Tadbirlar

Eng yaxshi gazelektrpayvandlovchisi

on .

Ayni davrga kelib O’zbekiston elektr tizimi 37 ta elektr stansiyasi va yuzlab kilometr kuchlanishli elektr uzatish liniyalari, 500, 220, 110 kVt.li magistral elektr uzatish liniyalari va kuchlanishi 35,10,6 kVt. taqsimlovchilar, minglab har xil kuchlanishli elektr podstansiyalarni o’z ichiga oladi.

Barcha elektr stansiyalarning 86,5%ni issiqlik elektr stansiyasi va 13,5%ni gidroelektrstansiyalar tashkil etmoqda. Butun dunyoda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi asosan Issiqlik elektr stansiyasi, Gidroelektrostansiya va Atom elektr stansiyalarining mahsuloti hisoblanadi.

"Olmaliq KMK" AJ, shu jumladan, shahrimiz korxonalari va sexlarining energiya manbalariga bo’lgan talabini qondirib kelayotgan Issiqlik elektr markazi keyingi yillarda zamonaviy energetika uskunalari bilan qayta jihozlanmoqda. Mavjud energetika uskunalari va energiya manbalarini uzatish tizimlariga xizmat ko’rsatish va ta'mirlashni gazelektrpayvandlovchilarsiz tasavvur qilish qiyin. Ma'lumki, Issiqlik elektr stansiyalari qayta tiklanmaydigan energetik zahiralar, yonilg’i energetika resurslari, neft mahsulotlari, gaz, ko’mir asosida ishlaydi.

Bu yerda issiqlik energiyasi avvalo mexanik energiyaga aylanadi, ya'ni bug’ (yoki gaz) harorati t=400-600o S va bosimi R=3-30 mPa turbogenerator bilan sinxron generatorni aylantiradi. Generator uch fazali o’zgaruvchan tok ko’rinishida elektr energiya ishlab chiqaradi. Turbogenerator (gazogenerator) uch pog’onali bo’lib, uning ikkinchi yoki uchinchi pog’onasidan ma'lum harorat va bosimda bug’ olinib, ishlab chiqarish va maishiy ehtiyojlarga ishlatiladi. Ushbu murakkab energetika qurilmalarini doimiy soz holatda ushlab turish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida o’tkaziladigan ta'mir ishlarida olib boriladigan profilaktik, joriy va rejali ta'mirlar payvandlash ishlari asosiga quriladi. Kombinatning asosiy energetika korxonalaridan biri hisoblanuvchi Issiqlik elektr markazida bugungi kunga gazelektrpayvandlovchilar mehnat qilib kelishmoqda. Ushbu kasb egalarining kasb mahoratini oshirish, ilg’or ish uslublarini ommalashtirish hamda yosh ishchi-xodimlar malaka va ko’nikmasini shakllantirish maqsadida markaz ma'muriyati, kasaba uyushma ko’mitasi hamda "Kamolot" YoIH tashabbusi bilan kuni-kecha ilk marotaba "Eng yaxshi gazelektrpayvandlovchi" ko’rik-tanlovi o’tkazildi.

Tanlovning dastlabki nazariy bilimlar bosqichida ishtirokchilar payvandlash nima, payvandlash transformatorlari, transformatorlarning volt-amper xususiyatlari, suyuqlanadigan elektrodlar bilan dastakli usulda payvandlash, payvandlash generatorlari, payvandlanayotgan materiallarning xossalariga oid savollarga batafsil javob berib o’tishdi. Bundan tashqari, mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasiga oid savollar tanlov imtihon biletlaridan o’rin olib, ishchi-xodimlarning bu boradagi bilimlari tekshirildi. Sardor Abduvaliev markaz qozon-trubina sexining yosh ishchilaridan bo’lishiga qaramay, ushbu shartda maksimal miqdorda yuqori ball to’play olgani diqqatga molikdir. Uning yana bir yosh hamkasbi Abdumannon Hayitboev ham yetarli nazariy bilimlarga ega ekanligini ko’rsata oldi. Ozodbek Inomjonov tanlovning eng yosh ishtirokchisi bo’lishiga qaramay, nazariy va amaliy shartlarda o’z jamoasi sharafini munosib himoya qilishga intildi. Tanlovning 8 nafar ishtirokchisi amaliy ishlarni bajarishlari uchun uchta payvandlash posti tashkil etildi. Turli o’lchamdagi quvurlarni payvandlash topshirig’ini bajarish shartini baholashda gazelektrpayvandlovchilarning ish joyini hozirlash, choklarning payvandlash sifati, tik va ko’ndalang holatdagi materiallarni payvandlash, ishlab chiqarish madaniyati hamda sanoat xavfsizligi qoidalariga rioya qilishlariga alohida ahamiyat berildi. Markazning tajribali gazelektrpayvandlovchisi Ixtiyor Boymurzaev ushbu shart bo’yicha eng yuqori ballni to’plashga muvaffaq bo’lgan bo’lsa, Jasurbek Alimbekov va Ozod O’rozqulovlar ham yaxshi natijalarni qayd etishdi. Issiqlik elektr markazi bosh muhandisi Muxtor Eshmatov, qozon-trubina sexi boshlig’i Rahimjon Qo’chqorov, markaz kasaba uyushma qo’mitasi raisi Sarvar Kalamxo’jaev va boshqa mutaxassislardan iborat hakamlar hay'ati tanlov ishtirokchilarining bilim va mahoratlarini baholab borishdi. Qozon-trubina sexi gazelektrpayvandlovchisi Ixtiyor Boymurzaev umumiy 42 ball to’plagan holda tanlovda uchinchi natijani qayd etdi. Uning hamkasbi Feruz Muzaffarov biroz ustunlik bilan ikkinchi o’ringa munosib ko’rildi. 46 ballga teng eng yuqori natijani ko’rsatgan Jasurbek Alimbekov Issiqlik elektr markazining "Eng yaxshi gazelektrpayvandlovchisi" deb topildi. Tanlov g’olib va sovrindorlari "Olmaliq KMK" Kasaba uyushmalari Kengashining Faxriy yorliqlari va qimmatbaho sovg’alari bilan taqdirlanishdi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech