Xotira va qadr

Mustaqil O’zbekiston asoschisi

on .

Mamlakatimizda sog’lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishni kelajagi buyuk O’zbekistonni barpo etishning eng muhim sharti deb bilgan, sizlarga o’zining eng yaqin maslakdoshlari sifatida katta ishonch va hurmat bilan qaragan Islom Karimovning o’zlari ham barchamiz uchun mehribon ustoz, talabchan murabbiy edilar.

Shavkat Mirziyoev

Mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish maqsadida keng ko’lamli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 27 noyabrdagi “O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug’anievich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to’g’risida”gi qarori ijrosi bugun o’lka bo’ylab keng quloch yozgan.

Katta-yu kichik, ayniqsa yoshlar Islom Karimov haqida batafsil ma’lumotga ega bo’lishmoqda. Buyuk davlat arbobi bilan bir safda ishlagan, uni bilgan insonlar Birinchi Prezidentimizning O’zbekiston taraqqiyoti, uning mustaqilligi, tinchligi, xalq farovonligi yo’lidagi fidoyiliklari haqida to’lqinlanib yozishmoqda, hikoya qilishmoqda.

Darhaqiqat, dunyoda xalqlar ko’p, millatu elatlar bisyor. Ammo Vatan haqida so’zlash, yozish shunchaki gap emas. Unga jon fido etish esa asl vatanparvarning ishi. Ana shunday vatanparvar, jahon xaritasidagi O’zbekiston degan mo’jaz zaminni butun dunyoga tanitgan, uning erki, hurriyati asoschisi bo’lgan Islom Karimov tom ma’nodagi buyuk siymodir.

CHEKSIZ TAFAKKUR SOHIBI

Islom Karimovning ko’plab asarlarini o’qib chiqib, uning bebaho qalb egasi, benazir salohiyat va tafakkur sohibi ekanligiga guvoh bo’lasan. Uning «Yuksak ma’naviyat - yengilmas kuch» asarini qo’lga olgan har qanday kitobxon uni qayta-qayta mutolaa qiladi. Kitobni o’qirkansan, Vatan tushunchasini o’zgacha anglay boshlaysan. Ochilgan har bir sahifadan olam-olam ma’no, hikmat-u o’gitni topasan.

«...Haqiqatan ham, biz kim edik? Taqdirimiz, erkimiz kimlarning qo’lida edi? Ka’ba, deb qaerga sig’inar edik? Har tong «Assalom...» degan madhiya ohanglari ostida kimlarga qulluq qilib uyg’onardik? Tilimiz, dinimiz qay ahvolda edi? Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Xoja Bahouddin Naqshbandlarning muqaddas xoklariga e’tibor bormi-di? Amir Temur, Bobur Mirzo va boshqa ulug’ bobokalonlarimizning buyuk nomlari qaysi tuproqlarda qorishib yotgan edi? Milliy g’ururimiz, insoniy sha’nimiz, urf-odatlarimiz qanday tushunchalarga almashtirilgan edi? Xo’sh, o’zimiz-chi? O’zimiz o’zligimizni bilarmidik? Qanday mo’tabar zamin, ulug’ ajdodlarimizning o’lmas meroslari bilan oziqlangan elning farzandlari ekanimizni anglarmidik?...»

Kitobda yuqoridagi savollarga inson ma’naviyati va xalqimizning milliy, ma’naviy merosi orqali mukammal javob beriladi. Kechagi tarix, ajdodlarimizning kim bo’lgani haqidagi haqiqatlar, milliy ma’naviyatimiz tom ma’noda ochib berilgan bu kitob, shubhasiz, har bir o’quvchi qalbida milliy g’urur, iftixor va nurli istiqbolga bo’lgan cheksiz ishonchni barqarorlashtiradi.

Xorazmiy sanoq sistemasini, algoritm va algebra tushunchalarini dunyoda birinchi bo’lib ilm-fan sohasiga joriy etgan va shu asosda aniq fanlar rivoji uchun mustahkam asos yaratgan Uyg’onish davrining eng zabardast namoyandasi Ahmad Farg’oniyning «Astronomiya asoslari haqida kitob» nomli asari XII asrdayoq lotin va ivrit tillariga tarjima etilgan. Yevropada Al-Fraganus nomi bilan mashhur bo’lgan bu allomaning ilm-fan rivojidagi nufuzi shu qadar yuksak edi-ki uning ism-sharifi yer kurrasidagina emas, balki samoda ham shuhrat topdi. XVI asrda Oydagi kraterlardan biriga uning nomi berilgan. Shuningdek, Mirzo Ulug’bek nomi ham Oydagi kraterlardan biriga qo’yilgan. Qomusiy tafakkur sohibi Beruniy, mashhur alloma Ibn Sino... Bu kabi buyuk ajdodlarimiz nomlari va bashariyat oldidagi xizmatlari Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat - yengilmas kuch” kitobida aniq dalillar bilan keltirilgan.

«Barchamizga ma’lumki, inson o’zligini anglagani, nasl-nasabini chuqurroq bilgani sari, Vatanga muhabbat tuyg’usi ildiz otib, ulg’aya boradi. Bu ildiz qancha teran bo’lsa, tug’ilib o’sgan yurtga muhabbat ham shu qadar yuksak bo’ladi», deydi Birichi Prezidentimiz o’z kitobida. Aynan mana shu kitob, ya’ni «Yuksak ma’naviyat - yengilmas kuch» yoshlarimiz qalbiga Vatanga muhabbat tuyg’usini singdira oladigan tom ma’nodagi asardir.

«Bugungi kunda yoshlarimiz yurtimizning ko’cha va xiyobonlari, metro va avtobus bekatlari, katta-katta maydonlar, binolarni bezab turgan o’zbekcha nomlar, shior va lavhalarni ko’rib, bularning barchasini odatiy bir hol sifatida qabul qiladi. Vaholanki, yaqin tariximizda bu manzara butunlay boshqacha ko’rinishga ega edi...», deya umrida yurtimizga qadam qo’ymagan bolsheviklar partiyasining dohiylarining nomlarini keltirar ekan, Islom Karimov «beixtiyor qaysi mamlakatda yurganingizni bilmay qolar edingiz», deydi. Darhaqiqat, bugun ko’cha-yu mahallalarimiz buyuk ajdodlarimizga bo’lgan katta ehtirom bois, ularning o’chmas va o’lmas nomlari bilan atalmoqda. Bunga ham Birinchi Prezidentimiz asos solgan Istiqlol sharofati bilan erishgan edik...

Vatanga muhabbat, ma’naviy yetuklik falsafasi bilan yo’g’rilgan Islom Karimovning asarini o’qib, uni qayta-qayta varaqlab, o’zbekligingdan g’ururlanasan, jannatiy o’lkada tug’ilganingdan faxrlanasan. Zero, “Yuksak ma’naviyat - yengilmas kuch” kitobini shunchaki o’qib bo’lmaydi. Uning har bir satri, har bir bobiga sehrlanasan va undagi purma’no o’gitlar qalbing qatlariga singib boraveradi...

KO’KSI QALQON...

Bundan bir necha yillar oldin oynai jahonda dunyo xabarlarini ko’rayotib, Gruziya va Osetiya davlatlari o’rtasidagi janjallardan hayratlanganimni aytib o’tmoqchiman: O’shanda Rossiya telekanallari namoyish etdi, Gruziyaning o’sha davrdagi sobiq Prezidenti «inomarka»dan tushdi-yu xavotir bilan osmonga qaradi. Uning tan soqchilari atrofini o’rab olgan, samolyot ovozi... keyin portlash, harqalay qo’rqib ketgan Gruziyaning sobiq prezidenti qo’llari bilan boshini yopib, o’tirib oladi. Yon-veridagi qo’riqchilari uning ustiga o’zlarini «qalqon» qilib tashlaydilar... Gruziya Prezidenti, shubhasiz, o’sha yillari Gruziyaning otasi edi. Bu “ota” o’z joni qayg’usidan o’zgani o’ylamasligini o’shanda butun dunyo ko’rdi... Men bu holatni quyidagi vaziyat bilan qiyoslashni istadim:

1999 yil. Toshkentdagi portlashlar... Yodingizda bo’lsa, O’zbekiston telekanali orqali namoyish etilgan, ya’ni Islom Karimov va hukumat rahbarlari fojea yuz bergan hududda turibdi. Shu payt birdaniga qattiq portlash eshitildi. Hamma seskandi, kimdir vahimaga tushdi. O’sha telekadr aniq yodimda, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov kiprik qoqmay boshini yonga, ya’ni portlash ovozi kelgan tomonga burdi... O’shanda Islom Karimov nigohidagi jasorat va shu bilan birga yurtfurushlarga nisbatan nafratni ko’pchilik his etgan, ko’rgan. Bo’ka, O’sh, Namangandagi fojealarda dushman ichiga dadil kirib borgan, ular bilan ziyraklik va donishmandlik bilan murosa qilib, behuda qon to’kilishlarning oldini olgan Islom Karimov sheryurak inson edi. Uning jasoratini kuzata turib, Islom Karimovning boy, serqirra va betakror ma’naviy dunyosini, xalqi va O’zbekiston uchun kerak bo’lsa kiprik qoqmay jon fido etishga, ko’ksini qalqon qilishga shay ekanligiga guvoh bo’lasan. Mustaqilligimiz asoschisi bo’lgan yurt otasi bilan faxrlanasan.

Zero, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning o’chmas nomi toabad xalqimiz qalbida yashaydi, u boshlab bergan ulug’ yo’l bardavom va boqiydir!

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech