http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Xabardormisiz?

Iqbol va istiqbol qomusi

on . Posted in Xabardormisiz

“Kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy holati, irqi, millati, jinsi, ma’lumoti, tili va dinga munosabatidan qat’iy nazar barcha fuqarolar Qonun oldida tengdirlar”.

Aynan shu jumlalar bilan mazmun-mohiyati yanada boyigan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi o’tgan 25 yil davomida xalqimizning chinakam iqbol va istiqbolini belgilab beruvchi Qomus, Qonun hujjatiga aylangandi.

Xalqaro ekspertlar tomonidan alohida e’tirofini topgan xususiyat, bu - Konstitutsiyaning “O’zbekiston xalqi” deb boshlanishidir. Bunday jumlalarni boshqa biror-bir hujjatda uchratmaymiz. Shuning o’zi ham xalq hokimiyatchiligining yorqin dalolatidir. Asosiy Qonunimizda xalq suvereniteti ham qayd etilgan. Xususan, unda “demokratiya” va “demokratik” so’zlari 7, “xalq” so’zi esa 24 marotaba qo’llanilgan.

Insoniy qadriyatlar timsoli, butun bir xalq vijdoni va yuzi sifatida namoyon bo’ladigan Konstitutsiyamizning 25 yilligi joylarda keng nishonlandi. Mazkur sana munosabati bilan joriy yilning 4 dekabr kuni "Olmaliq KMK" AJ “Metallurg” madaniyat saroyida bo’lib o’tgan tadbir Toshkent viloyati miqyosida tashkil etilgan yirik tadbirlardan biri bo’ldi.

Tadbir avvalida O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o’rinbosari Achilboy Ramatov, Toshkent viloyati hokimi G’ulomjon Ibragimovlar so’zga chiqishib, bayram bilan barchani qutladilar. Ma’ruzachilar oldimizda turgan vazifalarni amalga oshirishda xalqimizning fidokorona mehnati, sabot va zahmati rivojlanishning eng muhim jihatlari ekanligini ta’kidlab o’tishdi. Tadbir davomida Toshkent viloyatining turli soha vakillari “Do’stlik” ordeni, “Shuhrat” medali hamda “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan sanoat xodimi” unvonlari bilan taqdirlandilar. Xususan, ular orasida “Olmaliq KMK” AJ Mis eritish zavodi Ta’mirlash-mexanika tsexi boshlig’i Saparali Qo’chqorov va Markaziy ta’mirlash mexanika zavodining po’lat quyuvchisi To’lqin Abduxoliqovlarning nomlari ham e’tirof etildi.

- Po’lat quyish ishi insondan o’zi kabi metindek zahmat va sabrni talab etadi. Mana bu yil ushbu sohada mehnat qilayotganimga 22 yil bo’ldi. Sermashaqqat mehnatimiz davlatimiz tomonidan mazkur yuksak mukofotga munosib ko’rilganligi kishini to’lqinlantirib yuboradi. Bundan keyin ham o’z ishimni “Ustoz-shogird” an’anasi bo’yicha davom ettirib, yoshlarga kasbim sirlarini o’rgatishda o’z bilim va tajribamni ayamayman, - deydi qahramonimiz.

Bayram tantanalari davom etarkan, davlatimiz rahbarining “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob halqimiz bilan birga quramiz” degan mashhur jumlasining amaliy ifodasini ko’rib, kishi qalbida kelajakka bo’lgan ishonch yanada mustahkamlanadi. Mazkur viloyat tadbiri kuy-qo’shiqlar, ajoyib badiiy chiqishlar bilan mazmunan yanada boyidi. Zero, bu kabi madaniy va ma’rifiy tadbirlar xalqimizning vijdoni va erki, yillar silsilasida toblanib kelayotgan an’ana va qadriyatlarining o’ziga xos ramziy ifodasi bo’lib namoyon bo’ladi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech