A- A A+

Yangiliklar

Shijoat va yaratuvchanlik hamohang

on .

Po’lat, cho’yan va rangli metallarning eritilishi, qoliplash hamda o’zak qorishmalarining qo’lda va mexanik tarzda amalga oshirilishi, pechning yuqori darajali haroratida tayyor bo’lgan quyilmalarning sovuq suvda sovutilishi, andoza uskunalarini tayyorlash bo’yicha texnologik jarayonlar birgina kuzatuv asosida anglab, tushunib olish qiyin bo’lgan murakkab bosqichdir.

Kombinatimizda so’nggi vaqtlarda texnik uskuna va jihozlarni imkoni boricha o’zimizda ishlab chiqarib, foydalanishga topshirish yuzasidan ko’plab amaliy chora-tadbirlar qo’llanilmoqda. Iqtisodiy tejamkorlik asosida keng imkoniyatlarni taqdim etajak mazkur ishlarni bajarishda markaziy ta’mirlash mexanika zavodining quyish tsexi asosiy tsexlardan biri hisoblanadi. Ayni vaqtda mazkur tsexda 361 nafar ishchi-xodimlar mehnat faoliyatlarini olib borishmoqda. Quyish tsexida “Olmaliq KMK” AJ korxonalari va ko’plab obe’ktlarida foydalaniladigan ehtiyot va butlovchi qismlar ishlab chiqariladi. 

- TSeximizda asosan po’latli quyilmalar quyiladi. Ehtiyot qismlarning 80 foizi 110G13L po’latidan quyiladi. Bundan tashqari, 35L po’lati, cho’yan hamda bronza metallaridan ham quyilmalar tayyorlanadi, - deydi quyish  tsexi  boshlig’i Farhod Maksumov. -  Ma’dan qazib olish va boyitish uskunalari uchun ehtiyot qismlari, qumli tegirmonlarning baraban zirh qoplamalari, ekskavator kovshlari hamda tishlarini ishlab chiqaramiz. O’tgan 2016 yilda bu borada belgilangan rejani 107,3%ga ortig’i bilan bajardik. Kombinatning ishlab chiqarish ob’ektlari uchun 12091tonna quyilmalar tayyorlab, yetkazib berdik. Zimmamizdagi topshiriqlarning a’lo darajada uddalanishida tseximiz mehnat fidoyilaridan qoliplovchilar Abduqahhor Baynaev, Abdumannob Boyboboev, Jahongir Ismoilov, Ortiq Hamzaev,  po’lat erituvchilar Davron G’aniboev, To’lqin Abduholiqov, termik ishlov beruvchilar Muxtor Valiev, SHerzod Ergashevlar hamda metall saralovchi SHaharboy Xanaevlarning hissasi katta bo’ldi. Bu ishchilarning har biri o’z kasbining mohir ustalari, jonkuyarlari hisoblanadi.

Ayni vaqtda, tseximiz tarkibida tashkil etilayotgan yangi uchastkada qurilish ishlari jadallik bilan davom etmoqda. Ushbu uchastkaning ishga tushirilishi natijasida rangli metallar quyish bo’limi kengaytirilgan holda mahsulot sifati, ish samaradorligi yanada oshiriladi. Endilikda yangi jihoz, uskunalar montaj qilinib, gazlanadigan andozalar bo’yicha  rangli metallar quyish texnologiyasini tatbiq etish rejalashtirilgan. Ushbu texnologiya amalda qo’llanilishi bilan ayrim ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati tubdan yaxshilanishi kutilayapti.

Mehnat jamoamiz sifatli mahsulot tayyorlash borasida hamjihatlikda faoliyat olib bormoqda. Har doim ishchilarimizdan mehnat xavfsizligi qoidalariga to’la amal qilgan holatda ish yuritishlarini talab qilamiz. Qoliplash va o’zak qorishmalarini tayyorlash, eritilgan metallarni qoliplarga quyish, suyuq metallni qoliplash joyiga yetkazib berish, yuk ko’tarish mexanizmlaridan foydalanish, shuningdek, pechdan metallni chiqarishdan avval nov zirh qoplamalari nuqsonlar yo’qligini tekshirish, uni quritish ishlari, baland quyma qoliplarni quyish kabi vazifalar har doim ehtiyotkorlik hamda malakani talab etadi. SHu sababdan ham jamoamizda ustoz-shogird an’anasini to’g’ri tashkil etishga alohida ahamiyat qaratganmiz. Hozirda o’z ishining ustalari bo’lgan Zafar Qodirov, Muxtor Valiev, Gulzoda Maxatova, SHamsiddin Saparovlar yillar mobaynida orttirgan tajribalarini  yoshlarga o’rgatib kelishmoqda. Yosh ishchilarimiz ham o’z iqtidorlari va mehnatsevarliklari bilan bildirilgan ishonchni oqlashmoqda.

Ish jarayonini kuzatar ekanmiz, kimdir andozalar va o’zak qutilar, ularni tayyorlashda yog’ochga ishlov berish dastgohlaridan foydalanish bilan band bo’lsa, yana kimdir qo’lda qoliplash ishlari bilan mashg’ul. Ish jarayoni qizg’in ketayotgan maydoncha bo’ylab borar ekanman, e’tiborimni qo’llari o’ta chaqqonlik bilan harakat qilayotgan qoliplovchi ayollar tortadi va ular bilan hamsuhbat bo’laman.

- Ishimizni juda yaxshi ko’ramiz. Har bir qoliplash ishini mehr bilan bajaramiz, mahsulotimiz qanchalik sifatli chiqsa, shuncha shodlanamiz. Ochig’ini aytganda, ko’tarinki kayfiyatda uydan ishga, ishdan uyga  shoshib yuramiz. Bu ikki maskan hayotimiz mazmuniga aylangan, - deydi qoliplovchilar Sanobar Jangilova hamda Gulobar Usmonalievalar.

Xulosa o’rnida aytish mumkinki, hech bir samara va yutuqqa shunchaki erishib bo’lmaydi. Mehnat, zahmat va shijoat barcha muvaffaqiyatlar poydevoridir. Buni markaziy ta’mirlash mexanika zavodining quyish tsexi jamoasi misolida ham ko’rish mumkin. Ular ham mehnatlari, izlanishlari bois qator salmoqli yutuqlarni qo’lga kiritib kelmoqda.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech