http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Xabardormisiz?

Til - millatning ruhiyatidir

on . Posted in Xabardormisiz

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan belgilangan va mamlakat miqyosida amalga oshirilayotgan 2017-2021 yillarga mo`ljallangan Harakatlar strategiyasi hayotimizda yangi bosqichni boshlab berdi. Prezidentimizning keyingi farmon va qarorlarida ham barcha sohalardagi dolzarb vazifalarning bajarilishi amaliy natija bilan bog’liqligi qayd etilgan.

Bu natijalar davlat hayotining barcha sohalari, jumladan, ilm-fan, madaniyat va ma’rifat, o`qish va o`qitish, kitobxonlik hamda til siyosati masalalarida izchil va samarali, bunyodkorlik mehnatimizning natijalaridir.

1989 yilning 21 oktyabrida “Davlat tili haqida”gi Qonunning qabul qilinishi o`zbek xalqi hayotidagi buyuk ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy voqealardan biri bo`ldi. Shuningdek, bu Qonunning qabul kilinishi mohiyatida xalqimizning, fidoyi ziyolilarimizning ko`p ming yillik kurashi tarixi aks etgan. Bu kurash ayni davrda ona tilining mavqei va maqomini o`z o`rniga qo`yish, milliy ong, milliy tafakkur, milliy g’urur va qadriyatlarni tiklash yo`lidagi fojiali va mardonavor harakatlarning mantiqiy davomi sifatida ko`rinadi. Mustaqilik yillarida ona tilimiz o`zining tarixiy ildizlari bilan yana bog’landi. Hozirgi kunda adabiy tilimizda chuqur ijtimoiy jarayonlar - yangilanish va imkoniyatlarning qayta “kashf etilishi” jarayonlari kechmoqda. Bu iqtisod va siyosatda, tafakkur va dunyoqarashda istiqlol g’oyalarining tobora mustahkamlanayotganligidan dalolat beradi.

Kishilik jamiyati va davlatlar paydo bo`lgandan boshlab til qurilishi, til siyosati, davlat tili masalalari ham alohida ahamiyat kasb eta borgan. O`zbek millati asrlar osha o`z tili va urf-odatlari, qadriyatlarini avaylab saqlab keldi. Uning M.Qoshg’ariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Atoiy, Sakkokiy, Lutfiy, A.Navoiy, Mirzo Bobur, Ogahiy, Furqat, Muqimiy, A.Qodiriy, Oybek, A.Qahhor, G’afur G’ulom kabi minglab fidoyi va donishmand farzandlari ona tilining e’tibori, mavqei, tozaligi, tushunarli bo`lishi, milliy asosdan uzoqlashmasligi uchun kurash olib bordilar. O`zbek tilining nafaqat milliy, balki umuminsoniy, umumbashariy tushuncha va qadriyatlarni ham ifodalay olish qobiliyati hech bir tildan qolishmasligini amalda isbotladilar.
Istiqlol yillarida O`zbekiston jamiyatida nafaqat o`zbek tili, balki mamlakatimizda yashayotgan boshqa millat va xalqlarning tillari va madaniyatlari rivoji uchun ham teng va erkin shart-sharoit yaratib berildi. Bu Qonunlarimizning insonparvarlik va demokratik tamoyillaridan kelib chiqadi.

Til - millat hayoti, turmush tarzi, tafakkur olami, o`y-fikrlari, ma’naviy-madaniy qobiliyatining ajralmas qismi, o`ziga xos in’ikosi yoki ko`zgusidir. Til jamiyatda aloqa, axborot almashuv vositasi bo`lish bilan birga, avvalgi avlodlar tajribasini keyingi avlodlarga yetkazuvchi hamda jamiyat a’zolarini tarbiyalovchi, ta’lim va saboq beruvchi  asosiy vositadir.

1991 yil 31 avgustda milliy istiqlol e’lon qilinib, uning siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, ma’naviy asoslari O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (1992 yil 8 dekabr)da o`z ifodasini topdi. Hayotimizning asosiy Qonunining 4-moddasida shunday deyiladi “O`zbekiston Respublikasining davlat tili o`zbek tilidir”. Shu bilan birga, “O`zbekiston Respublikasi o`z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”.

Tilimizning tovush qurilishini nisbatan mukammal aks ettiradigan yozuv - lotin yozuviga o`tildi. Dunyoda yozuv tizimlarining to`rt turi keng tarqalgan bo`lib, jahon aholisining 30 foizi lotin yozuvidan, slavyan - kirill yozuvidan 10 foizi, arab yozuvidan 10 foizi, Hind yozuvidan 20 foizi foydalanadi. Dunyo xalqlarining qolgan 30 foizi  boshqa turli yozuv turlarini ishlatadi.

Mamlakatimizdagi umumta’lim maktablarida o`qitish ishlari yetti tilda - o`zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qirg’iz, qozoq va turkman tillarida olib borilmoqda, darslik va qo`llanmalar shu tillarda nashr etilmoqda.

2013 yil yanvar oyidan boshlab xalqaro me’yorlarga mos keladigan yangi tizim - ilmiy-texnik va pedagog kadrlar tayyorlashning uch bosqichli - bakalavr, magistr, fan doktori darajalarini beruvchi tizim hayotga joriy etilmoqda. Barcha fanlar qatori O`zbekistonda nafaqat o`zbek tili, balki mamlakatimizda qo`llanilayotgan tillar bilan birga, jahon tillarini ham o`rganish va tadqiq etish uchun keng istiqbol ufqlari ochildi.

Yangi davrda o`zbek tilining muloqot vositasi bo`lish, axborot almashish vazifasi bilan birga, safarbar etuvchilik, butun jamiyatga ma’rifiy-tarbiyaviy ta’sir ko`rsatish, avvalgi avlodlar tajribasini hozirgi avlodlarga yetkazish kabi vazifalari juda faollashdi. Mustaqillik yillarida unutilgan, unutilib borayotgan yoki kemtik bo`lib qolgan kadriyatlarimiz, milliy-tarixiy xotiramiz qadamba-qadam tiklandi.  O`zligini anglash, qadr-qimmatini bilish, yagona davlat va millatga mansublik tuyg’ulari ongimizga tobora singib bormoqda. Bir vaqtlar “ko`cha tili”, “uy tili”, “bozor-o`char tili” deb haqoratlangan ona tilimiz bo`y-bastini, qaddini  tiklamoqda, ijtimoiy turmushning barcha sohalarida erkin qo`llanmoqda, xalqaro minbarlarda yangramoqda.

Tarixan nohaq, unutilgan, “eski” tamg’asi urilgan iymon, fuqaro, muharrir, sug’urta, islohot, ta’til, foiz, mumtoz, alifbo, badal(vznos), manzil (adres) kabi ko`plab so`zlar yana ishlatila boshlandi. So`rovnoma(anketa), narxnoma(preyskurant), tavsifno-ma(xarakteristika), chegirma(skidka), jo`natma (posыlka), bojxona(tamojnya) kabi so`zlar nutqimizdan doimiy o`rin olmokda.

Hozirgi davrning muhim vazifala-ridan biri - ziyolilarimizning til rivojiga ongli aralashishi, adabiy me’yor, nutq madaniyati, nutq odobi masalalariga doimiy e’tibor va talabchanlik ko`rsatishlari hisoblanadi. Ayrim sohalarda boshqa tillarga oid so`zlarni noo`rin ishlatish hollari davom etmoqda. Radio, televidenie, gazeta va jurnallarda adabiy me’yor va uslubga mos kelmaydigan, mantiqsiz jumlalarni, shevalarga oid so`zlarni eshitish, uchratish mumkin. Bular ona tiliga, umummilliy madaniyatimizga nisbatan loqaydlik alomatidir.

Til - millatning borlig’i, milliy-ma’naviy qiyofasi, ruhiyatidir. Bu qiyofa, bu ruhiyat millatning tani va joni ekan, u parvarish, e’tibor va g’amxo`rlikka doimo muhtojdir.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech