http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

O’lmas jasorat uchun yuksak ehtirom

on .

Xalqimizning qadr-qimmati, or-nomusini himoya qilish, bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi kurashlarda bukilmas iroda va jasorat namunasini namoyon etib, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etish, ularning ezgu ishlarini davom ettirish biz uchun azaliy qadriyatdir. Inson, millat va xalq tarixiy xotira tuyg’usi bilan barhayotdir.

Xotira - kechagi o’tmishni, ajdodlar o’gitini, milliy merosimizni anglatib turuvchi mayoqdir. Qadr - insonni yuksaklikka ko’taradi, uning faoliyatiga, orzu-intilishlariga, maqsad-maslaklariga olijanoblik bag’ishlaydi.

Mamlakatimizning barcha viloyat, tuman va shaharlaridagi kabi Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan shahrimizda, xususan, “Olmaliq KMK” AJda bayram tantanasi keng nishonlandi. Ayyomda shahrimiz hamda kombinat korxona, tashkilot, muassasalari rahbarlari va ishchi-xodimlari, mahalla faollari va yoshlar faxriylar jasorati oldida ta’zim-ehtirom namunasini ko’rsatgan holda “Ona va bola” monumenti maydoniga to’plandilar.

Bobolarimizning mangu jasorati hurmatiga “Ona va bola” monumenti poyi gulu gulchambarlar bilan bezandi. Bayram tadbirlari kombinat rahbariyati va OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi hamkorligida Ikkinchi jahon urushi faxriylari va ishtirokchilari, Afg’on urushi va Chernobil falokatini bartaraf etishda qatnashganlar sharafiga “Zafar” to’yxonasida yozilgan bayram dasturxoni atrofida davom ettirildi. Nuroniy insonlarga OKMKning bayram sovg’alari tantanali ravishda topshirilib, dil izhorlari bildirildi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Boshqaruv raisi A.Xursanov nuroniy va faxriylarni Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan G’alabaning 74 yilligi bilan samimiy qutlar ekan, ularning boqiy matonati, jasorati har qanday tahsinga loyiqligi, bugungi va kelajak avlod ularning fidoyiliklari oldida qarzdorligi va doim ta’zimdaligini ta’kidlab, barchaga sihat-salomatlik, uzoq umr, farovonlik tiladi. Shundan so’ng A.Xursanov kuni-kecha o’zining 100-bahorini kutib olgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Abdurahim ota Mavlonovni tabriklab, unga kombinat nomidan televizor tuhfa etdi.

Qutlug’ sana munosabati bilan “Metallurg” madaniyat saroyi ijodiy jamoalari tomonidan sahnalashtirilgan sermazmun kontsert dasturi olqishlar bilan kutib olindi. Shu kuni 60 nafar faxriylar uchun Toshkent shahridagi “Sirk” tomoshalariga tashrif tashkillashtirildi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech