http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

G’oyalar ishlab chiqarishga

on .

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 sentyabrdagi ““Olmaliq KMK” AJning Boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori asosida kombinat tarkibida yangi bo’lim - Fan va innovatsiya bo’limi tashkil etildi.

O’tgan davr mobaynida bo’lim oldiga qo’yilgan vazifalar bajarildimi? Bo’lim tomonidan qanday ishlar amalga oshirib kelinayapti? Shu kabi savollarga batafsil Fan va innovatsiya bo’limi yetakchi muhandisi Farrux Toshaliyev ma’lumot beradi.

- Bizning asosiy vazifamiz kombinat bo’linmalarining ilmiy-texnikaviy mahsulotlarga ehtiyojini o’rganish, ixtirochilik va ratsionalizatorlik takliflarini hamda ilmiy-texnikaviy yutuqlarni qayd etish, ularni patentlash, innovatsion faoliyat bo’yicha turli xil ilmiy-amaliy seminarlar, konferensiyalarni tashkil etishdan iborat. Shuningdek, ilmiy ishlanmalarni kombinatdagi texnologik ishlab chiqarish jarayoniga qo’llashda ham ishtirok etamiz.

Fan va texnika yutuqlarini izlash va ishlab chiqarishga qo’llash, kombinatning texnik-iqtisodiy ko’rsatkichlarini oshirish, yangi ilmiy-texnikaviy yutuqlar hisobiga ishlab chiqarish hajmi sur’atini oshirishni ta’minlash ham asosiy vazifalarimiz sirasiga kiradi.

2018 yilda kombinat tasarrufida innovatsion faoliyatni qo’llab-quvvatlash fondi tashkil etildi. Ushbu fondni tashkil etishdan asosiy ko’zlangan maqsad innovatsion faoliyatni moliyalashtirish, ixtirochilarni, iqtidorli talabalarni rag’batlantirish, oliy o’quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish uchun ularni qo’llab-quvvatlashdir. Hozirda iqtidorli talabalarni ushbu fond mablag’lari hisobidan rag’batlantirish uchun tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.

Vazifamizdan kelib chiqqan holda har qanday ixtirochilik takliflarini, ilmiy-texnik ishlanmalarni ishlab chiqarishga tatbiq etib borayapmiz. Bugungi kunda qimmatbaho metallarni olish sohasida ilmiy izlanishlar olib borilayapti. Nasib qilsa kelgusida indiy, vannadiy, osmiy hamda platina kabi noyob va nodir metallar kombinatimizda olinadi. Ayni damda ushbu metallarning olish texnologiyalarini eng muqobil tanlash uchun malakali mutaxassislar tomonidan tahlil ishlari amalga oshirilayapti.  

Kombinatda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar tomonidan bir qator ratsionalizatorlik takliflari ham bo’limimizga berilgan. Ushbu takliflar asosan mashinasozlik yo’nalishi bo’yicha bo’lib, ularni ishlab chiqarishga tatbiq etish uchun o’rganib chiqayapmiz.

Shuningdek, bo’limimiz yurtimizdagi va xorijdagi bir qator ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlik aloqalarini yo’lga qo’ygan. Ular tomonidan hozirda kombinatning texnogen chiqindilarini qayta ishlash bo’yicha tadqiqot ishlari olib borilayapti. Agar ularning bergan takliflarida iqtisodiy samaradorlik yuqori bo’lsa, chiqindilarni qayta ishlash korxonasi barpo etiladi. Bu korxonalarni qurishdan yana bir maqsad ekologik ahvolni yaxshilash va xom ashyoning muqobil turini yaratishdan iboratdir.

Joriy yilning 18-19 aprel kunlari “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati texnogen kon qoldiqlarini qayta ishlash masalasida zamonaviy muammolar va uning yechimida innovatsion texnologiyalar” mavzusida xalqaro amaliy anjuman ham o’tkazilishi ko’zda tutilmoqda. Unda dunyoning rivojlangan mamlakatlari bo’lgan Rossiya, AQSH, Xitoy, Koreya Respublikasi, Germaniya, Qozog’iston va Ukraina davlatlaridan yuzdan ortiq yetuk olim va mutaxassislar kelishi kutilayapti.

Xabaringiz bor, o’tgan yili dekabr oyida Nodir metallar va qattiq qotishmalar O’zbek-Koreys Ilmiy-texnologik markazini tashkil etish bo’yicha Janubiy Koreya davlatining nodir metallar instituti KIRAMning rasmiy vakillari bilan uchrashuv tashkil etilib, markazni tashkil etish bo’yicha bitim imzolangan edi. Mazkur markaz Chirchiq shahrida rasman 20 aprel kuni o’z faoliyatini boshlaydi. Shu kuni markazning tantanali ochilish marosimi hamda O’zbekiston Respublikasi (OKMK) va Koreya Respublikasining nodir metallar instituti (KIRAM) hamkorligidagi III xalqaro seminar o’tkaziladi. Unda Koreya Respublikasidan 15ga yaqin olim va yetuk mutaxassislar, mamlakatimizning 20 nafardan ortiq kon-geologiya va metallurgiya sohasidagi akademik va professorlari ishtirok etishi rejalashtirilmoqda.

Yana kombinatimiz ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan import mahsulotlarini kamaytirish uchun ham bir qator ilmiy-tadqiqot institutlari bilan shartnoma asosida ishlar olib borilayapti. Masalan, xorijdan keltirilayotgan olein kislotasini o’zimizda ishlab chiqarish masalasi ko’rib chiqilmoqda.

Hozirda texnik kutubxonani boshqa binoga ko’chirishni rejalashtirganmiz. Ushbu kutubxona yangi binoga ko’chirilganidan keyin, uning qoshida Data markaz tashkil etiladi. Markazni tashkil etishdan maqsad kombinat ishchi-xodimlarini, shahrimizdagi oliy o’quv yurtlari talabalarini, o’qituvchilarini zamonaviy ilmiy-texnik axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatini yaratishdan iboratdir. Keyinchalik texnik kutubxonada elektron kutubxona faoliyati ham yo’lga qo’yiladi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech