Xotira va qadr

Inson qadri ulug`, xotira muqaddas

on .

Joriy yil 9 may - Xotira va Qadrlash kuni respublikamizning har bir hududida ana shu shior ostida, ko`tarinki ruh hamda yuksak saviyada nishonlandi. Xususan, 5 may kuni shahrimizda ham ushbu sanaga bag`ishlangan bayram marosimi urush va mehnat faxriylari, barcha hamshaharlarimiz tomonidan katta qiziqish, hayajon va faxr-iftixor tuyg`ulari bilan kutib olindi.

Ushbu kun shahar markazidagi “Ona va bola” haykali atrofi har qachongidan gavjumlashdi. Urush davri sharoiti aks etgan maydonga ikkinchi jahon urushi yillarida yurt tinchligi va osudaligi yo`lida kurashgan faxriy keksalar, urush orti mehnat fronti ishtirokchilari, hokimlik vakillari, shahrimizning turli korxona va tashkilotlari, shuningdek Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbar xodimlari, mahallalar faollari to`planishdi. Ular tomonidan ikkinchi jahon urushida halok bo`lganlar xotirasiga hurmat bajo keltirilib, “Ona va bola” haykali poyiga gullar qo`yildi.

Xotira marosimi OKMK “Vesna” mehmonxonasining yozgi filialida davom etib, bayram dasturxoni atrofiga urush va mehnat fronti qatnashchilari, baynalmilal jangchilar hamda nuroniy onaxonu otaxonlar taklif etildi. Tadbirni ochar ekan Olmaliq shahar hokimi Mira’g`zam Mirqosimov, suronli urush yillarida bukilmas iroda hamda jasorat namunasini amalda namoyon etib, o`z hayotini aziz Vatanimizning har tomonlama ravnaq topishi, bugungi tinch va osoyishta kunlari uchun jonini fido qilgan ajdodlarimiz, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog`ida halok bo`lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining muqaddas xotirasini yodga olib, olovli janggohlardan omon qaytib, ayni damda saflarimizda umrguzaronlik qilib kelayotgan barcha insonlarni bayram bilan qutladi.

Shundan so`ng, so`zga chiqqan “Olmaliq KMK”AJ boshqaruvi raisi Aleksandr Farmanov, fashizmga qarshi kurashda qurbon bo`lgan yurtdoshlarimiz, Afg`oniston urushi, Chernobil AES falokatlarini bartaraf etishda ishtirok etib, o`z xizmat burchini bajarish chog`ida halok bo`lgan harbiy xizmatchilarimiz va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasini, jangu jadallarda ko`rsatgan jasoratlarini unutish mumkin emasligini, unutib bo`lmasligini, bu kabi tarixiy haqiqatlar har birimizni mamlakatimizdagi tinchlik-totuvlikning qadriga yetishga, uni ko`z qorachig`idek asrab-avaylab yashashga undashini aytib, bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, hayotimiz farovonligida xalqimizning ana shunday mard farzandlarining xizmati beqiyos ekanligi, ushbu dorilomon kunlar uchun jang maydonlarida jon bergan, suronli va tahlikali harbiy harakatlarning guvohi bo`lgan, urushdan qaytmagan yurtdoshlarimizni eslash va bugun keksalik gashtini surayotgan nuroniylarimizga g`amxo`rlik ko`rsatish har birimizning muqaddas burchimiz ekanligini ta’kidladi.

Tantanali tadbirda “Metallurg” MS ijodiy jamoalari tomonidan ana shu ehtirom va g`amxo`rlik hamda yuksak e’tiborni ifodalovchi kuy-qo`shiqlar yangradi. Urush davri aks etgan sahna ko`rinishlari namoyish etildi. Olovli yillar kuy-qo`shiqlariga jo`r bo`lib, raqsga tushgan tabarruk otaxonu onaxonlar shunday faraxbash kunlarga yetib kelganlariga shukronalar keltirishib, ko`rsatilayotgan cheksiz hurmat va g`amxo`rliklar uchun Prezidentimizga, shu jumladan kombinat rahbariyatiga cheksiz minnatdorchiliklarini bildirishdi.

Darhaqiqat bu ayyom urushlarda qurbon bo`lgan yurtdoshlarimiz xotirasiga ta’zim qiladigan, bugun saflarimizda yurgan, osmonimiz musaffoligi, yurtimiz ravnaqi yo`lida xizmat qilgan nuroniylarga yuksak hurmat-ehtirom ko`rsatiladigan ezgu marosimdir. Bunday kunlarda tinch va osuda hayot, musaffo osmon, to`kinlik va farovonlikka qanday og`ir yo`qotishlar, sinov va mashaqqatlar evaziga erishilgani xayolimizdan o`tadi. Bizga nasib etgan mustaqillik, tinchlik va osoyishtalikning ahamiyatini teran anglaymiz.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech