A- A A+

Tadbirlar

Kasb tanlovlari hamkasb dugonalar bahsi

on .

Konchilikning muhim tarmog’i bo’lgan marksheyderlik tabiiy sharoitdagi ob'ektdan aslidan o’lchashlar, yer qa'ridagi foydali qazilmalar shakli va o’lchamlari, foydali komponentlarning joylashuvi, lahmlarning fazoviy o’rni, qazib olish ishlari davomida yuzaga kelgan kon bosimi, yer yuzasi  jinslari deformasiyasini o’rganishni o’zida mujassam etuvchi murakkab sohadir.

Marksheyderlik matematika, fizika, texnika, astronomiya, geodeziya, geologiya va konchilik ishlari kabi aniq fanlar bilan bog’liqlikda o’z faoliyatini tashkil etadi. Qidiruv va boshqa konchilik inshootlarini loyihadan asliga o’tkazish, lahmlarga yo’nalish berish, konlarni reja va kesma ko’rinishli fazoviy geometrik o’lchash usullari bilan xaritaga o’tkazish va ularni marksheyderlik hujjatlarida aks ettirish mazkur soha faoliyatining asosini tashkil etadi. Kombinatning bosh koni- Qalmoqqir kon boshqarmasi Marksheyderlik xizmati xodimlari yuqoridagi vazifalarni bajarishda teodolitlar, taxeometr va elektron optik asboblar bilan qurollangan holda konchilar bilan elkama-elka mehnat qilib kelishadi. Ayni kunga kelib, boshqarma  konlarida 10 nafar marksheyder xodimlar faoliyat olib bormoqda. Kuni-kecha ana shu kasb vakilalari o’rtasida kasb mahorati tanlovi o’tkazildi. Tanlovning birinchi nazariy bilimlar bosqichida hamkasb dugonalar o’z kasbi va sanoat xavfsizligiga doir savollarga javob berib o’tishdi. Elektron planimetor yordamida yuzani hisoblash topshirig’i esa amaliy bilimlar shartining asosini tashkil qildi. Tanlov davomida marksheyderlar nazariy jihatdan yuqori bilim va amaliy ishlar doirasida yetarlicha mahoratga ega

ekanliklarini ko’rsatishdi. Marksheyder qizlar tanlovining eng yosh ishtirokchisi 1-zahira koni uchastkasi xodimasi Shahina Berdieva tajribali  hamkasblari bilan ishonchli tarzda bellashgan holda uchinchi o’rinni egallagani tahsinga loyiqdir. Sharqiy karer koni marksheyderi Gulnora Abdurahmonova ikkinchi o’ringa munosib deb baholandi. Uning jamoadoshi Oksana Radaeva hamkasb dugonalaridan biroz ustunlikka erishgan holda Qalmoqqir konining "Eng yaxshi marksheyder"i sifatida e'tirof etildi. Tanlov g’olib va sovrindorlari kombinat Kasaba uyushmasi Kengashining qimmatbaho sovg’alari va diplomlari bilan taqdirlanishdi.

Ozod ABDURAIMOV,

Qalmoqir KB kasaba uyushma qo’mitasi raisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech