Yangiliklar

Olmaliq geologiyasi uzoq moziyga borib taqaladi

on .

Geologiya shak-shubhasiz qadimgi fandir. Mamlakatimiz geologiya fani tarixiga nazar tashlaydigan bo’lsak, O’zbekiston geologiyasi aynan Olmaliq ma’danlar maydonini o’rganish  hisobiga rivojlanib borganiga guvoh bo’lamiz.

Rangli va nodir metallarga boy konlarni o’rganib chiqish, mineral xom ashyo bazalarini baholash, foydali qazilmalar konlarida ekspluatatsion qidiruv ishlarini olib borish OKMKning tasarrufdagi konlarida yanayam chuqurroq geologik qidiruvlarni amalga oshirishdek muhim vazifalarni bajarib kelayotgan kombinat geologlari bugun o’z zimmalariga yuklatilgan topshiriqlarni sharaf bilan uddalab borishmoqda.

Mamlakatimiz Prezidentining farmoniga asosan aprel oyining birinchi yakshanbasi geologiya sohasi xodimlari kuni yurtimizda ilk bor nishonlanadi. Shu munosabat bilan “Olmaliq KMK” AJ Boshqaruv apparati bosh geologi Iskandar Avladov bilan sohaga doir ishlar yuzasidan suhbat uyushtirdik. Quyida ushbu suhbat bilan batafsil tanishasiz.

- Iskandar Bo’ronboyevich aytingchi, tog’-konchilik korxonalarining foydali qazilmalar bo’yicha xom ashyo bazasini mustahkamlash, razvedka qilingan foydali qazilmalar ishonchliligini oshirish, foydali qazilmalar konlaridan to’laqonli va kompleks foydalanish hamda tabiiy boyliklarni saqlash borasida OKMKda ishlar qanday tizimlarda olib borilmoqda?

- Shu kungacha olib borilgan ishlar xususida ko’plab fikrlar va natijalarni aytish mumkin. Lekin men ayni kunlarda amalga oshirilgan ishlarga baho berib o’tishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman. Shu kunga kelib, Qalmoqqir va Yoshlik I konlari zahiralarini butunjahon tasnifi talablariga mos keluvchi JORC tizimi bo’yicha qayta hisoblash maqsadida bir nechta burg’ulash korxonalari bilan hamkorlik qilmoqdamiz. Ular bilan tuzilgan shartnomalar asosida umumiy hajmi 12822 pogonometrli burg’ulash ishlari olib borilmoqda. Ayni damda umumiy burg’ulash vazifalarining 87 %dan ortig’i bajarilib, hujjatlashtirish ishlari amalga oshirilayapti. Ushbu mas’uliyatli ishni bajarish maqsadida Qalmoqqir kon boshqarmasi tasarrufidagi Geologiya-qidiruv partiyasi geolog-mutaxassislari jalb etilgan. Ular tomonidan burg’ulangan burg’u quduqlarini hujjatlashtirish, olingan kern namunalarini hujjatlarini geologik tavsiflash, kernlardan namunalar olish ishlari ham keng miqyosda davom ettirilmoqda.

- Foydali qazilmalarni qazib olish bo’yicha tog’-konchilik korxonalarini loyihalashtirish va qayta jihozlash ishlarida kombinat geologlari qanday vazifalarni bajarib borishayapti?

- Kombinat geologlari tomonidan har bir investitsion loyiha doirasida belgilangan konlardagi ma’dan zahiralari, ularning geologik tuzilishi, fizik-mexanik xususiyatlari chuqur o’rganilib, loyihalashitirish korxonalariga taqdim etib borilayapti.

- Tabiiy boyliklarni geologik o’rganish bo’yicha ishlarni tashkil etish va amalga oshirish uslublarini fan, texnika hamda ilg’or tajribalarni qo’llash asosida olib borishni takomillashtirish borasida qanday loyiha ishlariga qo’l urildi?

- Hozirgi vaqtda kombinat geologlari o’z faoliyati davomida GEMCOM Surpac dasturiy ta’minotidan samarali foydalanib kelishmoqda. Men yuqorida ta’kidlab o’tganimdek, aynan Olmaliq geologiyasi asosida mamlakatimiz geologiya fani rivojlanib borganini inobatga oladigan bo’lsak, OKMK rahbariyatining  bevosita ko’magi va qo’llab-quvvatlashi tufayli biz eng ilg’or kon qidiruv, burg’ulash texnikalaridan foydalanib kelmoqdamiz. Geologik xaritalarni tuzib chiqishda ham eng so’nggi rusumdagi ofis texnikalari bilan ta’minlanganimiz ishlarimiz sifatini oshirishga xizmat qilayapti.

- Tasarrufdagi geologik tashkilotlarning yuqori samaradorlikda ishlashini tashkil qilish qanday yo’lga qo’yilgan?

- Ma’lumki, OKMK mamlakatimizning turli mintaqalarida kon qazib olish ishlarini amalga oshirib keladi. Mavjud konlarni chuqur o’rganish, ekspluatatsion razvedka ishlarini samaradorlikda yo’naltirib borish nihoyatda mas’uliyatli va mashaqqatli vazifadir. Men bu vazifalarni bugungi kunda qat’iy asoslarda yo’lga qo’ygan holda olib borayotgan geologiya bo’limi boshlig’ining Yer osti kon ishlari, Ochiq kon ishlari bo’yicha o’rinbosarlari Davron Jumayev va Abror Yuldoshev, Ochiq noruda konlari tog’-kon ishlari bo’yicha o’rinbosari Abdujalil Boboyev, Qalmoqqir kon boshqarmasi bosh geologi Vladimir Gornov, Kovuldi koni bosh geologi Vadim Kosov, Sariq-cho’qqi koni geologi Xo’janazar Sohibov, Angren kon boshqarmasi bosh geologi Zokir Nomozov, Xonjiza kon boshqarmasi bosh geologi Tojiddin Temirov, Chodak kon boshqarmasi bosh geologi Akmal Abdurahmonov kabi mutaxassislarimiz nomlarini alohida ta’kidlab o’tgan bo’lardim.

Tabiiy boyliklardan foydalanish, ularni geologik o’rganish va muhofaza qilish bo’yicha talablarni bajarish, yer qa’ridan asosiy va boshqa tabiiy boyliklarni to’liq birgalikda olib chiqish, shu jumladan, qazib olingan xom ashyolarni qayta ishlash va boyitish yuzasidan ma’muriy nazorat ham o’rnatilgan. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarixi mamlakatimizning tarixi hamda og’ir industriya va metallurgiya sanoatining rivoji bilan chambarchas bog’liq. Mintaqamizdagi geografik manzillar nomlarida “Qo’hisim”, “Miskon” va “Oltin-topgan” kabi atamalarning uchrashi hozirgi Olmaliq metallurgiya sanoati, xususan, uning geologiyasi tarixi uzoq moziyga borib taqalishidan dalolat beradi.

Fursatdan foydalanib, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati geologiyasi tarixini yaratgan ustozlarimiz, bugungi kunda kombinat xom ashyo bazasini mustahkamlash, istiqbolli konlarni ochish borasida baholi qudrat mehnat qilib kelayotgan geologlarimizni kasb bayramlari bilan samimiy muborakbod etaman. Zamin xazinabonlari, deya e’tirof qozongan barcha geologlarimizga mustahkam sog’lik, oilalariga tinchlik-omonlik, ishlariga ulkan yutuqlar tilayman.

- Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat. O’z o’rnida sizni va jamoangiz a’zolarini, kombinatimiz barcha geloglarini kasb bayramlari bilan qutlab qolamiz.

- Rahmat, sog’ bo’ling.

Suhbatdosh Hasan ABDULLAYEV

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech