Xotira va qadr

Hayot shamchiroqlari

on .

Haqiqiy pedagog - o’z o’rnini doimo maktab, dorulfunun, o’quvchi va talabalar ichida deb biladi. Igna bilan quduq qazishdek og’ir ilm yo’li insondan o’z ustida tinimsiz izlanishni talab etadi. O’rganganlari, bilganlarini esa o’sib-ulg’ayib kelayotgan yosh avlodga ilinadi.

 

Bu haqiqiy fidoyilik, jonkuyarlik namunasidir, aslida. Berkin Shakarov, Soyib Abdurahmonov, Turg’unboy Norinbetov, Yusuf Isamatov, Abduhamid Mutalov, Sulton Anarboevlar ana shunday jonfido pedagog-o’qituvchilardandir. Ularning har biri qo’lidan mudom ilmiy darsliklar-u badiiy adabiyotlarni qo’ymay kelmoqda. Goh navbatdagi dars jarayoni uchun sohaga doir ilmiy kitoblar mutolaasiga kirishishsa, goh badiiy kitoblar o’qishga sho’ng’ishadi. Ustozlarning ta’biricha, badiiy kitoblargina kishi dunyoqarashini kengaytirib, ma’nan boy insonlar etib tarbiyalaydi.

- Ta’lim muassasalarini tabbaruk maskan, deb bilamiz, - deydi Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat texnika universiteti Olmaliq filiali professor-o’qituvchilaridan Berkin Shakarov hamda Sulton Anarboevlar. - Boisi, o’quvchilar va talabalarning ta’lim-tarbiyasi juda mas’uliyatli va o’z o’rnida sharafli vazifadir. Buni o’qituvchilik kasbini qalban his etgan har bir kishi yaxshi anglaydi, deb o’ylaymiz. Ko’p yillik mehnat faoliyatimizdan shuni bildikki, yoshlarimizga e’tibor va rag’bat zarur. Ularning erishgan kichikgina yutug’i ham e’tibordan chetda qolmasligi va albatta munosib rag’batlantirilishi kerak. Ana shundagina Vatanimizning haqiqiy egalarini tarbiyalashga o’z hissamizni qo’shgan bo’lamiz. Har bir pedagogda kashf eta olish izlanishi bo’lishi lozim, bu ezgu amalimiz esa talaba-yoshlarimiz ichidan Zulfiyaxonim va Halimaxonimlar, Usmon Nosiru Fitratlar, Yahyo G’ulomovu Habib Abdullaevlar hamda yetuk metallurglarimizdan - Vahob Rahimov, Soyib Abdurahmonovlar yetishib chiqishiga turtki bo’ladi. Filialimiz direktori Alisher Samadov, o’quv va ilmiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari Doniyor Xoliqulov, dotsent Baxtiyor Qayumovlar ana shunday kashf eta olish qobiyatiga ega tinib-tinchimas insonlardandir.

Ustozlarimiz ta’kidlaganlaridek, ta’lim-tarbiya sohasi eng mas’uliyatli va sharaflidir. Bejizga ustoz-murabbiylar hayot shamchiroqlariga qiyos etilmaydi. Boisi, ularning mashaqqatli, zalvorli mehnatlarigina yoshlarimizni nurli manzillar sari yetaklaydi. Ustozlarimiz Berkin Shakarov, Alisher Samadov, Doniyor Xoliqulov, Sulton Anarboev, Baxtiyor Qayumovlarni talaba-yoshlar ana shunday shamchiroqlar sifatida tanishadi, bilishadi. Ularning har biri shunchaki pedagog-olim emas, ilmga, izlanishga, ma’rifatga butun qalb-qo’rini bag’ishlagan olijanob kishilardir. Ular hayot tarzi qanday bo’lishiga qaramay, o’z kasbiga sodiq qolib, yosh avlodning ma’nan barkamollik tarbiyasiga o’z hayotlarini baxshida etadi. Balki, shuning uchundir ustoz-murabbiylar oddiy bo’ladi, ammo ular qo’lida tarbiya topganlar ichidan buyuklar yetishib chiqqan...

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech