http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

O’zbekiston respublikasi fuqaroligi qonuniy asoslar va printsiplar

on .

Tahririyatimizga kelib tushayotgan murojaatlar orasida O’zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish tartibi, qonun-qoidalari haqida batafsil ma’lumot berishimizni so’rab qilingan murojaatlarga asosan, Olmaliq shahar Pasport bo’linmasi boshlig’i, kapitan Ulug’bek Eshonqulovni suhbatga tortdik.

- Ulug’bek Mahkamovich, avvalo O’zbekiston Respublikasi fuqaroligining huquqiy asoslari haqida ma’lumot berib o’tsangiz.

- Bu borada mamlakatimizda yetarlicha huquqiy baza yaratilgan bo’lib, O’zbekiston Respublikasi fuqaroligining huquqiy asoslari sifatida, avvalo, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 1992 yil 2 iyul kuni qabul qilingan “O’zbekiston Respublikasi fuqaroligi to’g’risida”gi qonun, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining pasport tizimiga oid bir qator farmonlari, Vazirlar Mahkamasining Qarorlari, shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 20 dekabrdagi “O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish to’g’risida”gi Farmoni shular jumlasidandir. Farmonga muvofiq butun respublikamizda 179 nafar fuqaroligi bo’lmagan shaxslarga O’zbekiston Respublikasi fuqarosi maqomi berilib, davlatimiz fuqarolik pasporti topshirildi.

- SHu o’rinda O’zbekiston Respublikasi aholi tarkibi haqida ham kengroq tushuncha berib o’tsangiz.

- Darhaqiqat, hozirgi kunda shiddat bilan o’zgarayotgan butun jahon tsivilizatsiyasida O’zbekiston Respublikasi ijtimoiy salohiyati bilan o’z o’rniga ega bo’lib, unda qariyb 32 million aholi erkin, osuda va ertangi kunga ishonch bilan yashab kelmoqda. Mamlakatimiz aholisi tarkibiga O’zbekiston Respublikasi fuqarolari, O’zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqaroligi bo’lmagan shaxslar, O’zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi xorijiy davlatlar fuqarolari kiradi.

“O’zbekiston Respublikasi fuqaroligi to’g’risida”gi qonunning 1-moddasiga ko’ra “O’zbekiston Respublikasining fuqaroligi shaxs bilan davlatning doimiy siyosiy-huquqiy aloqasini belgilaydi, bu aloqa ularning o’zaro huquqlari va burchlarida ifodalanadi. O’zbekiston Respublikasida har bir kishi fuqaro bo’lish huquqiga egadir. Hech kim fuqarolikdan yoki fuqarolikni o’zgartirish huquqidan mahrum qilinishi mumkin emas”, deb belgilangan. SHuningdek, qonunda O’zbekiston Respublikasi o’z hududida va uning tashqarisida o’z fuqarolarining huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilinishi qat’iy belgilab qo’yilgan.

Qonunning 4-moddasiga ko’ra quyidagilar O’zbekiston Respublikasi fuqarolari bo’ladilar:

1) Kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy holati, irqi va millati, jinsi, ma’lumoti, tili, siyosiy qarashlari, diniy e’tiqodi, mashg’ulotining turi va saviyasidan qat’iy nazar, mazkur Qonun kuchga kirgan vaqtda O’zbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan, boshqa davlatlarning fuqarolari bo’lmagan hamda O’zbekiston Respublikasining fuqarosi bo’lish istagini bildirgan shaxslar;

2) Davlat yo’llanmasi bilan O’zbekiston Respublikasidan tashqarida ishlayotgan, harbiy xizmatni o’tayotgan yoki o’qiyotgan shaxslar, agar ular O’zbekiston Respublikasining hududida tug’ilgan bo’lsalar yoki doimiy yashaganliklarini isbot qilgan bo’lsalar, boshqa davlatlarning fuqarolari bo’lmasalar va ushbu Qonun kuchga kirgan vaqtdan boshlab kechi bilan bir yil ichida O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bo’lish istagini bildirgan shaxslar va Qonunga muvofiq O’zbekiston Respublikasi fuqaroligini olgan shaxslar, deya belgilab qo’yilgan.

SHuningdek, O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga asosan fuqaroligi bo’lmagan shaxslarga quyidagicha izoh beriladi: “O’zbekiston Respublikasi hududida yashab turgani holda O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bo’lmagan va chet davlat fuqaroligiga mansubligini isbotlaydigan dalillari bo’lmagan shaxslar fuqaroligi bo’lmagan shaxslar deb hisoblanadi.

O’zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi xorijiy fuqarolar bu boshqa bir davlat fuqarosi bo’la turib, O’zbekiston Respublikasi hududida doimiy ro’yxatdan o’tib yashovchi shaxslar tushuniladi”.

- O’zbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilish tartiblari qanday?

-O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining tegishli moddalariga, shuningdek, “O’zbekiston Respublikasi fuqaroligi to’g’risida”gi qonunga muvofiq O’zbekiston Respublikasida yagona fuqarolik o’rnatiladi. Mazkur qonunning 10-moddasiga asosan O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bo’lgan shaxsning chet davlat fuqaroligiga mansubligi tan olinmaydi.

Qonunga asosan, Respublikamiz hududida yoki tashqarisida bo’lishidan qat’iy nazar, tug’ilgan paytida ota-onasi O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bo’lgan; O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinishi natijasida; O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan asoslar bo’yicha hamda ushbu Qonunda nazarda tutilgan  asoslar bo’yicha O’zbekiston Respublikasi fuqaroligi olinishi mumkin.

O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish uchun qonunchiligimizda bir qator talablar belgilab qo’yilgan. Xususan:

- chet el fuqaroligidan voz kechish;

-so’nggi besh yil davomida Respublikamiz hududida doimiy yashaganligi (ushbu qoida O’zbekiston Respublikasining fuqarosi bo’lish istagini bildirgan shaxslarga, basharti ular shu yerda tug’ilgan va hech bo’lmasa ota-onasidan biri, buvasi yoki buvisi O’zbekiston Respublikasi hududida tug’ilganligini va boshqa davlatlarning fuqarosi emasligini isbotlasa, taalluqli bo’lmaydi);

-qonuniy tirikchilik manbalarining mavjudligi;

-O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini tan olish va bajarish. Ushbu moddaning 1,2 va 3-bandlarida qayd etib o’tilgan talablar alohida hollardagina O’zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan O’zbekiston Respublikasi oldida buyuk xizmatlari yoki fan, texnika va madaniyat sohasida katta yutuqlari bo’lgan, shuningdek O’zbekiston Respublikasini qiziqtiradigan kasb yoxud malakaga ega bo’lgan ayrim shaxslarga nisbatan hisobga olinmasligi mumkin.

- O’zbekiston Respublikasi fuqaroligi kimlarga berilmaydi?

- Agar shaxs, O’zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini zo’rlik ishlatib o’zgartirishni yoqlab chiqayotgan bo’lsa; faoliyati O’zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy printsiplariga zid bo’lgan partiyalar va o’zga tashkilotlarga a’zo bo’lsa; O’zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq jazolanadigan hatti-harakatlar uchun ozodlikdan mahrum etilgan va jazoni o’tayotgan bo’lsa, uni O’zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to’g’risidagi iltimosnomasi rad etilishi ko’zda tutilgan.

- O’zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish uchun joylardagi pasport bo’linmalariga qanday hujjatlar taqdim etilishi talab etilmoqda?

- O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinish uchun shaxslar doimiy yashash joyidagi pasport bo’linmasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari lozim:

  1. 1.O’zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga iltimosnoma.
  2. 2 nusxada ariza-anketa.
  3. Tarjimai hol.
  4. 4.Tug’ilganligi haqidagi guvohnoma nusxasi.
  5. Fuqaroligi bo’lmagan shaxslar uchun yashash guvohnomasining nusxasi.
  6. 6.Yashash joyidagi mahalla fuqarolar yig’inidan oila a’zolari ko’rsatilgan ma’lumotnoma.
  7. Ish joyidan oylik maoshi ko’rsatilgan ma’lumotnoma.
  8. Nikoh tuzilganligi haqida guvohnoma.
  9. Mehnat daftarchasidan nusxa.
  10. Davlat boji to’langanligi haqida chipta (eng kam oylik ish haqining 2 barobari miqdorida).

O’zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish uchun shaxslar doimiy yashash joyidagi pasport bo’limiga, basharti fuqaro Respublikamiz hududidan tashqarida bo’lsa, u holda O’zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi vakolatxonasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi lozim bo’ladi:

  1. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga iltimosnoma.
  2. 2 nusxada ariza-anketa.
  3. Tarjimai hol.
  4. Tug’ilganligi haqidagi guvohnoma nusxasi.
  5. Fuqarolik pasportining nusxasi.
  6. Yashash joyidagi mahalla fuqarolar yig’inidan oila a’zolari ko’rsatilgan ma’lumotnoma.
  7. Ish joyidan ma’lumotnoma.
  8. Nikoh tuzilganlik haqida guvohnoma.
  9. Mehnat daftarchasidan nusxa.
  10. Harbiy guvohnoma.
  11. Yaqin qarindoshlarining rozilik arizalari.
  12. Bankdan ma’lumotnoma.
  13. Soliq inspektsiyasidan qarzi yo’qligi haqida ma’lumotnoma.
  14. Kommunal to’lovlardan qarzi yo’qligi haqida ma’lumotnoma.
  15. Davlat boji to’langanligi haqida chipta (eng kam oylik ish haqining 2 barobari miqdorida)

- Aytingchi, mamlakatimizda pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik qay tartibda belgilangan?

- O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 23 iyundagi “O’zbekiston Respublikasida pasport tizimini yanada takomillashtirish to’g’risida”gi va 2011 yil 5 yanvardagi “O’zbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi Farmonlariga asosan, har bir fuqaro o’n olti yoshga to’lganidan keyin kechi bilan bir oy muddat ichida pasport olish uchun yashash joyidagi pasport bo’linmasiga murojaat qilishi lozim. Mazkur muddat o’tganidan so’ng qilingan murojaat mazkur fuqaro tomonidan  ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan deb topilishiga asos bo’ladi.

Ma’lumki, O’zbekiston Respublikasi “Ma’muriy javobgarlik to’g’risida”gi Kodeksining 13-moddasida ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan vaqtda o’n olti yoshga to’lgan shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilishi belgilab qo’yilgan. SHuningdek, yuqoridagi Kodeksning 223-moddasi 1-qismida “Pasport bo’lishi shart bo’lgan fuqaroning pasportsiz yoki haqiqiy bo’lmagan pasport bilan, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz, turgan joyi bo’yicha hisobda turmasdan yashashi, shuningdek pasportni qasddan yaroqsiz holga keltirishi, pasportni beparvolik bilan saqlashi, buning oqibatida pasportning yo’qolishi eng kam ish haqining uch barobari miqdorida jarima solishga asos bo’lishi, boshqa shaxslarning pasportidan g’arazli maqsadlarda foydalanishi eng kam ish haqining o’n barobari miqdorida jarima solishga, mazkur moddaning 3-qismiga ko’ra, pasportsiz yoki haqiqiy bo’lmagan pasport bilan fuqarolarni, xuddi shuningdek, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilish mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining o’n barobaridan o’n besh barobarigacha miqdorda jarima solishga asos bo’lishi belgilangan.

- Ulug’bek Mahkamovich, bergan ma’lumotlaringiz va samimiy suhbat uchun Sizga minnatdorchilik bildirib qolamiz.

- Rahmat.

Suhbatdosh

Umidjon UBAYDULLAEV

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech