http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Tadbirlar

Ayolga baxt bering, saodat bering

on .

O’lkamizda bahor iforli bo’y taratib, tabiatning ajib pallasi hukmron bo’lib turgan ushbu damda ona-abiat kabi yaratuvchi, bunyod etuvchi, yashnatuvchi, umrimiz davomchisi, hayotimiz mazmuni bo’lgan muhtarama ayollarimizning bayrami ham qadam ranjida qilib turibdi.

Bugun munis ayollarimiz sha'niga har qancha tashbehu e'tiroflar bitilsa kamlik qiladi. Chunki har bir ayolning o’zi bir dunyo. Har biridagi sifatni sanab adog’iga yetish dushvor. Biroq, bizga ona, rafiqa, opa-singil, qiz bo’lib turgan ayollar har qanday e'tirofga munosib. Tabiatning bu nozik hilqati barcha zamonlarda ardoqlanib kelingan.

Sir emaski bugungi kunda ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-iqtisodiy, madaniy-ma'naviy hayotning qaysi tarmog’ini olmang ayollarning o’z o’rni bor. Qobiliyat, mahorat, kuch-g’ayrat, qat'iyat, talabchanlikda ular hech qaysi erkakdan qolishmaydi.  Ayniqsa, keng jabhali sanoat markazi bo’lgan "Olmaliq KMK" AJning ishlab chiqarish korxonalarida ayollarning o’rni beqiyos. Ishchi ayol haqida gap ketar ekan, nigohlari ishonchli, harakatlari dadil, flotator-apparatchi, quruvchi-tahlilchi, konchi-yu mashinist ayollar ko’z o’ngimizda namoyon bo’ladi...

Sen baribir muqaddassan, muqaddas AYoL. Bu tashbeh ortida ona muhabbati, ayol sadoqati, opa-singil mehri mujassam. Qolaversa, ayol ishchi bo’lsa, uning zahmatli mehnati qadri yanada ulug’lanadi...

Qalmoqqir konida 2004 yildan beri uchastka geologi bo’lib ishlab kelayotgan Natalya Yusupova shular jumlasidan bo’lib, u mehnat faoliyatining so’nggi 12 yilini konchilar bilar birgalikda olib bormoqda. Bilim maskanida olgan texnik-geolog kasbiga sodiq qolgan bu inson kon boshqarmasining geologiya xizmatidagi maydalash bo’limi ishini nazorat qilib keladi. Mazkur xizmat vazifasiga rudalardagi metall tarkibini hisob-kitob qilish kiradi. Bu ishni to’g’ri tashkil etilishida ham Natalya Stepanovnaning talabchanligi va o’z kasbiga bo’lgan sadoqati seziladi. Uning boshchiligidagi maydalovchilar brigadasi kon karerlaridan keltirilgan shlam namunalarini sifatli qilib tayyorlab beradi. Joriy yilda ular Markaziy Analitik laboratoriyada so’nggi tahlil natijalarini olish uchun qo’llaniladigan yangi jihozni o’rganib, ishda qo’llay boshlashdi. Tajribali mutaxassis Natalya Yusupova hamkasblaridan bajarayotgan  ishlariga sidqidildan yondoshib mehnat qilishni talab qiladi. Shu boisdan ham hamkasblari uni mehribon va e'tiborli do’st sifatida ta'riflashadi.

U bugungi kunda kon boshqarmasida hurmatga sazovor bo’lgan insonlardan biri. Shu bois hamkasblari  uning oldiga yordam va maslahat so’rab kelishadi. O’zganing dardu muammosini o’ziniki deb bilgan va hech qachon befarq bo’lmagani sababli N.Yusupova ko’p yillar davomida kasaba uyushmasi qo’mitasi raisining muovini bo’lib, unga yuklatilgan jamoat ishini ham namunali darajada uddalab kelmoqda.

Shunday insonlar bo’ladiki, ular butun umrini yagona bir maqsadga bag’ishlaydi - el-yurtga halol xizmat qilish. Navbatdagi qahramonimiz ham ana shunday maqsadni o’z oldiga qo’yib, hayotining asosiy qismini qadrli kasbiga bag’ishlagan ayollardan biri.

Malakali mutaxassis, o’z kasbining bilimdoni, jamoa faxri, yoshlar murabbiyi Xuriniso Mayusupova mehnat yo’lining dastlabki bosqichidagi ishlab chiqarish jabhasiga kirib kelganida g’ayrat-shijoatga to’la yosh qiz edi.  U maktabdan so’ng ilk mehnat faoliyatini Chodak kon boshqarmasida o’zi sevgan tahlilchilik kasbidan boshlab, uning ko’nikmalaridan boxabar bo’lgan holda yildan yilga tajriba daftarini to’ldirib bordi. Ko’p o’tmay jamoadoshlari hamda rahbariyatning e'tiborini qozona olgan yosh tahlilchi-mutaxassis bir o’rinda qo’nim topdi va ayni damda zimmasidagi vazifalarni mas'uliyat bilan boshqarib kelmoqda. Ustozlari o’giti, o’zining bilishga va o’rganishga bo’lgan intilishi Xuriniso Mayusupovani bitta laboratoriyada, bir mutaxassislikda 30 yilga yaqin ishlashdek sharafga musharraf etdi. Hozirgi kunda kon Analiz-tahlil laboratoriyasidagi boshlang’ich xom-ashyo tarkibidagi qimmatbaho metallar miqdorini aniqlash va ularni ajratib olish hamda nazorat xizmatiga jo’natishgacha bo’lgan jarayonlarning barchasi Xuriniso Mayusupovaning mahorat va ko’nikmalari asosida yuqori natijalarni qayd etayotgani umumjamoa yutuqlarining ta'minlanishida alohida o’rin tutmoqda.

Olovli pechlar yonida olovdek yoniq qalb qo’rini kasb-koriga baxshida etib kelayotgan, mehnati ortidan sermazmun hayot yo’lini bosib o’tayotgan Xuriniso Mayusupovadagi kamtarlik, hushmuomalalik kabi oliyjanob fazilatlar uni har doim hurmat va izzatda bo’lishiga xizmat qiladi. 

Hayotda inson uchun xalqiga, yurtiga nafi tegib yashashdan ham ortiqroq baxt bo’lmasa kerak. Ana shu baxtga yor bo’lgan Xuriniso Mayusupova bugun farzandlarini ham mehnatga bo’lgan ishtiyoqini uyg’otib kelayotganidan, qolaversa, ularning kasb-kor egasi bo’lib, el koriga yarayotganidan behad shod.

Xuriniso Mayusupova hayotning tamal toshi mehnat asosiga qurilganini, halol mehnat ortidan topilgan ehtirom bahosiz ekanligini zurriyodlariga uqtirib kelishdan charchamaydi.

Jamiyatda o’z o’rnini topish ayolga quvonch baxsh etadi. Mehnati ortidan saodat topgan ayollardan biri Zemfira Aysina yoshligidan texnikaga mehr qo’ygan, shu bois ham hech ikkilanmay Olmaliq Kon-metallurgiya KHKning "Sanoat korxonalari elektr uskunalari" fakultetiga hujjat topshirgan.

O’qishni muvaffaqiyatli tugatib, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Issiqlik energiya markaziga ishga qabul qilinadi. 1991 yilda ilk mehnat faoliyatini qozon trubina sexida mashinistlikdan boshlagan Zemfira Monavirovna mana 26 yildirki bitta jamoada, bitta sexda samarali mehnat qilib kelmoqda.

Mustaqillikning ilk yillaridagi murakkabliklar Zemfira Aysina mehnat qilayotgan mo'jaz korxonani ham chetlab o’tmadi. Qanday qiyinchiliklar bo’lmasin, ijtimoiy, iqtisodiy uzilishlar "bo’y ko’rsatmasin", u ko’plab fidoyi hamkasblari kabi o’z jamoasiga, kasbiga bo’lgan sadoqati bois, qiyinchiliklarni ko’pmingsonli kombinat mehnatkashlari qatorida yengib chiqaoldi. Bugun modernizasiyalash jarayoni keng ko’lamda olib borilayotgan, texnik yangilanib, zamonaviy ishlab chiqarish tizimi avtomatlashtirilgan holda ish unumdorligi ortgan Issiqlik elektr markazida eng namunali ishchilardan biri sifatida e'zozda.

Ustozlari Fyodor Nikonorov, Roza Xazievalardan mashinistlikning sir-sinoatini mukammal o’rgangan Zemfira Aysina o’zining  26 yillik samarali mehnat faoliyati davomida ko’plab yoshlarga ustozlik qildi. Bugun uning shogirdlari IEMning malakali mutaxassislari safini to’ldirib kelmoqda.  2015 yilda rahbariyat unga boshqarma bosh shchiti elektromontyorligini ishonib topshirdi.

Jamoadoshlari ta'kidlashganidek, hamisha hamkasblariga yaxshilik sog’inadigan, qo’lidan kelganicha ularga yordam beradigan, so’z berdimi, uni albatta o’z vaqtida bajaradigan Zemfira Aysina kombinat "Mehnat faxriysi". Uning mehnatlari kombinat, IEM va Kasaba uyushmasi kengashi tomonidan Faxriy yorliq hamda esdalik sovg’alari bilan munosib taqdirlangan.

Ayolga, onaga eng katta baxt - farzandi kamolini ko’rish. O’g’li Temurni oq yuvib, oq tarab kamolga etkazayotgan Zemfira Monavirovna dilbandini shu baxtli diyorimizning baxtiyor bir fuqarosi sifatida ko’rishni, uni  yurt koriga kamarbasta farzand bo’la olishini orzu qilib, duo qiladi. Zero, onalar duosi ijobat.

Klara Jo’rabekova uchun Mis eritish zavodining Metallurgiya sexi qadrdon ikkinchi go’shasi bo’lib qolgan, birgalikda mehnat yo’lini davom ettirib kelayotgan hamkasblari,  jamoadoshlari esa uning eng yaqin insonlariga aylangan.

Klara Jo’rabekova ushbu sexda o’z faoliyatini bundan roppa-rosa 20 yil avval shixtalovchilikdan boshlab, yillar davomida tanlagan kasbining siru sinoatlarini qunt bilan o’rganib, mukammal o’zlashtirib bordi. Jamoasidagi hamjihat muhit, qolaversa o’zidagi intiluvchanlik, mehnatga bo’lgan ishchan yondoshuv uni jamoada o’z o’rnini topishida yo’lchi yulduz bo’ldi.

Hozirgi kunga qadar Klara Jo’rabekova ko’plab yoshlarga ustozlik qilib kelmoqda. Uning ishga bo’lgan mas'uliyati, sex va zavod uchun belgilangan reja-topshiriqlarni o’z vaqtida og’ishmay bajarishda munosib ulush qo’shayotgani uning maqsad va vazifasiga aylangan. Bugungi kunda qurituvchi vazifasini sidqidildan ado etib kelayotgan malakali kasb egasi ishtirokida sex asosiy texnologik jarayonlarining aniqligi va qat'iyligi ta'min etib kelinayapti.

- Ayolning baxti nafaqat oilasiga, balki yurtiga va kasbiga bo’lgan sadoqati bilan ham o’lchanadi, - deydi Klara Jo’rabekova. - Baxtning birinchi kaliti - mehnatdir. Mehnatdan topilgan halol rizq shirin va u  oila xotirjamligini ta'minlaydi. Men o’z kasbimdan faxrlanaman. U qanchalik og’ir, qanchalik mas'uliyatli bo’lmasin uni boshqarish menga zavq bag’ishlaydi. Chunki ushbu kasbim ortidan mehnat kishisiga aylandim, qadrdon jamoamga, dildosh hamkasblarimga ega bo’ldim. Kasbim ortidan oilam, ro’zg’orimni yashnatayapman. Qolaversa, el-yurt, jamoam orasida hurmat-izzat topdim. Oz bo’lsa-da yurtim ravnaqiga ulushim qo’shilayapti. Mehnatkash ayol uchun mana shu faxrning o’zi kifoya.

Darhaqiqat, bu zahmatkash ayol jamoasi va eng asosiysi oilasi, farzandlari uchun o’zini mehnatga baxshida etib kelayapti. Hayotining uzunligi bilan emas, balki mazmuni bilan qadrlab, zalvorli mehnati bilan e'zoz topib kelayotgan Klara Jo’rabekova singari jafokash ayollarimizga dil tubidagi barcha orzulari ro’yobi nasib etishini tilab qolamiz.

Malakali mutaxassis, o’z kasbining puxta bilimdoni, ko’plab ishchi-yoshlarning mohir ustozi bo’lmish Nigora Bobojonova kombinatning yirik korxonalaridan birida o’z o’rnini mustahkam egallab, mehnat kishisi sifatida ishlab kelayotgan zahmatkash ayollardan biridir.

U salkam yigirma yilga yaqin umrini Angren kon boshqarmasining Oltin saralash fabrikasida filtrlovchi kasbiga bag’ishlab, bu kasbni hamon chin dildan ardoqlab kelmoqda. Nigora Bobojonova mehnat qilib kelayotgan fabrika jamoasi so’nggi yillar mobaynida samarali ishlab chiqarish ko’rsatkichlarini ta'min etib borish barobarida Davlat dasturlari doirasidagi bir qator amallarga ham samarali ulush qo’shib kelayotgani tahsinga loyiqdir. Qahramonimiz mazkur mehnat jabhasida zimmasiga yuklatilan majburiyatlarni oqilona ado etish, o’z kasbini mohirona boshqarish, texnologik bosqichlarni qat'iy asoslarda olib borilishini ta'minlash, uskuna va jihozlardan samarali foydalangan holda flotasiya jarayonlari uzluksizligini amalga oshirish bilan bir qatorda ana shu muvaffaqiyatli zafarlarda kamtarona hissasi borligidan faxrlanadi. Malakali boyituvchi-flotator uzoq yillik tajribasi, ayollarga xos shijoati, mehnatga bo’lgan samimiy munosabati bilan bugun nafaqat yaqin hamkasblari, balki fabrika rahbariyatining ham hurmat-e'tiborini qozongan. Qolaversa, Nigora Bobojonovadagi ana shu jihatlar bugungi kunda uni "Konchilik shuhrati"dek unvonga sazovor etgan.

- Zamonlar osha yashab kelayotgan bir haqiqat bor - jamiyatning madaniy darajasi, iqtisodiy va ma'naviy barkamolligi ayollarga bo’lgan munosabatda aks etadi. Binobarin, ayollar o’zlarining mehnatsevarligi, g’amxo’rligi, mehr-muhabbati bilan butun jamiyatda halollik, poklik, samimiyat va adolat muhitini saqlab turadilar, - deydi Nigora Bobojonova. - Bugun ana shunday ayollar safida ekanimdan, yurtimizda xotin-qizlarga ko’rsatilayotgan yuksak e'tibor va g’amxo’rlikdan bahramand bo’layotganimdan qalbim iftixorga to’ladi. Umrimning salkam yigirma yilini ushbu kasbga bag’ishladim va shunga amin bo’ldimki, agar inson o’z kasbini sevsa, tinchlik, farovonlik va yorqin kelajak uchun oz bo’lsada mehnati singsa, albatta mehnatining natijasini, rohatini ko’rar ekan.

Kombinatimizning yordamchi sex va bo’linmalarida ham o’zlarining nozik qo’llari, aqlu-zakovati va mehru-muhabbati bilan ulkan korxonamizning rivojiga  munosib hissa qo’shib kelayotgan ayollarimiz borki, ularning ham mehnati har qanday tahsinga munosib.

Iste'mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasiga qarashli Iste'mol mollari va qadoqlangan suv ishlab chiqarish sexi 7 kishidan iborat mo'jazgina jamoa bo’lib, ulardan besh nafarini ayollar tashkil etadi. Bir smena davomida sex ishchilari 5 tonnagacha suvni qadoqlab, kombinatimiz korxonalarida asosiy ishlab chiqarish bilan band bo’lgan ishchi mutaxassislarga yetkazib berishadi.

10 yildirki ush-bu sexda qadoqlash uskunasining operatori bo’lib ishlab kelayotgan Irina  Li malakali ishchilardan biri. Ishga va kasbiga bo’lgan mehri tufayli u qisqa fursat ichida ishlab chiqarish jarayonini o’zlashtira oldi. Sex rahbariyati uni qadoqlash uskunasi operatori etib tayinladi.

O’tgan vaqt davomida Irina Viktorovna o’zining mehnatsevar, jamoasiga jonkuyar, belgilangan topshiriqlarni o’z vaqtida bajarishga intiladigan ishchi sifatida namoyish etdi.

"Ayolning eng oliy baxti avvalom bor uning oilasida", deydi Irina Viktorovna. Darhaqiqat, u vafodor yor va mehribon ona, munis buvijonu qadrli opa-singil. Shu bois ham doim yaqinlari ardog’ida.

OKMK ravnaqi uchun 24 yillik mehnat faoliyatini baxshida etgan Yerastova Vera Viktorovna kombinatimiz tasarrufidagi Idoraviy harbiylashgan qo’riqlash xizmatiga 1992 yilning 5 mayida 1-toifali 1-tasnif nazoratchisi lavozimiga ishga qabul qilingan.

To’rt yildan so’ng, uning kasbiy layoqati, insoniy fazilatlari hisobga olinib, Vera Viktorovna 1-toifali dispetcher lavozimiga o’tkazilgan va hozirgi kungacha shu yerda ishlab kelmoqda. Harbiy xizmatchilar oilasida tug’ilib katta bo’lgan Vera Viktorovna ota-bobolarining qat'iy intizomga rioya qilib yashaganlarini ko’rib, his qilib o’sdi. Aynan shu hayotiy ko’nikmalari uning ish faoliyatida juda qo’l keldi. U  o’zgalardan biror nima talab qilishdan avval  insonning o’zi shu talabga to’liq javob bera olishi kerak, deydi. Vera Yerastovaning eng qadrlaydigan insoniy fazilatlari sirasiga rostgo’ylik kiradi. Bugungi kunda Idoraviy harbiylashgan qo’riqlash xizmatiga kombinatimiz ob'ektlarini ham ichki, ham tashqi yot ta'sirlardan, xavf-xatardan himoya qilish, xalq mulkini talon-taroj bo’lishining oldini olish vazifasi yuklatilgan. Shu bois barcha postlardan keladigan tezkor ma'lumotlarni vaqtida qabul qilish, saralash va kerakli manzilga kechiktirmasdan yetkazish V.Erastova kabi mazkur xizmat dispetcherlaridan ziyraklik, hushyorlik, tezkorlik va hozirjavoblikni talab etadi.

Mana, 20 yildirki, aynan shu jabhada mehnat qilib kelayotgan Vera Viktorovna hamisha saranjom-sarishtaligi, xushmuomalaligi, hujjatlar yuritishda e'tiborli, mehnatsevar va intizomliligi bilan jamoada ajralib turadi. Yuqori tashkilotchilik qobiliyatiga ega bu ayol jamoadoshlari orasida o’ziga xos hurmat-e'tiborga sazovor bo’lgan.

Ayol nomi qoshida dunyo

Ehtiromla etgaydir ta'zim.

U hayotning ramzidir go’yo

U hayotday mangu va azim!

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech