http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Xotira va qadr

Yaxshi nom barhayot umrdir

on .

Asrlar silsilasida davom etib kelayotgan tariximiz va bugungi kunimiz o’rtasida shunday bir mushtarak jihatlar borki, ularni ko’z ilg’amay ilojimiz yo’q. Bu uyg’unlik,  bu mushtaraklik tarix, o’tmish hayotini o’rganish va ertangi maqsadlarimizni belgilashda yaqqol ko’zga tashlanadi.

Bugun nafaqat “Olmaliq KMK” AJ Qalmoqqir kon boshqarmasida, balki shahrimizda Nosirovlar sulolasini bilmaydiganlar topilmasa kerak. Bu oilaning suyanchi Usmon ota Nosirov hademay 91 yoshni qarshi oladi. Bundan roppa-rosa 70 yil oldin Qo’qon neft texnikumini tamomlagan Usmon Mirahmedovich iqtidorli talabalar qatorida Moskvadagi Gubkin nomidagi Neft va gaz institutiga yo’llanma oladi. Taqdir taqozosi bilan mazkur oliygohni bitirish Usmon Mirahmedovichga nasib etmaydi. 1947 yilda Qo’qondagi Neft-gaz trestida geolog sifatida faoliyatini boshlagan Usmon Nosirov keyingi yili tirishqoqligi evaziga Moskva oltin va rangli metallar institutining talabasi bo’lish baxtiga muyassar bo’ladi. 1953 yilda mazkur oliy o’quv yurtini tamomlagan yosh-serg’ayrat, umidli mutaxassis sifatida u yangi bunyod etilayotgan sanoatchilar shahri Olmaliqqa yuboriladi. 1953 yildan 1994 yilgacha kombinatning Qo’rg’oshin konida kon boshlig’igacha bo’lgan zafarli mehnat yo’lini bosib o’tgan konchining  yangi istiqbolli Qalmoqqir konida mehnat qilish orzusi farzandlari Rinat va Gennadiyning hayot yo’llari orqali ushaladi. Otaning qo’sh qanoti bo’lgan bu farzandlar hozirgi kungacha padari buzrukvorlariga munosib izdosh bo’lib, kombinat bosh konining eng sermashaqqat, mas’ul ish uchastkalarida samarali mehnat qilib kelishmoqda. Qalmoqqir kon boshqarmasi Sharqiy kareri boshlig’i, O’zbekiston respublikasi Oliy majlisi senatori sifatida mamlakatimiz taraqqiyoti va yurtimiz farovonligiga o’z ulushini qo’shib kelayotgan Rinat Usmanovda otaning yoshlik shijoati, ushalmagan orzulari yuz ko’rsatgan.

- Hayotda umrni bezaydigan omillar bisyor. Bular ichida eng qadimiysi va bezavoli mehnatdir, - deydi kombinat mehnat faxriysi Usmon ota. - Qalmoqqir boy tajribasi negizida yangi Dalnee konini o’zlashtirish borasida ishlar boshlab yuborilganini eshitib, boshim osmonga yetdi. Biz boshlagan ishning munosib vorislari, izdosh farzandlarim borligi menga cheksiz quvonch baxsh etadi. Bayram arafasida biz kabi keksa insonlarga ko’rsatilayotgan g’amxo’rlik xalqimizga xos bo’lgan olijanob qadriyatlar ifodasidir. Tinchlik va taraqqiyotimizning hayotbaxsh samaralari yil sayin chiroy ochib, o’zgarib, yangilanib borayotgan shahar va qishloqlarimiz qiyofasida o’z aksini topayotgani kechagi mashaqqatlarimiz, bugungi mehnatimiz va kelajak maqsadlarimizning hosilasidir.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech