olishga tayyorlik, tashabbuskorlik va oldindan ko’ra bilish, qat’iylik va chidamlilik, ma’naviy jasorat, yaxshi namuna ko’rsata olish, professionallik haqiqiy yetakchilarga xos xislatdir. Bu sifatlarga ega bo’lish yetakchi uchun hamda uning qo’l ostidagilar uchun ham birdek muhim sanaladi. Agar o’z g’oyangizga sodiq bo’lsangiz, jamoa ham aynan shu yo’ldan boradi. Ana o’shanda natijador hamkorlik ta’minlanadi.

Harakatsizlik muvaffaqiyatsizlikka yetaklaydi. Hatto mag’lubiyat holatida ham yetakchi jamoani ruhlantira olishi, muvaffaqiyatga ishonch hissini singdirib, xodimlarni olg’a harakat qilishga unday olishi kerak. Qo’l ostidagilarning turli vaziyatlardagi harakatlarini aniq biladigan yetakchi to’g’ri qarorlar qabul qiladi. U to’g’ri ko’rsatmalar beradi, majburiyatlarni taqsimlaydi va jamoada hurmatga sazovor bo’ladi. Harakatsizlik va qaror qabul qilish mas’uliyatini o’zidan soqit qilish noto’g’ri qadam va xatoni tan olishdan yomonroq. Biroq o’ziga mas’uliyat olish qo’l ostidagilarning g’oyalarini tan olmaslik va barcha ishni yakka o’zi bajarishni anglatmaydi.

Maqsad sari og’ishmay intilish va istalgan natijaga erishish yo’lida uchragan mashaqqatlarni yengib o’ta olish yaxshi rahbarni odatdagisidan farqlaydi. Tanlangan yo’ldan borishda iroda, qat’iylik va botirlik maqsadga erishishda yordam beradi. Chidamlilik charchash va noqulaylik hissini yengish imkonini beradi.

Haqiqiy yetakchi qo’l ostidagilari intiladigan inson bo’lishi lozim. Qanday ishlash kerakligini ko’rsatishi, barcha erishishga harakat qiladigan shaxsiy namuna ko’rsatishi, jamoadagilarda ko’rishni istagan xususiyat va ko’nikmalarni namoyish etishi zarur. O’z sohasida professional bo’lib qolish uchun mavjud bilim va ko’nikmalarini doimiy ravishda rivojlantirgan, dolzarb bilimlarga ega bo’lgan, ularni amaliyotda qo’llaydigan, rivojlangan va o’z darajasini oshirib borgan mutaxassis albatta, haqiqiy yetkachiga aylanadi.

Shuningdek, davra suhbati davomida hozirgi jamiyatimizda eng dolzarb masalalardan biri bo’lgan yosh oilalardagi ajrimlarning, uning sabablari, ajrimlarning oldini olish uchun barcha birdek mas’ul ekanligi bayon etildi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech