http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Xotira va qadr

O’limlarni qoldirib ortda...

on .

Urushda g’oliblar bo’lmaydi. Qalbi mayib va majruh g’oliblar bo’ladi xolos. Navqiron o’n to’qqiz yoshida Ikkinchi jahon urushi eng qizg’in pallaga kirgan 1943 yilda Abdukarim ota Mamatqulov Belarus o’rmonlarida ilk marotaba urushning qirg’inbarotlari bilan yuzlashdi.

1-va 2-Belarussiya fronti qo’shinlari safida Kursk, Orlov, Minsk va Donbass kabi muhim strategik shaharlarni fashist bosqinchilari changalidan qutqarish uchun kechgan janglarda ishtirok etdi. Dastlab, Polsha, G’arbiy Prussiya tomon bosqinchilarni ta’qib etib borish hamda keyinchalik Germaniyani zabt etish uchun kechgan og’ir janglar otaning xotirasidan sira o’chmaydi.

Dushman tish-tirnog’i bilan qarshilik ko’rsatib kelayotgan 1944 yil oxirlarida yengil jarohatlangan odiy askar A. Mamatqulov yana safga qaytishga qaror qildi. Tarixiy g’alabaga sanoqli kunlar qolganida olingan og’ir jarohat uning jangovar yo’liga so’nggi nuqtani qo’ydi. “II ulug’ Vatan urushi” ordeni otaning ko’ksiga qadalgan birinchi sharafli mukofot bo’lib qoldi. O’zining qadrdon “Namuna” mahallasiga qaytgan otaxon uzoq yillar jamoa xo’jaligida hisobchilik qilib, vayron bo’lgan xalq xo’jaligini tiklashdek matonatli vazifaga o’z hissasini qo’shib keldi. Bugun 95 yoshni qarshi olgan Abdurahim otaning farzandlari otaga munosib izdosh bo’lib, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, iqtisodiy qudratini oshirishdek mas’ul ishlar boshida turgani quvonchlidir. Otaning to’ng’ich farzandi Abdurahim Mamatqulov “Olmaliq KMK” AJ Rux zavodining asosiy ishlab chiqarish bo’g’ini - Tanlab eritish sexiga omilkorona rahbarlik qilib keldi. Kombinat mehnat faxriysi, tajribali muhandis-gidrometallurg Abdurahim Mamatqulov ayni damda padari buzrukvori kabi keksalik gashtini surmoqda. Beminnat mehnat doimo bardavom bo’lishini Abdukarim otaning sulolasi misolida ko’rish mumkin. Rux ishlab chiqarish jarayonlarini elektr energiyasi, siqilgan havo, suv va bug’ bilan ta’minlashdek yana bir mas’uliyatli vazifa sulolaning kenja vakili Energetika sexi boshlig’i o’rinbosari Zafar Mamatqulov zimmasiga yuklatilgan.

Ezgu niyatlar bilan yashaydigan xalqmiz. Qalblarimizga singib ketgan har bir qadriyat qatida insonni ulug’laymiz. Oilani muqaddas sanaymiz, uning ustuni, tayanchi bo’lgan piru badavlat otaxonlarimizga cheksiz ehtiromimizni ko’rsatamiz, chunki bu go’shada kelajagimiz bunyod bo’ladi. Janggohlardan olib qaytgan sabotini, umrining eng sermazmun pallalarini farzandlar tarbiyasiga bag’ishlagan otaxon ezgu maqsad va orzulari ro’yobini farzandlar, nevara va chevaralar qiyofasida ko’rish baxtiga muyassar bo’ldi. Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g’alabaning 74 yilligi Mamatqulovlar oilasi orziqib kutadigan, katta ko’tarinkilik va hayajon bilan nishonlaydigan bayram hisoblanadi. Abdukarim ota kabi nuroniy piru badavlatlarimiz bor ekan, ko’nglimiz tog’, bag’rimiz butun, xonadonimiz fayzli-farishtali, yurtimizning ertasi ulug’dir.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech