http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Tadbirlar

"Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol"

on .

Ayol - yaratganning tengsiz mo'jizasi, hayotimiz chirog’i, bizni jasoratlarga undovchi buyuk hilqatdir. Bugungi kunda ayollarimiz iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, madaniy jabhalar bo’ladimi, ular o’z imkoniyatlari va salohiyatini namoyon etmagan sohaning o’zi yo’q.

Bir so’z bilan aytganda, O’zbekistondagi zamonaviy ayol, bugun nafaqat uy bekasi, balki jamiyatning ishonchli tayanchi, o’sib kelayotgan yosh avlod qalbiga ona-yurtga sadoqat tuyg’ularini singdiradigan mehr-oqibat timsoli, yetuk mutaxassis, o’z kasbining ustasi sifatida oldingi saflarda mehnat qilib kelmoqda va yurt ravnaqiga munosib ulush qo’shmoqda. Ayollarimizning davlat va jamiyat qurilishidagi rolini kuchaytirish, shuningdek, siyosiy huquqlarini oshirishga qaratilayotgan alohida e'tibor tufayli ularning jamiyatdagi tutgan o’rni yuksalib bormoqda. Respublikamizning eng yirik sanoat korxonalaridan biri bo’lgan "Olmaliq KMK" AJda ham bugungi kunda 6500 nafardan ziyod ayollar ishlab chiqarish ko’rsatkichlarining yuksalishiga, korxona taraqqiyoti va rivojlanishiga o’zlarining salmoqli hissalarini qo’shib, sidqidildan mehnat qilib kelishayapti.

Ana shu fidoyi va zahmatkash ayollar sharafiga an'anaviy tarzda har yili kombinat rahbariyati va Kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar ayyomi arafasida bayram konserti tashkillashtirilib, ularga yuksak ehtirom ko’rsatiladi. Bu yilgi ayyomga bag’ishlangan tantana kuni-kecha "Metallurg" madaniyat saroyida har yilgidan o’zgacha ruhda bo’lib o’tdi. Madaniyat saroyi foesida munis ayollarimizni kombinat ishchi-yigitlari musiqa sadolari ostida kutib oldilar.

Konsert debochasida kombinat bosh muhandisi Furqat Maksumov barcha xotin-qizlarni nafosat ayyomi bilan qutlab, "Olmaliq KMK" AJ bosh direktori Aleksandr Farmanovning tabrigini o’qib eshittirdi.

Shundan so’ng korxona reja-ko’rsatkichlarining bajarilishida munosib ulush qo’shib kelayotgan, ishlab chiqarishda yuksak natijalarga erishgan, ibratli mehnat faoliyati bilan e'zoz topgan 3 nafar ilg’or ayollar - Mis eritish zavodi ishchisi Zulxumor Bobonazarova, Rux zavodining Kadmiy sexi gidrometallurg-apparatchisi Vasila Alekseeva hamda kombinat Texnik nazorat xizmatining qimmatbaho metallar bo’yicha boshliq o’rinbosari Irina Lomakinalarga III darajali "Konchilik shuhrati" ko’krak nishonini topshirdi. Shuningdek, bayram munosabati bilan korxona va jamoat ishlarida faol bo’lgan, kombinat ravnaqi yo’lida fidoyi bo’lib kelayotgan bir guruh xotin-qizlar Faxriy yorliq va qimmatbaho sovg’alar bilan taqdirlanishdi.                                

Shu kuni "Metallrg" MS sahnasida yangragan barcha qutlovlar munis ayollar qalbiga hayajon va quvonch tuyg’ularini hadya etdi. O’zbek estrada yulduzi, iste'dodli xonanda Sardor Mamadalievning sho’x kuy-qo’shiqlari ishchi xotin-qizlarga munosib bayram tuhfasi bo’ldi.

Kombinatning qo’l to’pi bo’yicha mamlakat chempionlari va O’zbekiston Respublikasi kubogi sohibi bo’lgan "OKMK jamoasi"ning ayollar uchun tayyorlagan bayram tabrigi ham dillarni shod etdi.

Toshkent Davlat sirkining illyuzionist-fokus ustasi - Eldor Islomov bayram ishtirokchilarini o’zining ajoyib chiqishlari bilan g’ayratga soldi.

"Bahor malikasi - 2016" ko’rik-tanlovi ishtirokchilari ijrosidagi jozibali raqslar, "Aziya Tashkent" guruhining dilbar qo’shiqlari hamda "Xandalak" qiziqchilar teatri so’z ustasi Ortiq Sultonovlarning ichakuzdi hangomalari ham barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

"Metallurg" MSning "Bahor", "Sitora", "Gulg’uncha", "Edelveys", "Koleydoskop", "Ritm", "Topotushki", "Raduga" sirk jamoalari tomonidan tayyorlangan ijodiy sahna ko’rinishlari o’zining rango-rangligi bilan bayram tadbirini yanada mazmunli o’tishini ta'minladi. Konsert yakunida sahnada jo’r bo’lib "Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol" qo’shig’ining ijro etilishi yana bir bor aziz va muhtarama opa-singillarimiz, onalarimizga bo’lgan yuksak e'tibor va e'tirofni namoyon etdi.                                      

Ushbu kun ayollarimizning nafosat ayyomi, mana shunday ko’tarinki,  bayramona va tantanovor ruhda o’tdi.

            Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech