Tadbirlar

Metallurglar oilalari startda

on .

Ma'lumki, har qaysi davlat, har qaysi xalq unib-o’sib kelayotgan yosh avlod timsolida shu xalqning orzu-intilishlarini ro’yobga chiqaradigan buyuk kuchni ko’radi. Farzandlar oilaviy hayot maktabi orqali jamiyat talablarini anglaydi, his etadi.

Olimlar farzand tarbiyasini uch tarkibiy qismga - jismoniy, aqliy va ma'naviy tarbiyaga bo’ladilar. Ular uyg’un olib borilganidagina bola har tomonlama yetuk, jamiyatga nafi tegadigan, Vatan taraqqiyotiga xizmat qiladigan shaxs bo’lib kamolga yetishadi. Ana shu maqsadlarga mushtarak holda Mis eritish zavodining "Sog’lom ona va bola yili" dasturi doirasida sport sog’lomlashtirish musobaqasi "Metallurg" sport kompleksida o’tkazildi.

Korxona boshqarmasi, sex va uchastkalarida mehnat qilib kelayotgan xotin-qizlar va ularning farzandlari o’rtasida o’tkazilgan mazkur tadbirning "Sport, yoshlik va salomatlik" shiori ostida tashkillashtirilgani kutilgandan yuqori natijani berdi. Sportning ko’pkurash bellashuvlarida metallurglar oilalari sog’lom turmush tarzi, sog’lom raqobat, metin iroda va intilish namunalarini amalda ko’rsata olishdi. Zavod havo taqsimlash sexi sharafini ishlab chiqarish ustasi v.b. Alsu Maksyutova va elektromontyor Elmira Surikova farzandlari Ayrat va Vasilisa bilan birgalikda himoya qilishdi. Yulya Kuznesova o’zining sakkiz yoshli qizi Darya bilan birgalikda Metallurgiya sexi nomidan startga chiqib, musobaqadoshlariga munosib raqib bo’la olishdi. Yetakchi muhandis Shahlo Asqarova va EHM operatori Nihola Parmanqulovalar korxona boshqarmasida mehnat qilish bilan birga farzandlariga har tomonlama yetuk tarbiya berib kelayotgan oila sohibalari hisoblanishadi. Bu oilalar ham  sport ko’pkurashlarida ajoyib natijalarni qayd etishdi. Basketbol, futbol, arg’amchida sakrash, ma'lum masofaga yugurish, dars va uzoq masofaga sakrash musobaqalari qizg’in kurashlar ostida o’tdi. Korxona kasaba uyushma qo’mitasi komissiyalari a'zolari A.Ahmedov va Sh.Umaralievlardan iborat hakamlar hay'ati musobaqaning yuqori saviyada tashkillashtirilishini ta'minlash bilan birga tanlov ishtirokchilarining natijalarini baholab borishdi. Korxona boshqarmasi xodimasi Nihola Parmanqulova va Otabek Hamidullaevlarning oilaviy jamoasi shohsupaning uchinchi pog’onasini zabt etishdi. Korxonaning eng yirik energetika uchastkasi - havo tahsimlash sexi xodimasi Alsu Maksyutova va Ayrat Murtazaev dueti ikkinchi o’ringa munosib ko’rildi.

MEZning eng istiqbolli kimyo bo’limi - Sulfat kislotasi sexi xodimasi Nodira Beknazarova farzandi Izzatilla bilan birgalikda eng yuqori natijani ko’rsatib, "Sog’lom ona va bola" sport musobaqasining g’olibiga aylanishdi. G’oliblar qimmatbaho esdalik sovg’alari bilan taqdirlanishdi.

Eng asosiysi, mazkur tadbir oilalardagi mehr-oqibat, o’zaro hurmat, yurtimizdagi tinch-totuv, yosh oilalarni qo’llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko’tarish, jismonan sog’lom, har tomonlama rivojlangan barkamol avlodni tarbiyalashda oilalar rolini oshirish, bu borada mehnat jamoasining mavqeini mustahkamlash va shu asosda oilalarda sog’lom turmush tarzini ta'minlashdek maqsad yo’li sari bir qadam bo’ldi.

Sanobar NORINBOEVA,

 MEZ kasaba uyushma qo’mitasi raisi o’rinbosari

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech