http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Tadbirlar

Kombinatning bahor malikalari

on .

Bahor va ayol bir-biriga hamohang, bir-biriga uyg’un, mushtarak. Fasllar kelinchagi bo’lmish bahor ham ayol kabi barchani mehr-muhabbatga, yangi orzu-intilishlarga chorlaydi.

Shu bois ham joriy yilda "Olmaliq KMK" AJ xotin-qizlari o’rtasida an'anaviy tarzda o’tkazib kelinayotgan ko’rik-tanlov "Bahor malikasi" deb nomlandi. Kombinatning turli ishlab chiqarish jabhalarida 2014-2015 yillarda mehnat faoliyatlarini boshlagan eng qobiliyatli, ziyrak, ijodkor va

zukko ishchi-qizlar ushbu tanlovda ishtirok etishdi. Saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o’tgan 8 nafar latofatli qizlar ko’rik-tanlovning asosiy bosqichida "Metallurg" MS sahnasida 4 ta shart bo’yicha bahslashdilar. Odatdagidek, birinchi shartda ishtirokchilar o’zi va kasbi-kori, faoliyati haqidagi ma'lumotlarni turli janrlarda yiqilganlar e'tiboriga havola qilishdi. Bu shartda kombinat Sanoat temiryo’l transporti boshqarmasi ishchisi Shahlo Sultonovaning teatrlashtirilgan sahna ko’rinishi, Mis eritish zavodidan bo’lgan Hilola Ismoilovaning o’ziga xos ijodiy yondashuvi, Markaziy ta'mir mexanika zavodi ishchisi Mastura Holiqovalarning tanishtiruvi musiqa va matni bilan tomoshabinlar e'tiborini tortdi. "Oilaning farishtasi" nomli 2-shartda qizlar pazandalik bobida imtihon qilindi. Ishtirokchilarga tayyor holdagi biskvitlar taqdim etilib, belgilangan vaqt ichida ular o’z fantaziyalarini ishga solgan holda tortni bezatishlari lozim bo’ldi.

Ohak zavodi ishchisi Sevara Fayzullaeva tortga betakror bezaklar berib, o’z mahorati bilan barchani g’ayratga solgan bo’lsa, STTB a'zosi Shahlo Sultonovaning bezatgan torti va tortga bergan ta'rifi hakamlar hay'ati hamda tomoshabinlarga behad manzur bo’ldi. Tanlovning "Sport - salomatlik garovi" bosqichi "Metallurg" o’yingohida o’tkazilgan bo’lib, qizlar bu shartda o’z jismoniy qobiliyatlarini namoyon qilishdi. Ushbu sport bellashuvlarining video tasviri tanlov kuni tadbir qatnashchilari hukmiga havola etildi va ishtirokchi qizlar bahs shartlarida to’plagan ballariga qarab baholanishdi. MTMZ ishchisi Mastura Holiqova sport bo’yicha o’tkazilgan barcha bellashuvlarda yuqori ko’rsatkichlarni qo’lga kiritdi. "Dilkash lahzalar" nomli so’nggi shart tanlovni haqiqiy musiqali teatrlashtirilgan shouga aylantirdi. Mazkur shartda Ishtirokchi qizlarning har biri yuksak aktyorlik iqtidori va iste'dodlarini namoyon etishdi. MBF ishchisi Iroda Usmonovaning "Jaydari kelin" pesasiga ishlangan parodiyasi barchaga xushkayfiyat hadya etgan bo’lsa, Shahlo Sultonovaning "Bodom guli" qo’shig’iga mos ravishda ijro etgan klipi, YaTML ishchisi Shohsanam Anorboevaning hajviy she'ri ijrosiga xos qilib namoyish qilgan sahna ko’rinishi, UJTFB ishchisi Nasiba Mamazoidovaning "Andijon polka"sini yigitlarga xos mahoratli ijrosi barcha ishtirokchi qizlarning san'atga bo’lgan yuksak ixlosi va ijodkorligini namoyon etdi. hakamlar hay'ati tomonidan jamiki shartlardagi chiqishlar baholanib borilib, tanlov yakunida qizlarning to’plagan ballari "Bahor malikasi"ni aniqlashga zamin yaratdi. Bunday sharafli nomga joriy yilda STTB ishchisi Shahlo Sultonova sazovor bo’ldi va unga "Bahor malikasi-2016" yozuvi tushirilgan lenta hamda esdalik sovg’asi topshirildi. Qolgan ishtirokchilar ham namoyish qilgan salohiyatlariga qarab nominasiya egalari bo’lishdi. Xususan, "Eng ziyrak" nomiga MTMZ ishchisi Mastura Holiqova, "Eng qobiliyatli" nominasiyaga MEZ ishchisi Hilola Ismoilova, "Eng iste'dodli" ishtirokchi sharafiga MBF ishchisi Iroda Usmonova, "Eng latofatli" nomiga Shohsanam Boymuhammedovalar munosib topildi, "Eng quvnoq" nominasiyasi egasi UJTFB ishchisi Nasiba Mamazoidova bo’ldi. "Eng mahoratli" nomga YaTML ishchisi Shohsanam Anorboeva, "Eng nafis" nominasiyasiga Ohak zavodi sharafini himoya qilgan Sevara Fayzullaevalar sazovor bo’ldi.

Tanlovning yakunida kombinatning nafosat malikalari tomonidan ijro etilgan raqs bahor ayyomining betakror go’zalligi va ona-Vatan tarovatining ifodasi bo’ldi. Bir so’z bilan aytganda, joriy yilgi tanlov barchaga xushkayfiyat va bayram zavqini hadya qildi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech