A- A A+

Tadbirlar

Erta nikoh - salomatlik zavoli

on .

Viloyatimizda aholi o’rtasida sog’lom turmush tarzini ommalashtirish, tibbiy madaniyatni oshirish, yoshlarning nikohga oid tushunchalarini kengaytirish, qarindoshlar o’rtasidagi hamda erta nikohlarning oldini olish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, mamlakatimiz rahbarining O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligiining 23 yilligiga bag’ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida viloyatimiz kasb-hunar kollejlari va akademik liseylarda voyaga etmagan qizlar o’rtasida erta nikoh holatlarini oldini olish hamda ularni ta'limga jalb etishda hamkorlik tizimini kuchaytirishga qaratilgan hududiy yig’ishlarda batafsil ma'lumotlar berilib, tegishli qarorlar qabul qilinmoqda. Kuni-kecha "Olmaliq KMK" AJ "Metallurg" MSda Olmaliq, Angren shaharlari, Ohangaron, Piskent va Oqqo’rg’on tumanlari kasb-hunar kolleji mutassadilari ishtirokida bo’lib o’tgan tadbirda viloyat hokimligi, Ichki ishlar hamda sog’liqni saqlash boshqarmalari vakillari tomonidan ushbu yo’nalishda olib borilayotgan ishlar muhokama qilinib, qarindoshlar o’rtasidagi va erta nikohning salbiy oqibatlari, sog’lom turmush tarziga oid zaruriy ma'lumotlar berildi.

Tadbirda so’zga chiqqan Toshkent viloyati hokimi o’rinbosari, xotin-qizlar qo’mitasi raisi Sayyora Fayzieva hamda Toshkent Agrar universiteti qoshidagi Akademik lisey direktori Ra'no Turdiboevalar ayrim ota-onalar farzandining kelajak taqdiri, baxt-saodati haqida o’ylamay, hali Balog’at yoshiga yetmagan qizini uzatish yoki qarindoshining qizini begona qilmaslik maqsadida o’g’il uylantirish, buning oqibatida qizlarni o’n olti, hatto undan kichik yoshda turmushga uzatib yuborish hollari tez-tez uchrayotgani, ammo bu holat bo’lg’usi onaning salomatligi va ruhiyatiga, qolaversa, yosh oilaning mustahkamligi, tug’ilajak farzandning salomatligiga salbiy ta'sir ko’rsatayotgani haqida o’z fikr-mulohazalarini bildirib, bugungi kunda skrining tekshiruvlari natijalarida  bolalardagi turli xil anomaliyalar, ayniqsa, asab tizimi va genetik nuqsonlar aynan qarindoshlar o’rtasidagi nikoh tufayli yuzaga kelayotganini qat'iy ta'kidlab o’tishdi. Shuningdek, bu kabi illatlarning oldini olish uchun avvalo, ota-onalar yetarli tibbiy bilim va tushunchaga ega bo’lishlari lozimligi, kimningdir o’ylamay qilgan xatosi tufayli yosh oilalar buzilib ketishi, kelin-kuyovlarning hayoti izdan chiqib, aziyat chekishlariga chek qo’yish maqsadida viloyat xotin-qizlar qo’mitasi tomonidan sog’liqni saqlash boshqarmasi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda joylarda, xususan kasb-hunar kollejlari va akademik liseylarda "Sog’lom oila", "Sog’lom turmush", "Reproduktiv salomatlik", "Bola parvarishi" kabi mavzularda davra suhbatlari va uchrashuvlarni muntazam o’tkazish maqsadga muvofiq ekanligi e'tirof etildi.

Yurtboshimiz ta'kidlaganlaridek, sog’lom farzand – sog’lom onadan dunyoga keladi. Yoshlar o’rtasida sog’lom va ahil oila qurish, sog’lom turmush tarzini qaror toptirishga intilishni rag’batlantirishdek bu kabi ezgu ishlar zamirida ham eng avvalo, barkamol avlodni voyaga yetkazishdek ezgu maqsad mujassamdir.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech