http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Yangi lahm o’tish usullari o’zlashtirilmoqda

on .

2012 yil “Olmaliq KMK” AJ tarkibida o’z faoliyatini boshlagan Shaxta qurilish boshqarmasi o’tgan davr mobaynida texnologik ishlab chiqarish zanjirida o’z o’rniga ega bo’ldi. Kombinat tarkibidagi Angren, Chodak, Xonjiza kon boshqarmalari hamda Kovuldi koniga xizmat ko’rsatuvchi ShQB jamoasi konchilarning yaqin ko’makchisi bo’lishga ham ulgurdi.

Asosiy vazifasi yangi ochilayotgan konlarda texnik inshootlarni qurish va yangi yer osti lahmlarini boshlang’ich bosqichi o’tish ishlarini olib borishdan iborat bo’lgan ushbu mehnat jamoasi zimmalaridagi vazifalarni yorug’ yuz bilan ado etishmoqda. So’zimiz isbotini raqamlarda ham ko’radigan bo’lsak, ShQB quruvchilari tomonidan o’tgan to’rt oy davomida jami bo’lib 459 metr, ya’ni 4898 m3 lahm o’tish va yer osti mustahkamlagichlarini o’rnatish ishlari bajarilgan bo’lib, reja 105%ga uddalangan. 135 m3 beton ishlari amalga oshirilgan.

Boshqarma ishlab chiqarish texnik bo’limi boshlig’i v.b. Abror Tojiyevning aytishicha, ishlab chiqarishning asosiy ko’rsatkichlari kon lahmini tejamkorlik bilan sifatli o’tishga bog’liq. Buning uchun birinchi navbatda kon lahmi o’tishda foydalaniladigan yoqilg’i va energetika mahsulotlari, me’yoriy xom ashyo va tovar moddiy manbalarini kon lahmi o’tish loyihasidan oshirmagan holda iqtisodiy samaradorlikni oshirib borish talab etiladi. Shaxta qurilish boshqarmasi kon lahmlarini o’tishda asosiy texnikasi yuklab-eltish mashinasi hisoblanadi. Boshqarma tashkil topganidan so’ng, o’tgan qisqa vaqt mobaynida ishchi-konchilar tomonidan lahm o’tish ishlarini bajarishning samarali usullari o’zlashtirib kelinmoqda. Ko’tarma lahm o’tish ishlari, qiya lahm o’tish, kesib lahm o’tish kabi usullar bugun ijobiy natijalar omili bo’layapti. Rossiya Federatsiyasining Boshqirdiston shaxtaqurilish kompaniyasi vakillari bilan hamkorlikda yana bir lahm o’tishning omilkorona usuli amaliyotga tatbiq etilmoqda. Ya’ni, tik stvol o’tish usuli bir qancha afzalliklarga ega. Ushbu usul kam mehnat sarflanishi bilan ahamiyatlidir. Kelgusida boshqarma to’laligicha lahm o’tishning ushbu usuliga o’tishi rejalashtirilgan. Ish mahsuldorligini oshirib borishda tog’-kon uskunalari muhim ahamiyat kasb etishi sir emas. Mehnat jamoasi 2019 yil uchun bir qator reja va vazifalarni belgilab olgan. Jumladan, joriy yilda “Samarchuq” uchastkasida 1500 metr, 9932 m3 lahm o’tish ishlarini bajarish hamda “Mejdureche” koni bo’yicha ham 400 metr, 4451 m3 lahm o’tilishi belgilangan. Bu yil Samarchuq konini to’liq foydalanishga tayyorlash ishlari olib boriladi.

Yer sathidan 60 metr chuqurlikda, 8 burchak darajali qiyalikda ish olib borayotgan lahm o’tuvchi eng avvalo shamollatish tizimini ishlayotganiga e’tibor qaratishi lozim. So’ngra, osilib turgan tog’ jinslarini zudlik bilan bartaraf etishi darkor.

Shaxta qurilish boshqarmasi jamoasida geologlar jamoaning ko’zi sanaladi. Bunday deyishimizga asos bor, albatta. Sababi, har bir lahm o’tilishi kerak bo’lgan joylar dastlab geologlar tomonidan o’rganiladi.

- Hozirda lahm o’tuvchilar “Samarchuq” uchastkasining 985-gorizontiga tushishgan. 1045-gorizontga tushilib, ushbu gorizont fodalanishga tayyorlanmoqda, - deydi boshqarma bosh geologi Ravshan Ergashev. - 1045-gorizontdan qiya kon lahmi o’tish usulida tik stvol lahmiga borib qo’shiladi. Endilikda ushbu o’tilgan joylarda zahira yo’laklari hamda shamollatish tizimlari uchun sharoitlar yaratilib, foydalanishga tayyorlanadi. Uchastka geologlari Bahriddin Ro’zimurodov va Shukrullo Jo’rayevlar bilan har bir uchastkaning geologik holatlariga alohida e’tibor qaratiladi. Har xil tog’ jinslari bo’lishi mumkin. Ruda ortining qanday yotishi ham nazarimizdan chetda qolmaydi. Har bir uchastka o’rganilganidan so’ng, ularning geologik hujjati ham tayyorlanadi.

“Mejdureche” koni bo’yicha aytadigan bo’lsam, qiya kon lahmi o’tish usuli bilan 1010-gorizontga yetib keldik. Bu yerda kesishma(rassechka) kon lahmi o’tish usuli bilan tayyorlanadi.  985-gorizontga tushib, 400 metrdan keyin “Qizil olma” koni bilan tutashadi. Natijada shamollatish tizimi yaxshilanib, zaxira yo’lagi ham hosil bo’ladi.

Joriy yil yanvar oyida “Samarchuq” uchastkasida tibbiy punkt o’z faoliyatini boshladi. Bu yerda ish uch smenada tashkil etilgan bo’lib, har bir ishchi ish boshlashidan avval tibbiy ko’rikdan o’tkaziladi. Bu ham xavfli ob’ektda mehnat qilayotgan ishchilarning ijtimoiy himoyasiga qaratilgan muhim chora-tadbirlardan biri, desak mubolag’a bo’lmaydi. Boshqarmaning mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo’yicha muhandisi Sherzod Usmonovning ma’lum qilishicha, jamoada MM va XT qoidalariga qat’iy amal qilib kelinmoqda. Xavfli ob’ektda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar o’rtasida baxtsiz hodisalarni oldini olish maqsadida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan bo’lib, unga ko’ra, muhandis-texnik xodimlar va ishchilar o’rtasida muntazam o’qishlar tashkil etib kelinmoqda. Yuklab-eltib beruvchi texnikalar mashinistlari uchun bosh mexanik Rustam Qosimov tomonidan bir kurs o’quv mashg’ulotlari o’tkazildi.

Jamoa yutuqlarida kon ustasi Farrux Boyev, portlatuvchi Dovudxon To’rayev, lahm o’tuvchi Saidjamil Gazixonov, mustahkamlovchi Rustam Rizayev, YuEM(PDM) mashinisti Abdusattor Ergashev, elektr-chilangar Aziz Rafiqovlarning munosib hissasi bor.

Bir so’z bilan aytganda, konchilarning yaqin ko’makchilariga aylangan Shaxta qurilish boshqarmasi jamoasi istiqbolli konlarni foydalanishga tayyorlashdan to’xtamaydi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech