http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Vatan da’vatiga har doim shayman

on .

Ne-ne bahodirlarning yelkasini yerga tekkazgan afsonaviy Alpomish, zabardast Farhod haqida rivoyatu dostonlar shunchaki afsona emas, xalq ruhining, xalq mardligining timsolidir.

Barcha bolalar kabi qo’liga “qurol” olib, ko’chani changitib, “dushman” ortidan quvgan bolakay bugun mayor harbiy unvoniga ega bo’lgan o’ktam yigitga aylangan. Iste’fodagi mayor, “Olmaliq KMK” AJ Fuqaro muhofazasi otryadi boshlig’i Abbos Qo’ziev uchun Vatan himoyachilari kuni qalbda katta hayajon va ko’tarinkilik bilan nishonlanadigan bayramlardan biri.

Abbos Qo’ziev harbiy sohaga bolalik qiziqishi yoki shunchalik havas bilan kirib kelganlardan emas. Uzoq yillar harbiy xizmat mashaqqatlarini matonat bilan yengib o’tib, polkovnik lavozimigacha bo’lgan yo’lni bosib o’tgan Avazxon Qo’zievning izdoshi. Harbiylik kishidan halovatni, hayotning eng fayzli onlarini tortib oladigan kasb ekanini u butun qalbi bilan barvaqt tushunib yetgandi. Chirchiqdagi oliy harbiy bilim yurtiga 1993 yilda hujjatlarini topshirgan o’smir yigit harbiy ta’limning saboq va sinovlaridan muvaffaqiyatli o’tib, leytenant formasida padari buzrukvori qarshisiga shahdam qadam tashlab kelgani har ikkisi uchun farahli tuyg’ularni baxsh etgandi. 2008 yil Abbos Qo’ziev “A’lo xizmatlari uchun” ko’krak nishoni bilan taqdirlanganida esa, oilaning barcha a’zolari maslak va maqsad birligiga yana bir bor shohid bo’lishgandi.  

- Hayotda muvaffaqiyatga erishish uchun uch narsa - diqqat, intizom va harakat zarur, - deydi Abbos Qo’ziev biz bilan suhbatda. - Harbiy qasamyod qabul qilgan va keyinchalik Mudofaa vazirligi tizimidagi turli qismlarda xizmat davrim aynan mamlakatimiz harbiy qo’shinlariga asos solinayotgan yillarga to’g’ri kelgan.

Tarixning muayyan davrlarida, haqiqiy davlatchilik qaror topayotgan paytda, ayniqsa, bir tizimdan ikkinchisiga o’tish davrida, kuchli ijroiya hokimiyati va mustahkam davlat mudofaasi zarur bo’ladi. Mamlakatimiz rahbariyati bundan 27 yil avval qon to’kilishlar va qarama-qarshilikka yo’l qo’ymaslik, mintaqada millatlararo va fuqarolar totuvligi, tinchligi va barqarorlikni saqlash uchun mustahkam, adolatli harbiy siyosatni yurita oldi. Qurolli kuchlar orqali milliy mudofaani muvofiqlashtirish, davlat hududlari yaxlitligini va chegaralarini himoya qilish vazifasi sharaf bilan bajarildi. Davlatimiz sarhadlarini himoya qilish, olijanob xalqimiz tinch-osoyishta hayotini ta’minlashdek ishga hissa qo’shganimdan cheksiz faxrlanaman. Moto-o’qchi qo’shinlari safida rota komandirigacha bo’lgan yo’lni bosib o’tib, 2014 yildan OKMK Fuqaro muhofazasida xizmat qilib kelayotgan ekanman, mamlakatimiz iqtisodiy qudrati yuksalishiga hissa qo’shishimda harbiylikda orttirgan tajribam qo’l kelayotganidan baxtiyorman. Ona-Vatan da’vatiga sharaf bilan javob berishga, zarur bo’lsa yana harbiy libosni kiyib, harbiy qo’shinlar safidan joy olishga, Vatan uchun jonni qalqon qilishga har doim tayyorman.

So’nggi ikki yil ichida amalga oshirilgan ishlar e’tirofga molik. Mamlakatimiz harbiy doktorinasi qayta ko’rib chiqildi, Milliy gvardiya, Mudofaa sanoati bo’yicha qo’mita tashkil etildi. Harbiy qismlarimiz ixcham, tezkor va zamonaviy texnikalar bilan ta’minlab borilmoqda. Mamlakatimiz mudofaa qudrati olib borilayotgan iqtisodiy, ijtimoiy islohotlarga hamohang ravishda oshib bormoqda. Har qaysi millat o’z mustaqilligini qadrlashi, mustahkamlashi, uning ne’matlaridan foydalanishi, mustaqillikka xuruj qiladigan kuchlarga qarshi kurashishga shay turishi kerak. Vatan himoyachilari kuni arafasida barcha hamshaharlarimiz, harbiy qismlarda yigitlik burchini ado etayotgan mard o’g’lonlarimiz, askarlarni, ona-Vatan sarhadlari himoyasiga dahldor bo’lgan barcha insonlarni qutlug’ sana bilan samimiy muborakbod etamiz.  Yurtimiz doimo tinch, osmonimiz musaffo bo’lsin.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech