http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Xotira va qadr

Qadring baland yurtda yashamoq faxr

on .

Inson hayoti abadiy emas, lekin xotira mangu, xotira abadiy. Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q, deb bejiz aytilmagan. Ajdodlar xotirasiga ehtirom ko’rsatgan xalqning buguni farovon, ertasi yorug’ bo’ladi. Istiqlol, eng avvalo, inson qaddini, qadrini baland etdi.

Mana, bir necha yildirki, 9 may mamlakatimizda Xotira va Qadrlash kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Ushbu ayyom arafasida yoshlikning navqiron chog’larini urush olovlarida, janggohlarda o’tkazib, bugungi tinch va osoyishta hayotimiz uchun kurashgan insonlar jasorati yodga olinadi. El-yurt tinchligi, xotirjamligi yo’lida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz ruhini shod etish, shiddatli jang maydonlarida jasorat ko’rsatgan fidoyilarimizga hurmat-izzat ko’rsatish bizning burchimizdir.

- Tinchlik - bebaho ne’mat, - deydi urush va mehnat faxriysi Sobitxon ota Obidov. - Shukrki, bugun osuda kunlarda yashayapmiz. Yurtimiz kundan-kunga tobora chiroy ochib, uning nufuzi ortib bormoqda. Bunday kunlarga erishishning o’zi bo’lgani yo’q. Shu bois farovon hayotimizni asrash har birimizning muqaddas vazifamiz bo’lmog’i zarur. Darhaqiqat, mustaqillik yillarida mamlakatimizda xalqimizning tinch va osuda hayotini ta’minlashga, turmush darajasini yuksaltirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda keksalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarga ham alohida g’amxo’rlik ko’rsatilayapti. Yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag’batlantirish to’g’risida”gi Farmon ham buning yaqqol tasdig’idir. Bugun bu yurtda har bir inson mehr va e’tibor og’ushida. Buni men o’z hayotim misolida aytayapman. Kuni-kecha imtiyozli sertifikat asosida “Damas” avtomobilini navbatsiz sotib olishga muvaffaq bo’ldim. Oilamizda bayram, hammamiz hursandmiz, yetkazganiga shukr. Qolaversa, “Olmaliq KMK” AJ rahbariyati va Kasaba uyushma Kengashi ham biz faxriylarni hamisha yo’qlab, moddiy va ma’naviy yordamlar berib kelishadi, bayramu yaxshi kunlarda sovg’a-salomlarini kanda qilishmaydi. Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ular tomonidan ajratilgan pul va oziq-ovqat jamlamalaridan iborat bayram sovg’alaridan juda mamnun bo’ldim. Qadring baland bo’lgan yurtda yashashdan ham ortiq yana nima kerak insonga?!

Urush ko’rgan, uning zahmatini chekkan insonlarning har so’zidan hikmat topasiz, har kalomidan ibrat olasiz. Zero, biz ana shu yurtdoshlarimiz oldida umrbod qarzdormiz. Biz bu fidoyi insonlarni yanada ko’proq qadrlashimiz, ularga nafaqat bayram kunlarida, balki har kuni, har soatda hurmat-ehtirom ko’rsatishimiz darkor.

Bugun Sobitxon ota nafaqat oilasi, balki Namangan viloyati Chodak qishlog’i ahlining hurmat va ehtiromida. O’zining eng navqiron damlarini Uzoq sharq va Vladivostok shaharlarining qonli urush maydonlarida o’tkazib, urushdan so’ng kombinat tasarrufidagi Chodak kon boshqarmasida nazoratchi sifatida mehnat qilib kelgan Sobitxon ota  yetti nafar farzandni tarbiyalab, el koriga yaraydigan insonlar qilib ulg’aytirdi. Ayni damda 30 nafardan ortiq nabira, 55 nafar chevara hamda 10 nafar evaralar og’ushida turmush o’rtog’i Xanifa aya bilan osuda hayot kechirib kelayotgan ota har bir o’tayotgan kuniga shukrona keltiradi, duoga qo’l ochib, yurtiga tinchlik-omonlikni tilaydi. 

Bugungi kunda Sobitxon ota kabi jonfido insonlar tufayli mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik hukm surmoqda, hayotimiz farovon. Jang maydonlarida jon bergan, urushdan qaytmaganlarni eslash, bugun oramizda sog’-salomat hayot kechirayotgan nuroniy otaxon va onaxonlarimizga g’amxo’rlik ko’rsatish bizning muqaddas burchimiz bo’lib qolaveradi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech