http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Xotira va qadr

Uning mehnat yo’li ibrat maktabi

on .

Oramizda turli xil kasb egalari mavjud. Har kimning ham o’zi sevgan kasbi bo’ladi. Shu kasbga fidoyilik ko’rsatib, mehr ila ishlasa, albatta o’z mevasini, o’z samarasini bermay qolmaydi.

Ayniqsa, erkaklar bilan yonma-yon turib kon va ishlab chiqarish korxonalarida mehnat qilib kelayotgan ishchi ayollarni haqiqatdan ham o’z kasbining fidoyilari, deya atay olamiz.

Bugun ana shunday el-yurt, qadrdon korxonasi xizmatidan charchamayotgan va o’z kasbiga kamarbasta bo’lib kelayotgan insonlarimiz oramizda bisyor. Shunday fidoyi ayollarimizdan biri - Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Shaxta qurilish boshqarmasida chiroqchi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Dilfuza Saydiyakupovadir. Dilfuza opa ilk mehnat faoliyatini yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishdan boshlab, keyinchalik mehnat yo’lini kombinatning Angren kon boshqarmasi bilan bog’laydi. 15 yil davomida chiroqchi kasbi sir-sinoatlarini mukammal o’zlashtirib, o’zining kamtarona mehnati bilan korxona yutuqlariga munosib hissasini qo’shib kelgan Dilfuza G’ulomovna rahbariyat taklifi bilan 2013 yilda Shaxta qurilish boshqarmasida kasbiy faoliyatini davom ettiradi. U yangi jamoada bugungi kunga qadar kon chiroqlarining amper-voltini o’lchash, xona haroratini mo’tadil ushlab turish, chiroq quvvatlantiruvchi dastgohlarni toza tutish va yer osti ishchilarini quvvatlantirilgan chiroqlar bilan ta’minlash bilan birgalikda qo’l ostidagi shogirdlariga qattiqqo’llik bilan kasb sirlarini o’rgatib kelmoqda. Boshqarmaga yangi ishga kelgan har bir yosh Dilfuza opaning malaka va ko’nikmalari ostida o’z vazifalarini puxta egallab borishayapti. Xususan, Dinora Muradimova, Nigora Xolmatova, Adiba Bobojonova, Iroda Saginboyeva, Moxinur Fozilxonova, Maxbuba Boybojonovalar shular jumlasidandir.

Bugun jamoa ahli fidoyi hamkasbidan minnatdor. Negaki Dilfuza Saydiyakupova nafaqat kasb vazifalarini bekamu ko’st uddalashi, balki boshqarmaning tadbir va tashkiliy ishlaridagi tashkilotchilik hamda tashabbuskorligi bilan ham korxona ahli mehrini qozonib ulgurgan. U kishi qalb qo’rini, mehrini ayamaydigan, shirinsuxan, kamtar hamkasb hamdir. Qolaversa, opa o’zining mehnatsevar, to’g’riso’z, kasbiga fidoyiligi bilan jamoasi, keng jamoatchilik o’rtasida hurmat-e’tibor topgan.

Dilfuza opaning oilasi ham ibratli oilalardan biri. Turmush o’rtog’i Muhammadyusuf aka bilan birgalikda ikki farzandni chiroyli tarbiyalab, el-yurt koriga yaraydigan insonlar qilib voyaga yetkazdilar.

Olti nafar nabiraning sevimli buvijonisi, kasbining jonkuyar fidoyisi Dilfuza opaning mehnat faoliyati, hayoti qadrdon jamoasiga ibrat maktabidir. Ana shunday ibratli va mazmunli umr yo’lini bosib o’tayotgan hamkasb ustozimiz ayni kunlarda o’zining 52 yoshini qarshi olmoqdalar. Fursatdan foydalanib, Dilfuza Saydiyakupovaga sog’lik-omonlik, ishlariga rivoj, farzand va nabiralari kamolini ko’rishlik baxti nasib etishini tilab qolamiz.

Shaxta qurilish boshqarmasi jamoasi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech