http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Tadbirlar

Qizlararo tanlovlar "qizlar guldastasi-2016"

on .

Bugungi kunda "Olmaliq KMK" AJ korxonalarida ishchi-xodimlar o’rtasida muntazam o’tkazib kelinayotgan ko’rik-tanlovlar mehnatkashlarning kasbiy malakalarini oshirish, iqtidor va iste'dod egalarini aniqlashda o’ziga xos ahamiyat kasb etib kelmoqda.

Ayniqsa, kombinatda mehnat qilib kelayotgan xotin-qizlar ishtirokidagi tanlovlar ishchi ayollarning ijodkorligi, topqirligi, aktyorlik iste'dodi hamda pazandalik va kasbiy bilimlarini namoyish etishiga xizmat qilayapti.

8 mart - Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida Mis eritish zavodida an'anaviy o’tkazib kelinuvchi ana shunday tadbirlardan biri "Qizlar guldastasi" nomi ostida tashkillashtirilib, unda korxonaning turli sexlarida faoliyat yuritib kelayotgan, saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o’tgan 11 nafar ishchi-qizlar ishtirok etishdi. Beshta shartdan iborat bo’lgan tanlovning birinchi bosqichida qizlar o’zlari va egallab turgan kasblari haqida nasriy, nazmiy hamda teatrlashtirilgan sahna ko’rinishlari orqali ma'lumotlar berishib, o’zlarining haqiqiy ijodkorligini ko’rsatib bera olishdi. Ikkinchi shartda ishtirokchilar mamlakatimizning ko’hna tarixi, ramzlari, shuningdek, korxona tarixiga oid savollarga hozirjavoblik bilan javob berishdi. Bu bellashuvda zavodning Sulfat kislotasi sexi ishchisi Aziza Norenova barcha savollarga o’ta topqirlik va ziyraklik bilan javob qaytarib, olqishlarga sazovor bo’lgan bo’lsa, qizlarning pazandalik fazilatlarini sinovdan o’tkazgan uchinchi shartda ham u karving ustasi ekanligini namoyish eta oldi. Meva va sabzavotlardan antiqa shakllarni yasab, taomlarni qoyilmaqom bezatishga kirishgan qizlarning harakatlari hakamlar hay'ati tomonidan baholab borildi. Hay'at a'zolari bu shartda nafaqat tayyorlangan nafis shakllarni, balki qizlarning sanitariya-gigiena qoidalriga amal qilishlari, oshxona asboblaridan to’g’ri foydalanishlari va estetik didlarini ham inobatga olgan holda ballar qo’yib borishdi. Tanlovning to’rtinchi sharti "Metallurg" SKda o’tkazilib, unda ishtirokchilar arqonda sakrash, uzunlikka sakrash hamda futbol darvozasiga to’p urish bahslarida o’zaro kuch sinashishdi.

Misni elektroliz qilish sexi ishchisi Lyudmila Zemlyanskaya, Metallurgiya sexi ishchisi Kumush Azamatova va Shahlo Usmonova, Sulfat kislotasi sexi ishchisi Aziza Norenovalar ushbu bahslarda yuqori ko’rsatkichlarni qo’lga kiritishdi. So’nggi shartda qatnashuvchi qizlar badiiy havaskorlik borasida bellashib, o’zlarining san'atga bo’lgan ixloslari va ijodkorlik mahoratlarini namoyon qilishdi. "Lazgi" raqsini maromiga yetkazib ijro etgan Yelena Misilyovaning chiqishi olqishlar bilan kutib olingan bo’lsa, "Andijon polkasi"ni duet tarzida ijro qilgan Lyubov Zemlyanskaya va Guli Mannapovalarning iste'dodlari tomoshabinlar e'tirofiga sazovor bo’ldi. Shoira Marhabo Karimovaning hajviy she'rlarini mahorat bilan ijro etgan Dildora Anorqulova barchaga xushkayfiyat hadya etdi. Aziza Norenova o’zining jismoniy salohiyatini "karate" sport turi orqali havola etgan bo’lsa,  Kumush Azamatova, Mahliyo Avbakirova, Shohsanam Boymuhammedovalar jozibali milliy raqslari bilan barchaga xushnudlik ulashdi. Gulhida Ahmatillaeva ijrosidagi "O’zbekiston" qo’shig’iga jo’r bo’lgan barcha ishtirokchilar ona-Vatan madhini mehr-muhabbat bilan ijro etdilar.

Hakamlar hay'ati mazkur tanlovga yakun yasar ekan, barcha ishtirokchilar tadbirda munosib ravishda qatnashishganini e'tirof etishib, qizlarning to’plagan ballarini o’qib eshittirishdi. 3-o’rinni Misni elektroliz qilish sexi ishchisi Guli Mannapova egalladi. 2-o’ringa barcha shartlarda faol qatnashgan Aziza Norenova munosib deb topildi. Joriy yilgi tanlovning mutlaq g’olibligi hamda "Qizlarning guli" sharafli nomiga Lyubov Zemlyanskaya sazovor bo’ldi. Tanlov g’oliblari korxona kasaba uyushma qo’mitasining esdalik sovg’alari bilan rag’batlantirildi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech