http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Istiqbolli taraqqiyot dasturi

on .

2018 yil 25 dekabr kuni Prezidentimiz tomonidan “Ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, sanoat tarmoqlarini texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash jarayonini jadallashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Qaror qabul qilindi.

Ushbu qaror asosida “Olmaliq KMK” AJda ham bir qator ishlar amalga oshirilishi belgilandi. Qaror mazmun-mohiyati to’g’risida OKMK Kapital qurilish boshqarmasi boshlig’i v.b. G’ani Negmatov batafsil ma’lumot berdi.

- Qarorda ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, sanoatning bazaviy tarmoqlarini texnik va texnologik jihozlash, ularning eksport salohiyatini yanada yuksaltirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini ta’minlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, korxonalarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida yangi tartibga ko’ra, davlatga yoki xo’jalik boshqaruvi organlariga tegishli aktsiyalar paketlarini (ulushni) investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchilarga belgilangan tartibda berish tanlov asosida 5 yilgacha bo’lgan muddatga beriladi. Buning uchun quyidagi shartlar bajarilishi kerak bo’ladi:

  • O’zbekiston Respublikasida qimmatli qog’ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish uchun tegishli litsenziyaning mavjudligi;
  • ishonchli boshqaruvchi tomonidan tegishli komissiyaga korxona faoliyatining samaradorligini yanada oshirish bo’yicha biznes-rejani taqdim etish;
  • korxonalarning kuzatuv kengashi tarkibiga ishonchli boshqaruvga beriladigan ulush bo’yicha tayinlanadigan a’zolarning kamida 40 foizi miqdorida davlat vakillarini kiritish;
  • ishonchli boshqaruvchining xizmatlariga uning ma’muriy xarajatlarini qoplash uchun har oy to’lanadigan mukofot puli va moliyaviy yil yakunlariga ko’ra biznes-reja parametrlarining bajarilishiga qarab hisoblanadigan bonus ko’rinishida haq to’lash.

Bunda, ishonchli boshqaruvchi tasdiqlangan biznes-rejani amalga oshirish uchun pul mablag’lari, uskunalar, dasturiy mahsulotlar shaklida o’z mablag’larini jalb etgan hollarda ushbu mablag’lar asoslantirilgan hisob-kitoblar va mustaqil auditor xulosasiga ko’ra hamda ishonchli boshqaruvchi va korxona o’rtasida kelishilgan alohida grafikka muvofiq belgilangan tartibda qoplab berilishi lozim.

Shuningdek, Qarorda O’zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko’maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi aktsiyalar (ulushlar) davlat paketini ishonchli boshqarish bo’yicha o’zi tuzgan shartnomalarning lozim darajada bajarilishi ustidan samarali monitoring olib borilishi ham belgilandi.

Tovarlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni amalga oshirish bo’yicha har oy bajariladigan tadbirlar grafigi, aniq davrda ishlab chiqarilishi mahalliylashtirilishi lozim bo’lgan tovarlar turlarining ro’yxati, shuningdek, ularni mahalliylashtirish darajasi, tovarlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo’yicha ishlarni moliyalashtirish manbalari va hajmlarini nazarda tutuvchi import kontraktlari bo’yicha olib kiriladigan tovarlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish ham yuklatilgan.

Mazkur qarorga muvofiq, “Olmaliq KMK” AJ faoliyatini yanada takomillashtirishga oid “Yo’l xaritasi” tasdiqlandi. “Yo’l xaritasiga” ko’ra, 2019 yil 1 fevralga qadar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 8 avgustdagi “Toshkent viloyatida kichik sanoat zonalarini kengaytirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Qaroriga “Olmaliq KMK” AJ Nodir metallar va qattiq qotishmalarni ishlab chiqarish bo’yicha ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi mulkining ishlatilmaydigan davlat mulki ob’ektlarini Toshkent viloyati hokimligiga topshiriladiganlar tarkibidan chiqarib tashlanishini nazarda tutadigan o’zgartirish va qo’shimchalar kiritiladi.

Tashkiliy chora-tadbirlar kompleksi asosida 2019-2021 yillar mobaynida Mis-molibden rudalarini boyitish bo’yicha texnologik ko’rsatkichlarni oshirish va zamonaviy texnologik yechimlarni foydalanishga topshirishni nazarda tutuvchi “TOMS ilmiy-tadqiqot va loyiha instituti” MCHJ (Rossiya) loyihasi asosida “Olmaliq KMK” AJ mis boyitish fabrikalarini (MBF va MBF-2) rekonstruktsiya qilinadi. Shu jumladan, ushbu tashkilot tomonidan investitsiya loyihalari asosida 2021 yil 1 dekabrga qadar foydali qazilmalar va tovar mahsulotlari (mis, molibden va oltin) ishlab chiqarishni oshirish sxemasini oqilona amalga oshirishni nazarda tutuvchi “Olmaliq KMK” AJ yangi mis boyitish fabrikasining (MOF-3)loyihasini, tovar mahsulotlari (mis va oltin) ishlab chiqarishni oshirishni nazarda tutgan holda oksidlangan ruda, shlaklar va eski saqlagichlarda saqlanib yotgan qoldiqlarni qayta ishlash loyihalari ishlab chiqiladi.

Tashkiliy chora-tadbirlarga asoslangan holda yo’l xaritasida belgilanganidek, 2020 yil 1 avgustga qadar Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi Milliy tadqiqotlar texnologik universiteti “MISiS”ning Olmaliq shahridagi filiali huzurida “Rangli va nodir metallar metallurgiyasi”, “Qora metallar metallurgiyasi”, “Quyish ishi”, “Metallarni bosim bilan qayta ishlash”, “Ochiq tog’-kon ishlari”, “Er osti tog’-kon ishlari”, “Foydali qazilmalarni boyitish”, “Marksheyderlik ishi”, “Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish hamda boshqarish”, “Tog’ elektromexanikasi” va boshqa ixtisosliklar bo’yicha mutaxassislarni tayyorlash professional kollejini tashkil etish hamda matematika, fizika, kimyo, axborot texnologiyalari, lingvistika va iqtisodiyot fanlari chuqurlashtirilgan holda o’rgatiladigan ixtisoslashtirilgan umumiy o’rta ta’lim muassasasini ochish belgilangan.

2018 yil Investitsiya dasturi doirasida 6 ta yirik loyiha amalga oshirilib, jami 297,6 mln. dollar miqdorida kapital qo’yilmalar o’zlashtirilgan bo’lsa, 2019 yilda 5  ta yirik loyiha amalga oshirilgan holda jami 183,6 mln. dollarlik kapital qo’yilmalar o’zlashtirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar 3 ta yirik loyiha: “Yoshlik I konini o’zlashtirish”, “Qizil-olma koni Mejdurech'e uchastkasida yer-osti konini qurish” va “Asosiy ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va stabillashtirish dasturi” texnik-iqtisodiy asoslarini yakunlash rejaga kiritilgan.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech