http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Maqsad - aholi farovon turmushi

on .

Aholining turmush darajasi va jamiyatimizdagi ijtimoiy ahamiyatga ega bo’lgan uy-joy kommunal sohasining samarali faoliyat ko’rsatishi bilan bog’liq masalalar doimo jamoatchilikning diqqat markazida bo’lib kelgan.

Iste’molchilar, ya’ni xonadonlar egalariga sifatli va kafolatli kommunal xizmatlar ko’rsatishni ta’minlash maqsadida uy-joy kommunal xizmat ko’rsatish va muhandislik infratuzilma ob’ektlarini boshqarish hamda ulardan foydalanish borasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida namunali faoliyat ko’rsatib kelinadi.

Ma’lumki, 2018 yil 2 aprelda O’zbekiston Respublikasining “O’zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko’rsatish sohasi xodimlari kunini belgilash to’g’risida”gi Qonuni qabul qilinib, unga ko’ra 18 aprelь O’zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko’rsatish sohasi xodimlari kuni etib belgilandi. Bugungi kunda respublika uy-joy kommunal xo’jaligi sohasida 157 ming nafardan ortiq ishchi va xizmatchilar faoliyat ko’rsatmoqda.

Bayram arafasida “Olmaliq KMK” AJ Uy-joylarni ta’mirlash va ulardan foydalanish boshqarmasida bo’lib, boshqarmaning bugungi faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Ishlab chiqarish-texnik bo’limi boshlig’i Ilhom Ergashev kombinat kommunalchilari tomonidan ayni kunlarda olib borilayotgan ishlar, oldinda turgan vazifalar va istiqbolli rejalar borasida quyidagi fikrlarni bildirdi.

- “Olmaliq KMK” AJ tasarrufida Uy-joylarni ta’mirlash va ulardan foydalanish boshqarmasi mavjud bo’lib, ushbu boshqarma negizida 1-, 2-, 3-sonli ta’mirlash uchastkalari, 2 ta yotoqxona, Dispetcher-mexanizatsiya xizmati, Elektr ta’mirlash xizmati, ta’mirlash guruhi hamda Maishiy chiqindilarni qabul qilish va joylashtirish uchastkalari faoliyat ko’rsatadi.

OKMK tasarrufidagi uy-joy fondi, ichimlik va oqova suv, issiq suv va issiqlik energiyasi tizimlarini tubdan rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, uy-joy fondi va kommunal soha ob’ektlarini kuz-qish mavsumiga to’laqonli tayyorlash, aholini elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlashda shahar xizmatlararo muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish ayni shu kunga kelib faoliyatimizning asosiy yo’nalishlaridan biri bo’lib qolmoqda. Ushbu va boshqa muammolarni hal qilish maqsadida 2018 yilning dekabr oyida “Olmaliq KMK” AJ UJTFB Uy-joy kommunal xo’jaligi tizimini yaxshilash bo’yicha yo’l xaritasi ishlab chiqildi va kombinat boshqaruvi raisi A.Xursanov tomonidan tasdiqlandi. Mazkur hujjatda asosiy e’tibor uylarning ichki muhandislik kommunikatsiya tizimlarini, ya’ni isitish, kanalizatsiya issiq va sovuq suv tizimlarini mukammal ta’mirdan chiqarish vazifalariga qaratilgan. Bundan tashqari, yo’l xaritasida belgilab berilganidek, kommunalchilarimiz tomonidan uy-joylarning tom qismlarini mukammal ta’mirlash, hovli qismlarini obodonlashtirish, zamonaviy bolalar o’yingohlarini barpo etish, kommunal qurilmalarning texnik holatini yaxshilash, ularga xizmat ko’rsatish sifat va samaradorligini oshirish, qayd etilgan va aholidan kelib tushgan murojaatlar asosidagi muammolarni tezkorlikda hal etish, issiqlik va energetika manbalari taqsimoti hamda limitlarini tartibga solish borasida keng ko’lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

UJTFBning ta’mirlash guruhi ishlarini tubdan takomillashtirish bo’yicha hozirgi kunda bo’lim ishchi-xodimlarini UJTFB-1-2-3-bo’limlariga biriktirish va shu bilan birga yo’l xaritasiga asosan, boshqarmada abonentlarga xizmat ko’rsatish bo’yicha yangi bo’limni tashkil qilish ishlari olib borilmoqda, bu esa aholiga yanada qulay shart-sharoitlarni yaratib beradi. Ushbu bo’lim faoliyati may oyidan yo’lga qo’yilishi ko’zda tutilgan. Shuningdek, uy-joy kommunal xizmat ko’rsatish tizimiga resurs va energiyatejamkor texnologiya hamda uskunalarni joriy etish, jumladan, uy-joy kommunal xo’jalik ob’ektlarini zamonaviy hisobga olish-o’lchash priborlari bilan ta’minlash, maxsus texnika va uskunalar, mashina va mexanizmlar bilan ta’minlashga oid amaliy ishlar qilinayotganini alohida ta’kidlash lozim.

Eng diqqatga molik bo’lgan aholi manfaatlariga to’liq javob beradigan “Olmaliq KMK” AJ tasarrufidagi ko’p qavatli uylarda istiqomat qilayotgan iste’molchilarga ko’rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, aholi murojaatlari bilan ishlash, uy-joylardan foydalanish va ta’mirlash boshqarmasida debitor qarzdorlikni keskin kamaytirish yuzasidan yo’l xaritasi ishlab chiqilganini ta’kidlab o’tish zarur bo’ladi. Mazkur hujjatning ko’p xondonli uylarning texnik holati va undan foydalanish, xizmat ko’rsatishni yaxshilash, issiqlik energetika manbalari yetkazib berilishini takomillashtirish, jismoniy va yuridik shaxslar bilan ishlashni yaxshilash, ishchi-xodimlar malakasini oshirish va xodimlar qo’nimsizligini keskin kamaytirish yuzasidan to’rtta asosiy boblarida barcha vazifalar aniq ko’rsatib berilgan.

Bugungi kunda UJTFBning 3 ta Uy-joylarni ta’mirlash uchastkalari kommunalchilari tomonidan kombinat tasarrufidagi 296 ta ko’p qavatli uylarning 9668 tadan ziyod xonadonlarida 2019-2020 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari ham qizg’in boshlab yuborilgan. Jumladan, ko’p qavatli uylar tom qismlari, isitish tizimlari, muhandislik kommunikatsiya qurilmalarining samarali faoliyatini yo’lga qo’yish, bir so’z bilan aytganda, xonadonlar egalari uchun komfort sharoitlarni ta’minlash maqsadida barcha mavjud qurilmalar, inshootlar va tizimlarimizda mukammal ta’mirlash ishlari rejali olib borilgan holda vazifalar o’z muddatlarida ado etilmoqda.

Kombinat kommunalchilari o’z kasb bayramlarini munosib sovg’a bilan qarshi olishmoqda. Xususan, “Obod mahalla” Davlat dasturi ijrosi yo’lida Amir Temur, Babushkin, Faxriylar hamda Sunbula ko’chalaridagi jami 14 ta ko’p qavatli uylarning tashqi fasadlari, kommunal tarmoqlari, kvartallar ichi hududlarida ham kapital ta’mir ishlarini yakuniga yetkazdilar. Kvartallar ichi yo’l va yo’laklariga asfalt yotqizildi. Mazkur vazifalarning o’z vaqtida va sifatli bajarilishida OKMK korxona va sexlari jamoalari a’zolarining ham ko’rsatgan jonbozliklarini alohida keltirib o’tish lozim. Uy-joylarni ta’mirlash uchastkalarimizga qarashli uylar tashqi fasadlarini ta’mirlash bo’yicha yilning birinchi choragi uchun belgilangan barcha rejalar to’liq bajarilishiga erishildi. Yilning ikkinchi choragi rejasiga kiritilgan uylarda ayni kunlarda keng miqyosda ishlar davom ettirib borilmoqda. UJTFBning 2019-2020 yillarda turar-joylarni tom qismlarini kapital ta’mirdan chiqarish yuzasidan tashkiliy-texnik tadbir rejasi ishlab chiqilib, mazkur yo’nalishda ham ishlar yuqori sur’atlarda amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2019 yilning birinchi choragida 13 ta ko’p qavatli uylarni tom qismlari mukammal ta’mirdan chiqarildi. Yumshoq qoplamali tomlarni mukammal ta’mirlash bo’yicha ishlar kombinat rahbariyati tomonidan tasdiqlangan ish jadvali asosida joriy yilning 2- va 3-choraklarida amalga oshirilishi ko’zda tutilgan. Shuningdek, 13 ta ko’p qavatli uylarning ta’mirtalab ichki ta’minot tizimi to’liq ta’mirlandi. Ko’zlangan maqsadlarga erishish yo’lida boshqarma tomonidan mavjud maxsus texnikalar va mexanizatsiya vositalari samaradorligini oshirish, 1-, 2-, 3-UJTU, Elektr xizmati, Dispetcherlik-mexanizatsiya xizmati, Maishiy chiqindilarni qabul qilish va joylashtirish uchastkasi bahamjihat faoliyatini ta’minlash borasida tashkilotchilik masalalariga yangicha yondoshilayapti. Jumladan, traktorlar tirkama aravalarini kapital ta’mirdan chiqarish ishlari qizg’in davom ettirilmoqda. Dispetcherlik-mexanizatsiya xizmatining mohir gazelektrpayvandlovchisi Shavkat Muhiddinov va traktor haydovchisi Baxtiyor Abdiqulovlar bu borada mahoratlarini ishga solishmoqda. Mazkur xizmat operatorlari aholidan kelib tushayotgan murojaatlarni qabul qilib olish, tezkor chora-tadbirlarni belgilash borasida o’z sohasining bilimdonlari hisoblanishadi. Bevosita turar-joylardagi kommunal va santexnika qurilmalariga xizmat ko’rsatish, yuzaga kelgan nosozliklarni bartaraf etib borishda uchastkalar chilangar-ta’mirchilari Akbar Kudiyarov, Mansur Jo’rayev va Sherali Abdullayev hamda Mirzahmad Umirzoqov, Ro’ziboy Pirimqulov, Bakir Esonboyev singari gazpayvandlovchilar mahoratiga tayanib kelinadi. 2-UJTU yuklovchisi Abdujabbor Mamasodiqov, suvoqchi-bo’yoqchi Olim Nishonov, 3-UJTU hovli ishchisi Inobat Nasimova, shu uchastka suvoqchi-bo’yoqchisi Abdug’ani Imonqulov kabi ishchi-xodimlar o’z ish uchastkalarida yuqori ko’rsatkichlarni qo’lga kiritib kelishmoqda. Boshqarmaning Alisher Mahmudaliyev rahbarlik qilib kelayotgan Elektr xizmati elektromontyori Mahmud Qo’shboyev ko’p qavatli uylar va xonadonlar elektr qurilmalarining uzluksiz va sifatli energiya ta’minoti faoliyatida qat’iy tartibni yarata olgan. Ayni kunlarda ko’chalar, xiyobonlar va kvartallar ichi hududlarini ko’kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari UJTFB jamoasining asosiy diqqat markazida bo’layapti. Sanitar-tozalash ustalari Zarifa Qo’chqorova, Dilnoza Irgasheva, Farida Utabovalar rahbarligi ostida farroshlar, yuklovchilar tomonidan ko’chalar va hovlilarda namunali tozalik va tartib, pokizalikni ta’minlash yo’lida amalga oshirib kelinayotgan mashaqqatli yumushlarni alohida ta’kidlab o’tish zarur bo’ladi. Aynan mana shu zahmatkash ishchilar mehnati evaziga shahrimiz ko’chalaridan kuniga 30 tonnadan ziyod maishiy chiqindilar chiqarib olib ketilishiga muvaffaq bo’linmoqda.

UJTFBning 1-sonli yotoqxonasida kombinatning 200 nafardan ziyod ishchi-xodimlari o’z oilalari bilan istiqomat qilib kelayotgan bo’lishsa, 2-sonli yotoqxonada esa 500 nafardan ortiq ishchi-xodimlar yashab, kombinatning tarkibiy bo’linmalarida faoliyat yuritishmoqda. Ularga ushbu yotoqxona ishchi-xodimlari hisoblangan Raxmatilla Kaynazarov, Zarifa Xolqulova, Gulchehra Boboqulova, Irina Xaydarshina kabi jonkuyar fidoyilar xizmat ko’rsatib kelishayapti. 

Uy-joylarni ta’mirlash va ulardan foydalanish boshqarmasi kommunalchilarining qat’iy asoslarga qurilgan faoliyati va hamjihat jamoalarimizning tasarrufdagi uy-joylarda yuksak kommunal-maishiy sharoitlarni ta’minlash borasida olib borayotgan ishlari xususida ko’p va xo’p fikrlarni aytish mumkin. Eng asosiysi, aholi farovonligini ta’minlash, ularning o’z hayotidan mamnun bo’lib yashashlarini kafolatlashdek ezgu maqsadni o’z ichiga olgan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga kombinat kommunal xizmat sohasi xodimlari amaliy ishlar bilan hissa qo’shib kelayotgani e’tirofga molikdir. Fursatdan foydalanib, aholining eng dolzarb ijtimoiy muammolari yechimiga kamarbasta bo’layotgan jamoamiz ishchi-xodimlarini kasb bayramlari bilan muborakbod etib, mashaqqatli, mas’uliyatli va olijanob xayrli ishlarida omad va zafarlar tilab qolamiz.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech