http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Istiqbolli rejalardan yuqori ko’rsatkichlarga

on .

Tog’-konchilik sanoatining rivojlanib borishi, qayta jihozlanishi va modernizatsiya qilinishi bilan tog’-konchilik ishlarini elektrifikatsiyalashga yangi talablar qo’yilmoqda.

Jumladan, yuqori sifatli va ishonchli elektr qurilmalari bilan ta’minlanganlik, mashina va mexanizmlarning uzluksiz hamda tejamkor faoliyat yuritishi bilan xususiyatlanadigan yuqori ratsional va samarador elektr ta’minoti sxemalarini joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, elektr energiyasi qo’llanishining xavfsizlik qirralarini oshirish yuqoridagi talablarning asosini tashkil etadi.

Kombinatning eng yirik yordamchi korxonalaridan biri hisoblanuvchi Ohak zavodi energetiklari uchun energetika manbalari ta’minotining ishonchliligi, quvvatlarning talabga muvofiq sifati, tizimning barcha elementlari xavfsizligi va iqtisodiy tejamkorligi bugun muhim omilga aylangan.

Zavod ochiq kon qazib olish va ohaktoshlarni qayta ishlash kabi murakkab jarayonlarni olib borgan holda OKMK uchun nihoyatda muhim bo’lgan reagent va qurilish materiali hisoblangan so’ndirilmagan ohak ishlab chiqaradi. Korxonaning ochiq konida pnevmatik zarbali burg’ulash uskunalari va to’liq burilishli bir kovshli ekskavatorlar kabi tog’-konchilik texnikalari ekspluatatsiya qilib kelinadi. Yirik, o’rta va mayda fraksiyali ohaktoshlar yanchish, maydalash, g’alvirlash kabi dastlabki ishlov berish jarayonlaridan o’tkazilganidan so’ng, kuydirish pechlariga yuklangan holda asosiy mahsulot olinuvchi texnologik liniya yo’lga qo’yilgan. Ishlab chiqarish jarayonlarini elektr energiyasi, xo’jalik va maishiy iste’mol suvlari hamda siqilgan havo bilan ta’minlash maqsadida eng takomillashgan energetika qurilmalaridan foydalaniladi. 

Ohak zavodi bosh energetigi Akrom Raimqulov ochiq kon qazib olish energiya xo’jaligi, korxona qayta ishlash texnologik qurilmalari va podstansiyalarining ekspluatatsiyasi, elektr uskuna va jihozlariga ta’mirlar orqali xizmat ko’rsatish, barcha bo’linmalar energiya ta’minotini ta’minlash, hisobotini olib borish, me’yorlashtirish va muvofiqlashtirish ishlariga oqilona rahbarlik qilib kelmoqda. Aynan uning rahbarligi ostida so’nggi yillarda eng zamonaviy, tejamkor bo’lgan vakuumli chastotali qayta muvofiqlashtirgichlar, rovonlikda ishga tushirish moslamalari texnologik uskuna va jihozlarga montaj qilinib, elektr energiyasidan oqilona foydalanish, qurilmalar ekspluatatsion muddatlarini keskin oshirishga erishildi. Energiya manbalari iste’molini muqobillashtirish yuzasidan belgilangan tadbirlarni izchil amalga oshira borgan zavod energetiklari tomonidan tabiiy gaz iste’molida +25%lik, elektr energiyasi qabuli va foydalanishda +30%lik tejamkorlikka erishildi.

Navbatchi elektrta’mirchilar V.Kan, A.Mirzayevlar elektr qurilmalariga, A.Matqobilov va  I.Muzaffarovlar tabiiy gaz ta’minoti jihozlariga xizmat ko’rsatishda tajriba maktabini yaratgan malakali ishchi-xodimlar hisoblanishadi. O.Abdusalomov, A.Turdiqulov, M.Davlatov, V.Zagaynov, I.To’ychiev, M.Mahmudov M.Usmonov, Sh.Komiljonov, D.Karimov va B.Minavvarov kabi energetiklar o’zlariga biriktirilgan ish uchastkalarida yuqori natijalarni qo’lga kiritib kelishmoqda. Elektr qurilmalari xo’jaligi Ohak zavodining barqaror faoliyat yuritishida muhim rol o’ynaydi. Uning alohida zvenolaridagi uzilishlar ko’p hollarda elektr xo’jaligi ishi to’laligicha ishdan chiqishi va texnologik uskunalar turib qolishiga olib keladi. Elektr xo’jaligini ekspluatatsiya qilishning vazifasi -elektr qurilmalari va elektr tarmoqlarining ishonchli, xavfsiz tejamkorlikda ishlashini, ularni ish holatida saqlab borish va nosozliklari tufayli turib qolishlariga yo’l qo’ymagan holda ta’minlashdir. Korxonaning to’laqonli faoliyat yuritishiga faqat uni ishonchli tarzda boshqarish evaziga erishish mumkin. Ushbu jihatlar Energetika xizmati ishchi-xodimlarining sa’y-harakatlari va omilkorliklari evaziga ta’minlab borilmoqda.

Qozonxona operatori Mohira Adilova 18 yildan beri bir kasbda mehnat qilib kelayotgan xodimalardan biri. Zavod ma’muriy va ishlab chiqarish xonalari, maishiy yuvinish bo’lmalarini issiqlik va issiq suv bilan ta’minlab borish vazifasi aynan uning mahorati evaziga bekamu ko’st amalga oshirib kelinmoqda. Energetika ko’rsatkichlari, ish samaradorligiga ijobiy ta’sir etadigan yangi texnolgiyalarni elektr xo’jaligiga tatbiq etish, energiya manbalari hisobi qat’iy olib borilishi, belgilangan tartiblardagi hisobotlar yuritilishi, korxona yuklanish jadvalini doimiy ravishda nazorat qilib borish va uni muvofiqlashtirish bo’yicha samarali tadbirlarni ishlab chiqish, ta’mir bazasi rivojlantirilishi va takomillashtirish kabi istiqbolli rejalarni tuzgan holda korxona energetiklari Ohak zavodining ishlab chiqarish ko’rsatkichlarini keskin oshirishga o’z hissalarini qo’shib kelishmoqda.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech