A- A A+

Tadbirlar

Mehr ramzin chizdi bolalar

on .

Ezgu niyatlar bilan yashaydigan xalqmiz. Qalblarimizga singib ketgan har bir qadriyat hatida insonni ulug’lash yotadi. Oilani muqaddas sanaymiz, chunki bu go’shada kelajagimiz bunyod bo’ladi. Ayolni ulug’laymiz, chunki ular avlodlarimiz davomchisi.

Umrimizni farzand tarbiyasiga bag’ishlaymiz, zero, ezgu maqsadlarimiz ro’yobini ular qiyofasida ko’ramiz. Kombinatning bunyodkor pudratchi tashkiloti hisoblanuvchi "Olmaliqmetallurgqurilish" tresti ma'muriyati, kasaba uyushma qo’mitasi xotin-qizlar bilan ishlash komissiyasi tomonidan tashkillashtirilgan "Mening onam - eng go’zal ayol"  rasmlar tanlovi timsolida yuqoridagi fikrlar tasdig’ini ko’rish mumkin. "Sog’lom ona va bola yili"ga bag’ishlab belgilangan tarbirlar doirasida kuni-kecha o’tkazilgan tanlovda 4 yoshdan 8 yoshgacha bo’lgan kombinat bunyodkorlarining 20 nafarga yaqin farzandlari ishtirok etishdi. Tanlov bolajonlar tomonidan tayyorlangan uy vazifalari muhokamasi bilan boshlandi. Bolajonlarga erkin mavzuda rasmlar chizish vazifasi yuklatilgan va bu ijodiy ishlar tanlov shartlarida muhim ahamiyat kasb etishi haqida ishtirokchilarga ma'lumot berilgan edi. Uy vazifasi esa jajji bolajonlar tomonidan qoyilmaqom tarzda bajarilgani taqdimotlar davomida o’z isbotini topdi. Trest muhandis-texnigi Munira Umaralievaning o’qillari Boburjon va Sunnatillolar yosh va dunyoqarashlariga mos holda rasmlar chizishdi. Mehnatga haq to’lash bo’limi muhandisi Vasila Ergashevaning farzandlari Suhrob va Javohirlar ham tengdoshlaridan qolishmagan holda betakror ijod namunalarini yaratishga intilishdi. EHM operatori Komila Dadaboevaning qizalog’i Madina endigina to’rt yosh bo’lishiga qaramasdan rangli qalamlarni dadil ishlatishini ko’rsatdi. Quruvchi-muhandislar sulolasining nabirasi Parizoda Ahmadjonova syujet va dekorativ uslublarni uyg’unlashtira olgani bilan ajralib turdi. Muxlisa Turg’unboeva onasi Muattar Topilova bilan birgalikda alohida predmetlardan mo’'jiza yaratishga intilishdi. Sakkiz yoshli Samira Rahimova noyob iqtodirini namoyish etdi. Tanlovning eng yosh ishtirokchilari Dostonbek Baxtiyorov va Sarvarbek Po’latovlar suratlarida boqiylik ramzi bo’lgan quyosh va tinchlik timsoli bo’lgan kabutarni chizib, olqishlar olishdi. Bir-biridan be-takror rasmlardan olam-olam ma'no uqish imkoni bo’ldi. Uyg’onish davrining buyuk musavviri Mikelandjello "Rasm qo’l bilan emas, tafakkur bilan chiziladi", deya e'tirof etgandi. Bolajonlarimizning "Mening onam - eng chiroyli ayol" rasmlar tanlovi yurtimizda ulug’ ajdodlarga munosib vorislar, umid ertamiz bo’lgan iqboli nurli farzandlar kamol topayotganini amalda isbotladi. Tanlov qatnashchilari va g’oliblari o’quv va tasviriy san'at qurollari bilan mukofotlanishdi.

Dilorom ASRAEVA,

"Olmaliqmetallurgqurilish" tresti 

Ishlab chiqarish texnik bo’limi muhandis-texnologi

 

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech