http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Tadbirlar

Navro’z - bag’rikenglik, ezgulik ayyomi

on .

Ma'lumki, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ko’p yillardan buyon o’z vasiyligi va qaramog’idagi maxsus maktab-internatlar, mehribonlik va muruvvat uylarida yashovchilar holidan muntazam xabar olib, xayr-saxovat ko’rsatib kelmoqda. Ayniqsa, bayramlarda bu kabi amallar yanada keng quloch yozadi.

Mehr-muruvvat

Xususan, Navro’z bayrami oldidan, ya'ni 16 mart kuni  "Olmaliqmetallurgqurilish" tresti mas'ullari va kasaba uyushmasi qo’mitasi vakillari Piskent tumanidagi 79-ixtisoslashtirilgan maktab- internatga, Iste'mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasi Ohangarondagi "Saxovat" uyiga, 17 mart kuni Ijtimoiy ob'ektlar boshqarmasi Ohangarondagi "Muruvvat" uyiga, Kovuldi koni shahrimizdagi 6-maxsus maktabga, 18 mart kuni Sanoat temiryo’l transporti boshqarmasi 80-sonli maxsus maktab-internatga,  19 mart kuni Angren KB Angren shahridagi 34-sonli maktab-internatga, Xonjiza KB Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi Mehribonlik uyiga, 19 mart kuni Mis boyitish fabrikasi Bo’ka tumanidagi viloyat Mehribonlik uyiga kombinat va Kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan taqdim etilgan Navro’z shirinliklari, salqin ichimliklar, sut va non mahsulotlari, shuningdek, Navro’z palovi bilan tashrif buyurdilar. Kombinat san'atkorlari, shuningdek, maktab-internat o’quvchilari tomonidan tashkil etilgan Navro’z konsert dasturlari shu kungi bayramga o’ziga xos shukuh baxsh etdi.

Ijtimoiy himoya

Xalqimizning eng ulug’ va eng aziz bayramlari, milliy baramlar va kasb bayrami arafasida an'anaviy tarzda qariyalar, boquvchisini yo’qotgan va kam ta'minlangan oilalar xonadoniga tashrif buyurilib, ularga oziq-ovqat jamlamalari bayram sovg’asi sifatida tuhfa etiladi.

Navro’z ayyomi arafasida ham Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti ishtirokchilariga yuz ming so’mdan pul mukofoti va oziq-ovqat jamlamalari Navro’z sovg’asi sifatida taqdim etildi. Shuningdek, kam ta'minlangan, boquvchisini yo’qotgan oilalar, sobiq baynalmilal jangchilar va chernobilchilarga oziq-ovqat jamlamalari topshirildi.

Kombinat rahbariyati va Kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan ajratilgan ushbu sovg’alar korxona va sexlardan biriktirilgan mas'ullar vakilligida o’z egalariga yetkazildi va keksalar, xastalar, ijtimoiy himoyaga muhtojlar  holidan xabar olindi.

Korxonalarda navro’z

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida xalqimizning hech bir bayrami shunchaki o’tkazilmaydi. Har bir bayramga joylarda alohida tayyorgarlik ko’riladi. Jamoada namunali ishlab chiqarish ko’rsatkichiga ega, jamoat ishlarida faol, sportda o’ziga xos natijalarga erishib kelayotgan ishchi-xodimlar rahbariyat va kasaba uyushmasi qo’mitalarining sovg’alari bilan taqdirlanadilar, bayram dasturxonlari yoziladi.

Navro’z shodiyonalari arafasida konchilar, metallurglar, boyituvchilar, temiryo’lchilar, avtotransportchilar, laborantlar, quruvchilar, qo’yingki, barcha konchi-metallurglarning bahoriy ne'matlar-sumalak, ko’k somsa, yalpiz chuchvara, chak-chakgu shirmoy nonlar bilan bezatilgan bayram dasturxoni atrofida to’plangan ishchi-xodimlarning yuz-ko’zida shuk-ronalik, bahoriy iliqlik, do’stona samimiyat hukmron bo’ldi. Doshqozonlarda pishirilgan palovxonto’ra Navro’z dasturxonini yanada bezadi. Kamolotchi yoshlar qo’li-qo’liga tegmay, xizmatda bo’ldi. Ayniqsa, "Metallurg" MS ijodiy dastalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi shodiyonalarga sermazmunlik baxsh etdi.  Kuylar qo’shiqqa, qo’shiqlar raqsga ulandi.

Xalqimizning eng qadim va navqiron bayrami Navro’z yurtimizga ana shunday tantanavor ruhda - mehr-muruvvat, saxovat, e'tibor, e'zoz va qut-baraka bilan kirib kelmoqda.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech