Tadbirlar

Mehnatkashlar spartakiadasi start oldi

on .

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati korxona va sexlari o’rtasida an'anaviy tarzda o’tkazib kelinayotgan spartakiada musobaqalariga 30 yanvar kuni start berildi.

"Spartakiada-2016" musobaqasi bu yil yanayam keskin va murosasiz kurashlar ostida o’tishi kutilmoqda. Odatdagidek  "Metallurg" SK bazalarida o’tkaziladigan I va II guruh sexlari musobaqalari bilan bir qatorda Angren mustaqil iqtisodiy zonasida faoliyat olib borayotgan kombinatning mehnat jamoalari III guruh sexlari sifatida bahslarga kirishadi.

"Spartakiada-2016" bahslarida jamoalar 11 ta sport turlari bo’yicha g’oliblar nomini yil davomida aniqlab olishadi. Shuningdek, 22 may va 11 iyun kunlari davrida kombinat yosh ishchi-xodimlari o’rtasida o’tkaziladigan spartakiada musobaqalari ham OKMKning an'anaviy olimpiadasi dasturidan o’rin olgan. Ommaviy sportni samarali targ’ib qilish, jismoniy tarbiya va sport tadbirlariga mehnatkashlarni keng miqyosda jalb etish hamda mehnat jamoalari o’rtasida sport sog’lomlashtirish ishlarini yangi bosqichga ko’tarish maqsadida tashkil etilayotgan mazkur spartakiada musobaqalari 12 noyabr kuni o’z yakuniga yetadi.

Ushbu kun spartakiada ochilishi munosabati bilan o’tkazilgan tadbirdan so’ng erkaklar o’rtasida volleybol bo’yicha I guruh jamoalari o’zaro orani ochiq qilishdi. Birinchi guruhning I guruhchasidan o’rin olgan STB, ETB, "Olmaliqmetallurgqurilish" tresti va Ijtimoiy ob'ektlar boshqarmasi jamoalari o’rtasida kechgan uchrashuvlarda ETB volleybolchilari mutlaq g’oliblikni qo’lga kiritib, final yo’llanmasi masalasini hal qildi. "Sanoatsuvta'minoti" sexi, Rangli metallar geologiyasi, Yangi texnologiyalar markaziy laboratoriyasi va Portlatish materiallari zavodi jamoalari o’rin olgan guruhdan suv ta'minotchilari navbatdagi bosqichga yo’llanmani qo’lga kiritishdi.

Ixtisoslashtirilgan ta'mir ishlari boshqarmasi, 2-MBF, Iste'mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasi hamda Texnik nazorat xizmatining volleybolchilari bahsida yengil sanoatchilar zafar quchib, birinchi o’rinni egalladi.

6 fevral kuni bo’lib o’tgan boshqa guruhlar jamoalari uchrashuvidan so’ng final yo’llanmasini qo’lga kiritgan barcha jamoalarning nomi aniq bo’ldi. 13 va 20 fevral kunlari o’tkaziladigan uchrashuvlardan so’ng volleybol bo’yicha bahslarning g’oliblari nomini bilib olishimiz mumkin bo’ladi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech