Xotira va qadr

G’amxo’rlik va e’tibordan shod ko’ngillar

on .

Bundan 74 yil avval insoniyat tarixida katta yo’qotishlarga sabab bo’lgan, ko’plab oilalarning boshiga og’ir kulfatlar solgan mash’um Ikkinchi jahon urushi o’z nihoyasiga yetib, fashizm balosi bartaraf etildi.

Fashizm ustidan qozonilgan tarixiy g’alabada xalqimizning ham salmoqli hissasa bor. Buni raqamlar misolida ko’radigan bo’lsak, o’sha suronli urush yillarida yurtimiz aholisi 6,5 million nafarni tashkil etgan bo’lsa, shundan 1,5 million kishi urushga safarbar etilgan. Qiyomat qo’pgan janglarda 500 000 nafar yurtdoshimiz halok bo’lgan.

Har yili 9 may mamlakatimizda Xotira va Qadrlash kuni sifatida nishonlanib, hozirgi farovon hayotimiz uchun qon kechgan ota-bobolarimiz yodga olinadi, urush va mehnat fronti faxriylari e’zozlanadi. Bu yil ham davlatimiz rahbarining farmoniga ko’ra, Ikkinchi jahon urushi faxriylariga 7,5 mln. so’m miqdorida moddiy yordam ajratilib, ularga ehtirom ko’rsatildi. Har doim ezgu amallarning boshidan tutgan “Olmaliq KMK” AJ rahbariyati hamda kombinat xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi hamkorlikda shahrimizdagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va urush orti mehnat fronti faxriylariga bir qator bayram sovg’alarini hozirladi. Jumladan, “Olmaliq KMK” AJ Boshqaruv raisi A.Xursanovning buyrug’iga ko’ra, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga 4 mln. so’mdan, mehnat fronti ishtirokchilariga 3 mln. so’mdan moddiy yordam ajratilishi belgilandi. Kombinat korxonalari kasaba uyushmasi qo’mitalari hamda Yoshlar ittifoqi faollari har bir urush va mehnat fronti faxriylarining xonadonlariga borishib, ularga kombinat rahbariyati va xodimlari kasaba uyushmasi Kengashining moddiy yordamlari, oziq-ovqat jamlamalarini tantanali ravishda topshirishdi. Egnilarida harbiy liboslar bilan tashrif buyurgan kasaba uyushmasi qo’mitalari raislari va Yoshlar ittifoqi faollarini nuroniylarimiz iliqlik bilan kutib olishdi.

Ma’lumot o’rnida shuni aytish joizki, shahrimizdagi 8 nafar urush qatnashchisi va 84 nafar urush orti mehnat fronti ishtirokchilariga moddiy yordam ko’rsatildi. Bundan tashqari, 46 nafar baynalmilal jangchilar hamda 12 nafar Chernobil AESi halokatini bartaraf etishda ishtirok etganlar uchun ham moddiy yordam ajratilib, oziq-ovqat jamlamalari tuhfa etildi.

Bunday e’tibor va g’amxo’rlikdan mamnun bo’lgan faxriy keksalardan biri Fedora Narusheva o’z minnatdorchiligini bildirib, shunday dedi: - Urush yillarini eslashni o’zi dahshat. Bir burda nonni topish uchun qancha mashaqqat chekishingiz kerak bo’lardi. Barchaning diqqat markazi frontga qaratilgan, hamma birdek g’alaba uchun mehnat qilardi. Bugun tinch, osuda yurtda yashayotganimdan xursandman. Bizni har doim eslab, g’amxo’rlik ko’rsatayotgan Prezidentimizga, kombinat va kasaba uyushmasi Kengashi rahbariyatiga cheksiz minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Kelajak avlod biz ko’rgan qiyinchiliklarni ko’rmasin.

Elizavetta Shiller Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga tenglashtirilgan konslageri tutquni: Bag’ridaryo, mehribon insonlari bor O’zbekistonda yashayotganimdan Yaratganga shukronalar aytaman. Ko’plab oilalarning boshiga kulfatlar yog’dirgan fashizm balosi bizning oilani ham chetlab o’tmagan. Konslagerdagi tikanli simlar ortida, nemischa so’zlashuvlar, insonni qadr-qimmati bir chaqaga arzimas holatlar, ko’ngilxushlik uchun ham inson qoni to’kilishi barcha-barchasi elas-elas yodimda. O’tmishning bu qora kunlari ortda qoldi. Har yili mehr ulashib, bizga e’tibor qaratib, muruvvat ko’rsatayotgan Prezidentimizga, kombinat rahbariyatiga o’z tashakkurimni aytaman.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech