A- A A+

Tadbirlar

Metallurglarning yangi yil saxovati

on .

2015 yilni kombinatning bosh metallurgiya korxonasi yuksak mehnat zafarlari bilan qarshi oldi. 4-Sulfat kislotasi sexi va havo taqsimlash sexida yangi kislorod blogining ishga tushirilishi korxona hayotidagi eng muhim voqeylik bo’ldi.

Metallurgiya sexini qayta jihozlash ishlari boshlab yuborilgani MEZning ertangi istiqbolidan dalolat beradi.

Korxona rahbariyati va kasaba uyushma qo’mitasi tomonidan ko’p yillik samarali mehnati bilan kombinat metallurgiya sohasiga o’zining munosib ulushini qo’shgan ishchi-xodimlar doimo e'zozlab kelinadi. Ushbu an'anaga sodiq qolgan holda yangi yil bayrami arafasida 14 nafar urush va mehnat faxriylari hamda MEZga biriktirilgan 4 nafar nuroniy insonlar xonadonlariga tashrif uyushtirilib, moddiy yordam puli va oziq-ovqat jamlamalaridan iborat bayram sovg’alari topshirildi.

- Sobiq hamkasblar va yosh metallurglarning tashrifidan doim ko’nglim yayraydi, - deydi ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Yevgeniy Velikanov. - Ko’p yillik mehnating besamar ketmagani, biz boshlagan zarbdorona mehnat an'anasi munosib izdoshlar qo’lida ekanligidan baxtiyorlik tuyg’ularini his qilasan kishi. Biz nuroniy keksalarga bo’lgan bu kabi e'tibor va hurmat uchun mamlakatimiz Prezidenti, OKMK rahbariyati va Kasaba uyushmasi kengashiga o’zimning samimiy minnatdorchiligimni bildiraman.

Viloyatimizning  Bo’ka  tumanida joylashgan 14-Mehribonlik uyi hamda Mis eritish zavodi o’rtasidagi do’stona aloqalar tarixi uzoq o’n yillarga borib taqaladi. Kombinat metallurglari shu yillar mobaynida ushbu saxovat maskanining o’quv va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashda o’z ulushini qo’shib kelmoqda. Mamlakatimizda nishonlanadigan barcha bayramlarni mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari kombinat metallurglari bilan birga tantana qilishadi. Bolajonlar uchun eng sevimli va orziqib kutiladigan bayram - Yangi yil shodiyonasi MEZ ma'muriyati, kasaba uyushma qo’mitasi va "Kamolot" YoIH vakillarining tashrifi bilan har doim yangi mazmun kasb etadi.

Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun 171 ta bayram sovg’asi joriy Yangi yil arafasida katta bayram tadbiri davomida tantanali ravishda topshirildi. Bir-biridan mazali shirinliklardan iborat yangi yil sovg’alari bolajonlarga manzur bo’ldi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech