Tadbirlar

Mehnat muhofazasi - ish unumdorligi omili

on .

Avval xabar berganimizdek, “Olmaliq KMK” AJ Markaziy ta’mirlash mexanika zavodida haftaning har seshanba kuni mehnat muhofazasiga bag’ishlangan yig’ilish bo’lib o’tadi.

Mexanika-yig’uv sexidagi navbatdagi yig’ilishni sex boshlig’i muovini Dilmurod Shokirov olib bordi.

Yig’ilishda belgilangan kun tartibi asosida bir hafta davomida uchastkada olib borilgan ishlar hisoboti tinglandi. Chilangarlik-yig’uv uchastkasi rahbari Rashid Idrisov yuk osish moslamalari, ularni sozligi hamda o’z vaqtida tekshiruvdan o’tkazilishi to’g’risidagi fikrlarini aytib o’tdi. Kelgusida ish sharoitlarini yanada yuqori pog’onaga yetkazish, ish jarayonida qulayliklarni yaratish maqsadida amalga oshirilishi lozim bo’lgan tadbirlar ro’yxati tuzildi. Shaxta va kon uskunalarini tayyorlash uchastkasi rahbari Feruz Tanjarov sex xududida zamonaviy ogohlantiruvchi kirish, chiqish belgilarini o’rnatish masalasida o’z takliflarini bildirdi.

Engil dastgohlar parki uchastkasi rahbari Faxriddin Safarov yangi keltirilgan uskunalar sozligi va ularning qismlari mukammalligi borasida ham to’xtalib o’tdi. Instrumental va termik ishlov berish uchastkasi rahbari Ilhom Jo’rayev ish taqsimlash xonasini qayta ta’mirlash lozimligi sabablarini keltirib o’tdi.

Yig’ilish so’nggida barcha mehnat muhofazasi vakillari qaytadan saylandi va oldinga qo’yilgan vazifalarga qat’iy yondashish zarurligi uqtirildi.

Yig’ilish qatnashchilari hafta davomida bajarilishi lozim bo’lgan vazifalar bilan tanishishdi. Uchastka rahbarlari o’z ishchilari bilan mehnat muhofazasiga doir mavjud sharoitlarni o’rganib chiqqan holda yanada qulay mehnat sharoitlarini yaratish masalasida o’zaro kelishib oldilar. Keltirib o’tilgan barcha masalalar bayonnomaga qayd etildi.

Har bir ishchi-xodim mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi qoidalariga rioya qilgan holda ishlar ekan, bajarilgan ishlarda ham unum bo’ladi. Zero, barchaning sog’ligi o’zi uchun asosiy o’rinda turishi lozim.

 Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech