http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Import mahsulotlari o’zlashtirilmoqda

on .

3-temiryo’l sexi Sanoat temiryo’l transporti boshqarmasi sexlari orasida o’z o’rniga ega. Asosiy vazifasi elektrovoz va teplovozlarni ta’mirlash bo’lgan 3-TYTS jamoasi o’tgan chorakda zimmalariga yuklatilgan vazifalarni yorug’ yuz bilan ado etishdi. Jumladan, 2019 yilning birinchi choragi mobaynida sex tomonidan elektrovozlarni kapital tamirlash bo’yicha reja 101%ga, joriy tamirlash rejasi esa 103,2%ga bajarildi.

- Seximizning o’zi lokomotiv deposi hamda yo’l mashinalari va mexanizmlarini ta’mirlash depolariga bo’linadi, - deydi sex boshlig’i Dilshod Narmanov. - Lokomotiv deposida asosan konlardan Mis boyitish fabrikalariga ma’danlarni tashuvchi elektrovoz hamda teplovozlar ta’mirlanadi. Yo’l mashinalari va mexanizmlarini ta’mirlash deposida esa temiryo’lga servis xizmatini ko’rsatuvchi motovozlar, PRM-M600-48 markali yotqizish kranlari sozlanadi. Eng qizig’i, mazkur depoda transport vositalarining har qanday turini uchratish mumkin. KrAZ, KamAZ, Gazel, traktor, xatto avtominora kabi transport vositalari depoda mavjud. Ushbu texnika vositalarini ta’miri ham shu joyning o’zida yo’lga qo’yilgan.

Birgina elektrovozning ta’mir jarayonini oladigan bo’lsak, bu jarayon bir necha bosqichni qamrab oladi. Ta’mirtalab elektrovoz dastlab, mukammal ta’mir uchastkasiga keltiriladi. Bu yerda texnika vositasidagi elektr kabellari to’lig’icha yangisiga almashtiriladi. Bitta elektrovozda 12000 metr uzunlikdagi turli diametrli elektr kabellari yangilanadi.

Shundan so’ng, elektrdvigatel va yordamchi dvigatellar almashtirilib, harakatlantiruvchi qismlar ham to’lig’icha yangilanadi. Deponing tayyorlov uchastkasida eng muhim ehtiyot qismlar - ressorlar, vtulkalar tayyorlanishi ham yo’lga qo’yilgan bo’lib, har bir ta’mirga keltirilgan texnika vositalariga zarur bo’lgan ehtiyot qismlar bir zumda tayyorlab beriladi. Yaroqsiz holga kelgan g’ildirak juftliklari esa vagon xizmatiga yuboriladi. Mukammal ta’mirdan chiqarilgan elektrovoz texnologik jarayonlarga qayta jo’natiladi.

Sex boshlig’ining ta’kidlashicha, bundan bir yil avval elektrovozlarning kompressor klapanlari, halqa va ustqo’yma kabi ehtiyot qismlarida uzilish bo’lib qoldi. Har qanday ehtiyot qismni tayyorlashni mukammal o’zlashtirib olgan sex jamoasi yuzaga kelgan vaziyatni to’g’ri baholab, xorijdan keltiriladigan kompressor klapanlari, xalqa va ustqo’ymalarni tayyorlaydi. Tajriba-sinov tarzida ushbu ehtiyot qismlar elektrovozlarga qo’yiladi. Natija kutilganidan ham a’lo bo’ladi. Ya’ni ushbu ehtiyot qismlar uzoq muddat xizmat qilib, sinovdan muvaffaqiyatli o’tadi. Darhaqiqat, sexda mahalliylashtirish dasturiga ko’ra, 2018 yilda 70ga yaqin po’latdan, 80ga yaqin rezinadan tayyorlanadigan zarur ehtiyot qismlar ishlab chiqarish o’zlashtirildi. Bu esa o’z-o’zidan xorij import tovarlarini sonini cheklab, valyuta mablag’larini tejalishiga olib kelmoqda. Masalan, bugungi kunda sexda vagon hamda kranlar uchun tormoz silindri manjetlari tayyorlanib, yetkazib berilmoqda. TED shestirnalari, KT-6 kompressori ust qo’ymalari, TL-110 dvigateliga yarimmuftalar, teplovoz xalqalari, KT-6 nagnetatel klapanlari, tortuvchi klapanlar, kontaktor shuntlari, har xil katushkalar karkaslari, 1KM016M kontaktor prujinalari va RB buksir relelari bugungi kunda o’z ishining ustalari mahoratlari bilan tayyorlanmoqda.

Amaldagi yilning mart oyida sex texnoparki yaqin yillarda ishga tushirilishi ko’zda tutilayotgan Yoshlik I konidagi temiryo’l ta’miri uchun VPR yotqizish uskunasi va VPRS markali hamda DKGU-3 rusumli ta’mir uskunalari bilan to’ldirildi.

Sex boshlig’i o’rinbosarlari Ulug’bek Ortiqboev, Shuhrat Ermatovlar har bir topshiriq va vazifalarni bajarilishida mas’ul. Bugungi kunda sexda 7 ta uchastka faoliyat yuritayotgan bo’lsa, ushbu uchastkalar vazifalari 14 nafar ustalarning hamjihatlikdagi sa’y-harakatlari bilan o’z vaqtida va sifatli uddalab kelinmoqda. Toshkent temiryo’l transporti muhandislari oliygohi bilan yo’lga qo’yilgan hamkorlik aloqalari tufayli, ushbu oliygohni tamomlagan yosh mutaxassislar har yili sexda o’z mehnat faoliyatlarini boshlashmoqda. Ko’p yillik ish tajribasiga ega ustalar Husniddin Qo’chqorov, Vladimir Zimin, Zuhriddin Qurbonov, Bobomurod Misliboyev yosh ustalar G’ulom Iskandarov Jo’rabek Jo’raboyev, Sanjar To’laganovlarga kasb sir-asrorlarini qunt bilan o’rgatib kelishmoqda.

Tayyorlov uchastkasida bir necha yillardan buyon tokarlik qilib kelayotgan Alisher Rahmonov, Abdurauf Marasulov, frezerlovchi Ahad Gazizulin, temirchi Elmir Hamedov, chilangarlar - Kamoliddin Qambarov, Shuhrat Tog’ayev, Dilshod Husanov, Eldor Xolmatovlar har jabhada hamkasblariga namuna bo’lishayotir.

Yuqorida qiziq bir ma’lumotni berib o’tgandik. Ya’ni bitta elektrovozda 12 km. uzunlikdagai turli diametrlarda elektr kabellari bo’larkan. Sozlovchilar Aleksandr Russkov va Nail Hamidovlar ana shu kabellarni vazifasiga ko’ra, aniq nuqta-nuqtasiga joylashtirib chiqishadi. Endi bir tasavvur qilib ko’ravering, 3000 volt kuchlanishli elektr tokida ishlaydigan elektrovozning elektr qismini sozlashda qanchalik tajriba va mashaqqat yotganini. Ushbu vaziflarni bajarishda sozlovchilar sabot va aniqlik bilan ish olib borishadi. Bu borada elektrchilangarlar Nuriddin Soliyev, Aleksandr Proshkin, Gennadiy Yuryev, Hakim G’aniyev, Azet Kamoliddinov, Ayder Osmanovlarning ham uzoq yillik mehnat tajribalari qo’l kelmoqda.

Joriy yil sexda obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish ishlariga ham alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Har bir uchastka ustasiga ma’lum bir hudud biriktirilgan bo’lib, shu kungacha hududga ishchilar tomonidan 5000ga yaqin bir yillik gul ko’chatlari, 200 tup ignabargli daraxt ko’chatlari ekildi. Sex hududiga kirganingizda chap tomonda 3,5 sotixli mo’jazgina issiqxonaga ko’zingiz tushadi. Ushbu issiqxonaga sex akkumulyatorchisi Yashin Normatov mas’ul. Issiqxonada limon va turli ko’zni quvnatadigan gullar ekilgan. Yetishtirilgan limon STTB ishchilarining dasturxoniga, xatto 80-maktab-internatga ham yetkazib berilayotgani ahamiyatli.

Sanoatning qon tomiri bo’lgan temir yo’llar, ularda harakatlanayotgan elektrovozlar o’z manzillari tomon shoshadi. Texnologik jarayonda muhim bo’g’in bo’lgan 3-TYTS jamoasi bir zum bo’lsada ana shu jarayondan uzilmaydi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech